Odamlar bo’tqa yeyishni qachon boshlagan?
Bo’tqa ziroatkorlik keng tarqalgan maskanlarda yashagan xalqlarda paydo bo’lgan eng qadimiy taom sanaladi. Qadimshunoslik tadqiqotlarining dalolat berishicha, odamzotga ma’lum bo’lgan deyarli barcha boshoqli o’simliklarning donlari bo’tqa-atala tayyorlash uchun xomashyo bo’lib xizmat qilgan. Biroq ulardan aksariyatining — guruch, marjumak, arpa, bug’doyning donlari odamzot qiyin hazm qiladigan yog’och bo’lib qoladigan to’ponga ega. Mana shuning uchun ham inson tegirmon toshi ixtiro qilinganidan keyin undan nafaqat bug’doyni yanchishda, qolaversa donning qattiq po’stlog’idan ajratilgan yorma tayyorlashda ham foydalana boshladi. Qizig’i shundaki, avvaliga yormani qaynatmasdan, balki ancha vaqt suvda ivitib qo’yishardi. Donlar bo’kib ketar, ularning mag’zi yumshar va taom tayyorlashga yaroqli holga kelar edi. Olovdan foydalanish bor-yo’g’i mazkur jarayonni osonlashtirdi va jadallashtirdi, xolos. Asosiy boshoqli ekinlari javdar va arpadan iborat bo’lgan Rossiyada yorma tayyorlash uchun o’g’irdan foydalanishgan. Og’ir kelisopining zarbalari donning qimmatli mag’zini ochgancha qobiqni durust ketkizar edi. Maxsus mashinalar yordamida arpadan nainki arpa yormasi, qolaversa qobiqdan butunlay tozalangan don — perlovka tayyorlay boshladilar. Marvarid yormali oppoq chiroyli don hosil bo’ldi. Bu yormaning nomi esa lotincha “perlum” — marvarid so’zidan kelib chiqadi. Marjumak ham insonga qadim zamonlardan buyon ma’lum. Uning doni turli to’yimli moddalarga boy, marjumak yormasi — yadrisa tayyorlash uchun asos bo’lib xizmat qiladi. Marjumakning to’liq tozalangan donini esa — oqlangan yorma deb ataladi u — issiq holida, qolaversa sovuq sutda ivitib tanavvul qilsa ham bo’ladi. Bu bo’tqalar qadim-qadim zamonlardan beri ma’lum. Qadimshunoslar marjumak va arpa donini eng qadimiy madaniy qatlamlardan ham topishadi.