Rossiya va Angliyaning O’rta Osiyo uchun olib borgan o’zaro kurashi

XIX asr ikkinchi yarmi boshlarida Turkiston xonliklarini bo’ysundirish maqsadida Rossiya olib borayotgan siyosat Buyuk Britaniyaning shu borada uzoqni ko’zlagan rejalariga jiddiy xavf solar edi. Shuning uchun Angliya turli yo’llar bilan O’rta Osiyodagi davlatlarni Rossiyaga qarshi otlantirish payiga tushadi.

1831-1833 yillarda Ost-Indiiya kompaniyasi leytenanti Aleksandr Berns Hindistondan Afg’onistonga, undan Buxoroga sayyoh sifatida keladi. Bu “sayohat” natijasida yig’ilgan dalillar va shaxsiy kuzatuvlar “Buxoroga sayohat” deb nomlangan uch jildlik kitobga asos bo’ldi. Bu o’rinda A.Bernsning o’zbek xalqi xususida bildirgan fikrlari diqqatga sazovordir: “O’zbeklar muomalada kamtar va samimiy. Ular mening kim ekanimni bilmaganliklaridan, barcha narsalar xususida, hukmdorlari va siyosatdan tortib, bozordagi ahvol haqida ham tortinmay so’zlashdilar”.

Angliya o’z diplomatlari, sayyohlari hamda ayg’oqchilari vositasida Buxoro, Xiva va Qo’qon xonliklarini Rossiyaga qarshi ittifoqqa uyushtirishga harakat qildi. Ular shu maqsadda fors va turk tillarini yaxshi bilgan Konolli, Berns, Archi Todd, Abbot va Shekspir kabi zobitlarni o’zbek xonliklariga yubordilar. Ayrim manbalarda keltirilgan ma’lumotlarga ko’r, Konolli Xiva xoni bilan uchrashib, unga “O’zbek davlatlarining chet mamlakatlar tomonidan ishg’ol etilishidan asrovchi yagona yo’l bor. U ham bo’lsa, bir-birlaringiz bilan yaxshi munosabatda bo’lib, o’zaro yordamlashishdir”, degan. XIva xoni Olloqulixon esa ruslarning bahorda yana hujum qilmoqchi ekanliklaridan xabar topgach, Istanbulga va inglizar huzuriga o’z elchilarini jo’natib, yordam so’radi. Turkiya davlatidan biror xabar ololmagan Xiva xoni huzuriga ingliz zobitlari Abbot va Shekspir yetib kelishdi. Ular Xiva xoniga poytaxtdagi rus asirlarini ozod qilish va bu bilan bo’lajak to’qnashuvga bahona qoldirmaslik lozimligini uqtirdilar. Haqiqatdan, asirlarning ozod etilishi bilan yangi urush ochishga ortiq bahona qolmagach, Perovskiykiy yurishni kechiktirishga majbur bo’ldi. Xavfning bartaraf bo’lganini ko’rgan Olloqulixon Qutbiddinxo’ja ismli elchisini Istanbulga jo’natib, turklarni vaziyatdan ogoh ildi. Olloqulixon tinchlikni ta’minlashda bergan yordamlari uchun ingliz hukumaatiga ham elchilar yo’llab, o’z minnatdorchiligini bildirgan edi.

Angliya hukumati bu vaqtda polkovnik Stoddartni Buxoroga yuborgan edi. Stoddatning Buxoroga kelayotganini eshitgan Nasrulloxon unga shaharga kirishda otdan tushib, yayov yurishini va qurolini topshirish zarurligini buyuradi. Ammo, Stoddart Osiyo tartib qoidalarini unutib, Buxoro hukmdorining buyrug’ini mensimaydi. Nasrulloxon esa alamini ichiga yutib, Stoddartni qabul qilishga majbur bo’ladi. Amir uning asl maqsadi ayg’oqchilik emas, do’stona munosabat o’rnatish ekanligiga ishonmay, undan tegishli hujjat so’raydi. Polkovnik Stoddartda bunday hujjat yo’q bo’lgani uchun amir uni hibsga oladi. O’z elchilarining Buxoroda tutib qolinishi Angliya hukumatini ularni ozod etishga urinishga majbur etadi. Ingliz hukumati oldin Xiva xoni vositasida, keyin Turkiya hukumati orqali Buxoro amiriga ta’sir etishga urinadi. Ammo Buxoro amiri tomonidan talab qilingan hujjat kelavermagach, Stoddart zindonga tashlanadi. Bu xabarni eshitgan kapitan Konolli Buxoroga jo’naydi. Ammo uni ham kerakli hujjati yo’qligi uchun hibsga oladi. Ikki ingliz zobiti Buxoro zindonida uchrashadilar. 1842 yilda ular josus sifatida qatl etiladilar.

