AFROSIYOB
Turistlar tushgan mashina Samarqand shahrining ichkarisi tomon yurib, qadimiy Siyob arig’idan o’tganida, juda katta maydonda yastanib yotgan oqish tepaliklar namoyon bo’ladi. — Bu yerda ko’hna Afrosiyob shahri bo’lgan, — deb hikoya boshlaydi ekskursovod. — Hozir siz ko’rib turgan bu tepaliklar ostida inson qo’li bilan yaratilgan noyob yodgorliklar yashirinib yotibdi. Hammani avvalo joyning nomi qiziqtiradi. Afrosiyob. Abulqosim Firdavsiyning mashhur «Shohnoma» asarida qadimgi Eron shohlarining O’rta Osiyoga qilgan bosqinchilik yurishlariga qarshi kurashgan turonlik podsho va sarkarda nomi shunday deb yuritilgan. Afsonalarda hikoya qilinishicha, Afrosiyob ko’pgina shaharlarga asos solgan. Shu sababdan Samarqand va Toshkent shaharlarining bizning davrimizgacha tepa shaklida saqlanib qolgan qadimgi xarobalari Afrosiyob nomi bilan yuritiladi, degan tushuncha keng tarqalgan. Lekin bugungi kunda bir guruh olimlar Samarqanddagi ko’hna tepalik nomini bu qahramonga aloqasi yo’q deb chiqmoqdalar. Ular fikricha, Afrosiyob aslida so’g’diycha nom bo’lib, Siyob, ya’ni Qorasuv bo’ylari ma’nosini anglatgan. Mashhur Siyob anhorlaridan biri Samarqand shahrining shimolidan oqib o’tadi. Qadimda u o’z suvini Zarafshon daryosiga quygan. Siyobga kelib tutashgan bir necha soylar uning quyi qismida tik sohillarini yemirib, chuqur jarliklar hosil qilgan. Bu yerlar nihoyatda bahavo hamda mudofaa uchun juda qulay bo’lgan. Bundan 2750 yil muqaddam Siyob anhorining xuddi shu qismida qadimgi Samarqand qad ko’targan. Respublikamiz hududidagi eng qadimgi bu shaharning jo’shqin hayoti va tarixiy voqealarga boy o’tmishi mana shu Siyob bo’ylarida sodir bo’lgan. 13-asr boshida Samarqand Chingizxon qo’shinlari tomonidan bosib olinib vayron etildi. Uning tepaga aylangan xarobalari esa 17-asrdan boshlab Afrosiyob (yuqorida aytganimizdek «Siyob bo’yi») nomi bilan yuritila boshladi. So’g’d davlatining poytaxti bo’lgan Afrosiyob qadimgi Samarqand xarobalarini o’z bag’rida saqlab kelmoqda. U bu ko’hna shaharning boy tarixini o’zida mujassam etgan ulkan arxeologik yodgorlik hisoblanadi. Afrosiyobda olimlarimiz juda katta ilmiy tadqiqot ishlari olib bormoqdalar. Shaharning turli davrlarida bunyod qilingan imorat va inshootlarning qoldiqlari qazib ochildi, uning o’tmish tarixi asta-sekin tiklanmoqda. Qazishlar natijasida ma’lum bo’ldiki, Afrosiyobning shimolida Siyobning tik sohillari, sharq va g’arbida esa jarliklar yoqalab olti kilometrga cho’zilgan do’nglik — qadimgi shahar devorining qoldiqlari joylashgan. U bir necha yeridan qazildi. Yirik xom g’ishtlardan urib chiqilgan bu baland devorning qalinligi 6 metr. Ichki qismi ravoqsimon uzun yo’lak tarzida bino qilingan. Devor tashqarisi bo’ylab shaxmat kataklariga o’xshatib nishon tuynuklari, u yer-bu yerida to’rt burchakli mula (tayanch va mudofaa inshoot)lar