VAZIRLIK

VAZIRLIK — muayyan davlatlarda alohida bir sohaga rahbarlik qiladigan ijrochi organ. Vazirlik rahbari, odatda, hukumat tarkibiga kiruvchi davlat arbobi hisoblanadi. Vazirliklar qonun chiqaruvchi oliy organlar (masalan, AQShda) yoki davlat rahbari (masalan, Frantsiyada) tomonidan, qonunlar yoxud hukumat aktlari asosida (masalan, Buyuk Britaniyada) tashkil qilinadi. O’zbekiston Respublikasida Vazirlik davlatning Markaziy boshqaruv organi, davlat Mahkamasining muhim qismi. Asosiy vazifasi — iqtisodiyot muayyan tarmog’iga, ijtimoiy-madaniy qurilish va ma’muriy-siyosiy faoliyatga rahbarlik qilishdan, o’ziga topshirilgan tarmoqning har jihatdan rivojlanishini ta’minlashdan iborat. Vazirliklar O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi rahbarligida ish olib boradi va tarmoqqa oid barcha masalalarni o’z huquqi doirasida hal etadi. Vazirlikni hukumat tarkibiga kiradigan vazir boshqaradi.O’zbekistan Respublikasi Prezidenti Vazirlar Mahkamasi a’zolarini tayinlaydi va lavozimidan ozod qiladi, keyinchalik bu masalalarni Oliy Majlisning tasdig’iga kiritadi (“O’zbekistan Respublikasining Konstitutsiyasi”, 93-modda).