Angliya Stoddart va Konolli nomi bilan tashkil etilgan maxsus qo’mita ikki zobit taqdirini aniqlash uchun o’z odamlarini Buxoro, Xiva va Qo’qonga yubordi. Ana shu qo’mita nomidan 1844 yil 3 noyabrda olim, tadqiqotchi hamda sayohatchi sifatida tanilgan, pixini yorgan josus Iosif Volf Istanbulga keldi. Angliyaning bu yetdagi elchisi S.Kening unga Buxoro safari uchun zarur hujjatlarni tayyorlab berdi. Turkiya sultonining Buxoro amiri, Xiva va Qo’qon xonlariga yozilgan maktublari Volfning turk sultoni homiyligida ekanligini tasdiqlovchi hujjatlar vazifasini o’tashi lozim edi. Ana shu hujjat o’sha vaqtda Turkiya Rossiya istilosiga qarshi Angliya bilan hamkorlikda o’zbek xonliklarining ittifoqini vujudga keltirishga intilganidan dalolat beradi. 1844-1845 yillar davomida Buxoroda ish olib borgan I.Volf Londonga Qo’qondagi voqealar, xonliklarning o’zaro munosabatlari xususida diqqatga sazovor axborotlar yuborib turdi.

Angliya Turkiya bilan hamkorlikda O’rta Osiyo davlatlarining harbiy ittifoqini vujudga keltirishga ko’p urindi. Ayniqsa, Qrim urushida (1853-1856) Angliya O’rta Osiyo xonliklariga, Afg’oniston va Eronga o’z odamlarini yuborib, bu mamlakatlarni Rossiyaga qarshi otlantirish harakatini kuchaytirdi. Ammo Turkiya ham, Angliya ham Rossiya xurujiga qarshi o’zbek xonliklari birligini vujudga keltirish ta’minlashning uddasidan chiqa olmadi. Chunki xonliklar o’rtasida o’zaro nifoq-nizolar kuchli bo’lib, ularning ildizi chuqur ketgan edi. Buning ustiga, Rossiya diplomatiyasi Buxoro, Xiva va Qo’qon xonliklarini bir-biriga qarshi gij-gijlab, o’zining ig’vogarona siyosatini izchillik bilan yuritar edi. Rossiya bu yo’lda sobit turib, To’rg’ay viloyatini, 1846 yilning kuziga kelib, Sirdaryoning Orol dengiziga quyiladigan yeridagi Qozolini ishg’ol etdi va 1847 yilda Raim, 1848 yilda Kazalinsk istehkomlarini qurdi. Bu ahvol Xivani tashvishga soldi. Xon o’z noroziligini bildirib, elchilarni Peterburgga jo’natdi. Xiva elchilarini rus amaldorlari bu istehkomlar savdoni yo’lga qo’yish va cho’lda tinchlik o’rnatish uchun qurildi, deb aldadilar. Xiva xoni bu istehkomlarni yo’q qilishga harakat qildi, lekin Sirdaryo va Orolbo’yidagi qozoqlar rus istehkomlaridagi qo’shinlarni yo’qotish xususidagi Xiva hukumatining maslahatlariga quloq solmadilar.

