AGRAR TANGLIK
AGRAR TANGLIK — qishloq xo’jaligida yuz beradigan iqtisodiy inqiroz. Uning mahsulotlarni ko’p ishlab chiqarish tufayli yoki mahsulotlarni kam ishlab chiqarish oqibatida yuz beradigan ko’rinishlari bor. Birinchi turdagi Agrar tanglik sababi bozor iqtisodiyotidagi noaniqlikning bulishidir, buning natijasida talab va taklif muvozanati buziladi. Talab ortib borganda narx ko’tarilib xo’jaliklar foydani ko’p ko’radilar, ular ishlab chiqarishni kengaytiradilar, mahsulotlar haddan ortiq ko’payib ketib, ularning taklifi talabdan oshib boradi. Mahsulotlarning bir qismi sotilmay qoladi yoki o’ta past narxda sotiladi. Bozorning kasodligi dehqonlarni og’ir ahvolga solib qo’yadi, ular ishlab chiqarishni qisqartirishga majbur bo’ladilar, o’z sarf-xarajatlarini qoplay olmay xonavayron bo’ladilar. Shunday tangliklar 20-asr mobaynida bir necha bor yuz bergan. Uning eng dahshatlisi 1929 — 32 yillardagi tanglikdir. Bu Agrar tanglik butun dunyodagi mamlakatlarni, qishloq xo’jaligining barcha tarmoqlarini chulg’ab oldi. Agrar tanglikning ikkinchi turi agrar munosabatlar eskirib qolganda, ular ishlab chiqarishni rag’batlantirmay qo’yganda yuz beradi. Dehqonlar mahsulotni ko’paytirishdan manfaatdor bo’lmay qoladi, chunki ularning daromadi qisqarib ketadi. Bozor narxlarining o’zgarishi dehqonlar zarariga bo’ladi, ya’ni dehqonchilik mahsuloti narxiga nisbatan sanoat mahsuloti narxi tez o’sadi. Natijada dehqonlar sanoat mahsulotini olish uchun o’z mahsulotini tobora ko’proq sotishga majbur bo’ladilar. Bunday Agrar tanglikdan chiqish uchun qishloq xo’jaligi isloh etiladi: yerga mulkchilik o’zgartiriladi, yer dehqonlar mulkiga aylantiriladi, ijarachilikka keng yo’l beriladi, serkapital inshootlar (irrigatsiya), yo’llar va energetika sohalari davlat hisobidan rivojlantiriladi va hokazo. Rivojlangan mamlakatlarda Agrar tanglikni bartaraf etish uchun qishloq xo’jaligi bo’yicha maxsus qonunlar qabul qilingan bo’lib, davlat qishloq xo’jaligi mahsulotlarini sotish mumkin bo’lgan narxlarning eng quyi chegarasini belgilab qo’yadi (“Fermerlarni qo’llab-quvvatlash narxi”), ortiqcha qishloq xo’jaligi mahsulotini xarid etib, uning zaxiralarini tashkil etadi, ortiqcha mahsulotni bozorga chiqarmay turgan yoki ekin maydonini bozorga qarab qisqartirgan fermerlarga subsidiya beradi va boshqalar. Qishloqdagi mulkiy munosabatlar va xo’jalik yuritish usullarini o’zgartirish ishlab chiqarishni rivojlantirib, Agrar tanglikdan chiqish imkonini beradi.