ishlangan. Bular miloddan avval 329— 327-yillarda makedoniyalik Iskandar (Aleksandr Makedonskiy) qo’shinlari, 712- yilda Arab xalifaligi, 1220-yilda esa Chingizxon boshliq mo’g’ul istilochilarining yo’lida mustahkam g’ov bo’lib bir qancha vaqt bosqinchilarni shaharga kiritmay, Samarqand ostonalarida tutib turgan qadimgi mudofaa inshootining qoldiqlari edi. Qadimda Afrosiyobning uchta darvozasi bo’lgan. Shimoliy darvozasi Buxoro, janubiy darvozasi Kesh va g’arbiy darvozasi Navbahor nomlari bilan yuritilgan. Afrosiyobning maydoni 219 gektar bo’lgan. Shaharni suv bilan ta’minlash og’ir bo’lganligidan janub tarafdan suv keltirilgan. Suvni keltirish uchun pishiq g’isht va suvga chidamli ganchdan ravoqsimon ulkan to’g’on qurilib, uning ustidan shaharga katta ariq o’tkazilgan. Bu ajoyib suv inshootining ichki qismi qo’rg’oshin bilan qoplanganligi sababli u «Jo’yi arzis», ya’ni «Qo’rg’oshin ariq» nomi bilan mashhur bo’lgan. Afrosiyobning shimolida mo’g’ullarga qarshi kurashgan mudofaachilarning so’nggi qarorgohi — ark va jome masjid xarobalari joylashgan. Arxeologik qazishlar ular kuchli yong’indan vayron bo’lganligini ko’rsatdi, devorlarida sanchilgan kamon o’qining izlari, alanga ostida qolib ketgan navkarlarning jiba (harbiy kiyim) lari, yonib ko’mirga aylangan ustun va to’sin bo’laklari, chaqa tangalar hamda boshqa ashyolar topilgan. Keyingi yillarda Afrosiyobda ilk o’rta asrlarga mansub kulolchilik korxonalari, hunarmandlaming uy-joylari, tosh terilgan ko’chalar, gumbazli ganchkori saroy xarobalari qazib ochildi. Topilgan yodgorliklar orasida 7-asrga mansub tasviriy san’at asarlari ayniqsa noyobdir. 1965-yilda esa, Samarqand ixshidi (hokimi)ning saroyi kavlab ochildi. Saroyning 11 metrli kvadrat shakldagi xonasining devorlari rasmlar bilan bezatilgan edi. Ularda to’y marosimi tasvirlangan. Oq fil ustidagi taxtiravonda malika va uning orqasida uch chavandoz ayol, ikki tuyakash, so’ngra bezatilgan ot yetaklagan kishi hamda bir nechta oqqush haydab kelayotgan o’spirinlar tasvirlangan. Ularning yuz, qo’l va ko’proq kiyimlarida so’g’dcha yozuvlar bor. Devorning bir tarafida kemada sayr qilayotgan Xitoy elchilari, ikkinchi tomonida yirtqich hayvonlar bilan olishuv manzaralari tasvirlangan. Arxeologlarning mashaqqatli mehnati tufayli Afrosiyob hududidan tobora ko’proq arxeologik materiallar topilmoqda. Bugungi kunda Afrosiyobga borgan har bir kishi bu qadimiy shaharning ko’chalarida sayr etib, qasrlaridan topilgan ajoyib bezaklarni, o’ymakor, ganchkor naqshlar-u devoriy rasmlarni maroq bilan tomosha qilishi, Samarqandning qadimiy qiyofasini hamda uning moddiy va madaniy hayotini ko’z oldiga keltira olishi mumkin. Olamga dong’i ketgan bu ajoyib ulkan obida Birlashgan Millatlar Tashkilotining maorif, fan va madaniyat masalalari bilan shug’ullanuvchi xalqaro tashkiloti — UNESKO muhofazasiga olingan.