Xivaning qozoqlarni o’z ta’siriga olish borasidagi urinishlari Rossiyani tashvishga solib, Orenburg general-gubernatorini faol harakat qilishga undadi. U Orenburgning g’arbiy qismida yashovchi o’ziga tobe qozoq sultoni Boymuhammad Oychuvoqovga maxsus buyruq yuborib, Xiva xoni foydasiga tashviqot yuritayotgan qozoq biylariga qarshi keskin choralar ko’rishni talab qildi.

Rossiya hukumati 1841 yilda Xivaga yuborgan kapitan Nikiforov zimmasiga yuklagan vazifasi Xiva xonini rus qo’shinlari tomonidan Sirdaryoning quyi qismini ishg’ol qilish masalasida betaraf turishga, Sirdaryoning shimolidagi yerlarni va Kaspiy dengizining sharqiy qirg’og’ini Rossiyaga tobe’ deb e’tirof etishga, Rossiya qaramog’idagi qozoqlarga hujum qilmaslik hamda ularning ichki idora ishlariga aralashmaslikka ko’ndirishdan iborat edi. Xon kapitan Nikiforovga Rossiya bilan Angliya munosabatlariga doir jiddiy savollar bergani Xivaning rus-ingliz raqobatidan yaxshi xabardorligidan dalolat beradi. Xiva xoni rus elchisi talablarini rad etgani ham uning Angliya va Rossiyaning O’rta Osiyo masalalarida o’zaro kurashidan foydalanishga uringanligini ko’rsatadi. Ko’p o’tmay, kapitan Nikiforovning uddalar olmagan ishini davom ettirish podpolkovnik G.Danilevskiy zimmasiga yuklatildi. Uning Tashqi ishlar vazirligidan olgan ko’rsatmasida xonni Rossiyaning Xivaga nisbatan beg’araz do’stligiga ishontirish birinchi darajali vazifa sifatida qo’yilgan edi.

O’zbek xonliklarida faol ish ko’rayotgan Angliyaning ta’sirini sindirish niyatida Rossiya Xiva xoni oldiga quyidagi ikki talabni qo’ydi:

  1. Bundan keyin xoh mahfiy, xoh oshkora suratda Rossiyaga qarshi hech bir dushmanlik munosabatida bo’lmaslik
  2. Sahroda yohud Kaspiy dengizi atrofida talonchilik va bosqinchilik ishlarini olib bormaslik. Bordi-yu Xiva xonligiga tobe qabilalar tomonidan talonchilik ishlari sodir etilsa, aybdor kishilarga darhol jazo berib, talangan mollarni egalariga qaytarish.

G.Danilevskiyning 1842 yil 27 dekabrda Xiva xoni bilan tuzgan shartnomasida “Rossiyaga tobe qochoq va isyonchilarni Xiva hududida yashirmasdan, ularni darhol rus chegara komissariga topshirish” masalasi alohida o’rin olgan edi.

Shunga qaramay, Rossiya Xivaga nisbatan g’arazli niyatlarini amalga oshirishga qaratilgan siyosatini izchillik bilan davom ettirdi. 1858 yilda polkovnik N.Ignatyev boshchiligidagi diplomatic guruhga topshirilgan vazifalar bunga yaqqol misoldir. Bu guruhga berilgan yo’riqnomada saltanatning asl maqsadi ro’y-rost ifodalangan:

  • Xiva, Buxoro va qozoq cho’llari haqida mumkin qadar ko’proq ma’lumot yig’ish;
  • Avval olingan xaritalarni tekshirib, tuzatib chiqish vas afar vaqtida kundalik yuritish;
  • Amudaryoning Kaspiy dengiziga qo’yilgan eski o’zani to’g’risida ma’lumot to’plash;
  • Turkmanlar va ularning harbiy kuchlari, qo’shni davlatlar bilan aloqalari, bir xonlikdan ikkinchi xonlikka o’tish yo’llari haqida hamda O’rta Osiyo xonliklari va ularga qo’shni bo’lgan mamlakatlarning harbiy qudrati haqida ma’lumot to’plash;
  • Amudaryoni har tarafdan o’rganish.

Guruhning asl maqsadi josuslik qilish ekanligiga polkovnik Ignatyevning o’zi ham iqror bo’lgan edi.

