AGROIQLIMSHUNOSLIK
AGROIQLIMSHUNOSLIK – qishloq xo’jaligi meteorologiyasining iqlim sharoitlarini qishloq xo’jaligi ob’yektlari va jarayonlari bilan bog’lanishda o’rganadigan sohasi. Tuproq unumdorligi, quruqlikdagi suv resurslari va o’simlik dunyosi ko’p jihatdan iqlimga bog’liq. Agroiqlimshunoslikning asosiy vazifalari: iqlimni qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishi omili sifatida o’rganish, iqlimni qishloq xo’jaligi nuqtai nazaridan baholash, hududni agroiqlimiy rayonlashtirish, qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishini oqilona joylashtirish maqsadlarida turli iqlim sharoitlarida agrotexnika tadbirlari o’tkazishni asoslash va boshqalar. Iqlimning o’simlik va hayvonot uchun zarur bo’lgan yorug’lik, issiqlik va namlik kabi birinchi darajali omillari — shamol, bulut, tuproq va atmosfera qurg’oqchiligi, to’zonlar kabi ikkinchi darajali omillar bilan birgalikda o’rganiladi. Asosiy iqlim omillarini ekinlarning o’sishi, rivoji, hosildorligiga ta’sirini o’rganish amaliy ahamiyatga ega. O’simlik va iqlim omillari o’rtasidagi miqdoriy bog’lanishlar agroiqlimiy ko’rsatkichlar (o’simlikning vegetatsiya davrida issiqlikka bo’lgan ehtiyojini ifodalovchi samarador harorat yig’indisi, mo’ljallangan hosilni yetishtirish uchun zarur nam miqdori va boshqalar) deb ataladi. Sug’oriladigan zonalar uchun qishloq xo’jaligi o’simliklarining issiqlik, yog’ingarchilik, tuproq nam zaxirasi bilan ta’minlanganligi, ayrim hududlarning fizik-geografik xususiyatlarini e’tiborga olib sovuqsiz davr davomiyligi, qorasovuqlarning takrorlanishi va shu kabilarni hisoblash usullari ishlab chiqilgan. Agroiqlimshunoslik tadqiqotlari ekinlarning nav xususiyatlarini hisobga olgan holda iqlim jihatlaridan oqilona joylashtirishga imkon beradi. O’zbekistonda agroiqlimiy tadqiqotlar V. A. Bugaev nomidagi O’rta Osiyo Gidrometeorologiya ilmiy tadqiqot institutida olib boriladi. Agroiqlimshunoslik sohasidagi tadqiqotlar asosida Jahon agroiqlimiy atlasi (1972) nashr etilgan, O’zbekistonning agroiqlimiy rayonlashtirish xaritasi tuzilgan (1982). Ad.: Babushkin L. N., Agroklimaticheskoe rayonirovanie xlopkovoy zoni Sredney Azii, L., 1960; Chirkov Yu. I., Osnovi agrometeorologii, L., 1988. Fotih Mo’minov.