ABU ZAYD
ABU ZAYD ibn Sahl Balxiy (850, Balx viloyati Shomiyotiyon qishlog’i — 934) — geograf, falakiyotshunos, tilshunos va tabib. O’rta asr geografiya maktabining mumtoz vakili. Abu Zayd qisqa muddat Buxoroda yashagan. U Arab faylasufi Kindiyning shogirdi. Abu Zayd “Kitob Fi fazli sinoat il-kitobat” (“kotiblik san’atining fazilati haqida kitob”), “Kitob Fi fazilati ilm il-Axbor” (“Tarix ilminio’g fazilati haqida kitob”), “Kitob ul-Asmo il-kunya val-alqob” (“Laqablar, kunyalar va ismlar haqida kitob”), “Kitob un-nahv vat-tasrif” (“Grammatika haqida kitob”), “Kitob Fi fazilati ulum ir-riyoziyot” (“Matematika ilmlarining fazilati haqida kitob”) kabi 60 ga yaqin asarlar muallifidir. Yer yuzining geografiyasiga oid “Suvar ulaqolim” (“Iqlimlar suratlari”) asari 920-yillarda yozilgan bo’lib, asli saqlanib qolmagan, ammo uni o’z davrida ko’rgan va o’qigan sayyohlarning ko’rsatishicha, Abu Zayd o’z kitobida xaritalar va yerning tasvirini bermoqni maqsad qilgan, dunyoni qush shakliga o’xshatib, doiraviy xaritasini chizgan. Bu asarni Istaxriy yangi ma’lumotlar (Fors viloyati, Xuziston, shimoliy Hindiston geografiyasi) bilan boyitgan. Keyinchalik iromik Ibn Havqal ham bu kitobga ba’zi o’zgarishlar va qo’shimchalar qilgan, oqibatda “Kitob ulmasolik val-mamolik” mashhur geografik asar yuzaga kelgan. Kitob ichiga turli xaritalar ilova qilingan, bu xaritalar majmui fan tarixida “Islom atlasi” nomi bilan mashhur.
ABU ZAYD Ubaydullo ibn Umar ibn Iso ad-Dabusiy (? — 1039) — buxorolik fiqh olimi. Fiqhda keng tarqalgan “Ilm ul-xilof” (“Ixtiloflar haqidagi ilm”) ta’limotiga asos solgan. Asli Dabusiya shahridan. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti qo’lyozmalar fondida Abu Zaydning 1094 yil ko’chirilgan “Taqvim ul-adilla fil-usul” (“Qonunshunoslik asoslari bo’yicha dalillar bayoni”) va 1278 yil ko’chirilgan axloqqa doir “Alamad ul-Aqso” (“Oxirgi chegara”) asarlari nusxasi saqlanmoqda.