O’zbek xonliklarini zabt etish uchun Rossiya avval o’zining Kavkazda olib borayotgan istilochilik harakatlarini tugallashi kerak edi. Kavkazda esa tog’liklarning sardori imom Shomil musulmon istiqlolchilari davom ettirmoqda edi. Sankt-Peterburg Kavkazdagi rus qo’shinlari faolligini kuchaytirish uchun harbiy-siyosiy doiralardagi nufuzli rahbarlardan A.I.Baryatinskiyni bosh qo’mondonlikka tayinladi. Jangariligi bilan tanilgan bu general podshoga yozgan maktublarida Rossiyaning O’rta Osiyoda o’z ta’sir doirasini kengaytirish zarurligini alohida uqtirgan edi.

Rossiyaning urushqoq doiralari Orenburg va Sibir orasidagi yerlarning “himoyasini mustahkamlash uchun” Irg’iz va To’rg’ay daryolarining bo’yidagi istehkomlar qurishni jadallashtirdilar. Ular o’zbek xonliklarini asta-sekin bosib olish uchun, birinchi navbatda, Qo’qon xonligining muhim strategik nuqtalarini egallashga diqqatni qaratdi. Oqmachit qal’asiga hujum shu tariqa boshlandi.

1852 yilning 16 aprelida shijoatli lashkarboshi Yoqubbek rahbarligidagi Oqmachit qal’asi himoyachilari dushmanga qarshi qahramonona jang qilib, rus askarlarini Orenburgga chekinishga majbur etishdi. Shundan so’ng o’zbeklar bilan bo’lgan janglarda katta tajriba to’plagan Orenburg general-gubernatori graf V.Perovskiy 1853 yilda tashabbusni o’z qo’liga olib, yana hujumga tayyorlandi. Perovskiy Oqmachit himoyachilariga maktub yo’llab, taslim bo’lishni taklif qildi: “Garchand sizlar qal’a ichida turgan bo’lsalaringiz ham Oqmachit olingan deb hisoblayvering. Men shu yerda turiboq barchangizni bitta qo’ymay qirib tashlashim mumkin. Ammo, men bunday qilmayman, chunki, bub u yerga bir yoki ikki kunga emas, balki abadul-abad keldik, endi orqaga qaytmaymiz:. Qal’a mudofaachilari bu maktubga “biz bir tomchi qon va ko’chada bir dona kesak qolguncha, hamma qurollarimiz sinib bitguncha kurashaveramiz”, – deb javob berishdi.

Yordamchi kuchlar olib kelish uchun ketgan Yoqubbekning kechikishidan foydalangan ruslar yigirma ikki kunlik qurshovdan so’ng mudofaa ahamiyati katta bo’lgan Oqmachit qal’asini zabt etdilar.

Oqmachit halokati haqida “Tarixi amiri lashkar Alimqul” kitobida shunday ma’lumot keltiriladi: “Bu orada Urusiya askaridan bir katta sardor birmuncha askar va to’b-to’bxona birlan kelib, Oqmachitda Abduvalini (qal’a hokimi) muhosara aylab… muxosarani qattig’ qilib, qo’rg’on devorig’a naqb kavlab, doru to’kub, o’t qo’yib qo’rg’onni yiqib, rahnadin askar shaharg’a yugurib va Abduvali va necha tobe birla o’lub va yarador bo’lg’on. Rusiya askari qahr va g’alaba birla shaharg’a to’lub ketdi”.

