AGRA

AGRA — Hindistonning shimolidagi shahar, Uttar-Pradesh shtatida, Jamna (Yamuna) daryosining o’ng sohilida. Aholisi 899 ming kishi (1991). Yirik temir yo’l tuguni. Agra — Bombay avtomagistralining oxirgi manzili. Agra 16 — 19-asrlarda Boburiylar qarorgohi (poytaxti) bo’lgan, ayniqsa Akbar va Shoh Jahon davrida ravnaq topgan (16 — 17-asrlar). Agrada 16 — 17-asrlarga doir musulmon me’morchiligining ajoyib yodgorliklari saqlanib qolgan. “Agra-Fort” (16-asr) qasri va uning ichida “Marvarid masjid” (17-asr), bir qancha saroylar bor. Agra yaqinida Shoh Jahon va uning xotini (mumtoz mahal) maqbarasi — Tojmahal joylashgan (17-asr o’rtalarida qurilgan). Tojmahal Sharq me’morchiligining ajoyib namunasidir. Jome masjid (1628), E’timod ud-Davla maqbarasi (1628) kabilar jahon me’morchiligi durdonalaridan hisoblanadi. Bularni qurishda hind ustalari bilan birga Buxoro va Samarqand ustalari ham qatnashgan. 19 — 20-asrlarda Agra qayta tiklandi. Shahar tashqarisidagi bog’da alohida ansamblni tashkil etgan universitet binosi (1927) O’rta Osiyo me’morchiligi uslubida qurilgan. Agra binolari marmarga ishlangan o’yma va qadama naqshlari, fil suyagidan ishlangan buyumlari bilan mashhur. Agra sanoati asosan ko’n poyabzal, oziq-ovqat, qog’oz, oynashisha korxonalari, Hindistonning shimolidagi eng yirik “Jons-Mils” yigiruv kombinati, elektr-texnika va boshqa korxonalardan iborat. Qo’lda gazlama to’qish va badiiy buyumlar yasash hunarmandchiligi taraqqiy etgan. Agrada universitet (1927) va Mahatma Gandi asarlarining maxsus kutubxonasi bor.