Rossiya o’zbek xonliklari hududiga darvoza bo’lgan bu qal’ani “Perovskiy forti” deb qayta nomlaganida olisni ko’zlab ish tutgan edi. Bu voqea xonlik amaldorlariga tegishli saboq bo’lmadi. Shu xususda Muhammad Solih Toshkandiyning e’tiroflari diqqatga loyiqdir: “Qo’qonda Oqmachit voqeasini esdan chiqarib aysh-ishrat, kayfu safo, o’yin-kulgi va parvosizlikka berilib, mamlakat ishidan ko’z yumin, Qozog’istondagi xiroj, boj va zakotni g’ayridan millatlarga topshirib, hukmronlikni g’animat bilib, yomon odamlarni, o’g’rilarni va harom kishilarni to’plab amaldor qilib va voliy belgilab, har bir shaharga yubora boshladilar. Ayrim johil mullalar va nodon ulamolar so’ziga ishonib, aholi shariatidan uzoqlashib, ilmsiz johillarni mansabdor qilib, qozi, rais, hokim, voliy lavozimlariga o’tqazdilar. Poraxo’rlik va haromlik rivojlandi, ishni tekshirmay aytuvchilar so’ziga amal qilinib, poraxo’rlar, xushomadgo’ylar va umuman nobop odamlar hokim va mansabdor bo’ldilar. Aksincha, dono, aqlli, fozil va bilimdon kishilar xo’rlandi va oyoqosti qilindi. Kengash va maslahat bila ish yuritishga yo’l berilmadi”.

Amaldorlarning beboshligi va ichki siyosatni yuritishdagi adolatsizliklar xonlikni halokat yoqasiga keltirib qo’ydi. Voqealar rivojini diqqat bilan kuzatayotgan Rossiya bundan o’zi uchun tegishli xulosa chiqarib oldi. Old Sirdaryodagi qozoqlarni idora qiluvchi amaldorning Sirdaryo liniyasi qo’mondoniga 1858 yil 31 mayda yo’llagan axboroti ana shu jihatdan diqqatga loyiqdir: “1858 yilning mart oyida Toshkent hokimi Mirzo Ahmad 3000 askar bilan Avliyoota istehkomiga kelib qozoq biylarini ham chorlab, faqat qo’ylardan emas, balki tuyalar, otlar va qoramollardan ham soliq to’lashni talab qildi. Ilgari faqat qo’ylardan soliq olinardi, xolos. Biylar o’z ovullariga borib mazkur talabni xalqqa ma’lum qilganlarida xalq uni bajarishdan bosh tortdi. Ularga qarshi 100 va 200 kishidan iborat alohida ikki harbiy qism yuborildi. Ular esa zulmni yanada kuchaytirib turmushga chiqaradigan har bir kelindan bir tillodan soliq olishni joriy etdilar. Ayni bir paytda ular odob-axloqsizlik ham qildilar. Zulm va adolatsizlikdan sabr kosasi to’lib-toshgan qozoqlar qo’zg’olon ko’tarib Toshkent hokimining ukasi Mirzobiy va boshqa amaldorlarni o’ldirdilar. Shundan keyin Olmaotadagi qozoqlar, jumladan, qanjig’aliklar, qo’qlanlar, qo’tinchinlar, dug’latlar, bistamchaliklar bosh ko’tarib qo’qonlarni o’z istehkomlariga chekinishga majbur etdilar”.

Mallaxon davrida (1858-1862) ham ichki nizolar va toju tax tuchun kurashlar to’xtamadi. Rossiya tajovuziga qarshi xonlikda yagona harakat tashkil qilish esa hech kimning qo’lidan kelmadi.

1860 yilning yozida polkovnik Tsimmerman boshchiligidagi rus askarlari To’qmoq va Pispak qal’alarini bosib oldilar. Mahalliy muarrixlardan mulla Mirzo Olim Mushrif o’zining “Ansob us-salotin va tavorix ul-havoqin” asarida ruslarning Qo’qon qal’alarini bosib olganligi poytaxtda qanday ask-sado berganligi haqida, bu vaqtda ruslar Pishpakka hujum qilganliklari to’g’risida xabar olingndan keyin, bir masjid tarafiga borib yarog’-aslahalarning barcha turlari bo’yicha mashq o’tkazilganini yozgan: “Bir kuni Mallaxon to’pchilarga, sarbozlarga qahr-g’azab bilan mashq buyurib, to’pdan nishonga ottirdi. To’pchilar harchand jon-jahdi bilan otsalar-da, nishonga urolmadilar. Shu onda Qovus dodxoh to’pchining boshini qilich bilan tanasidan judo qildilar. BUndan barcha xaloyiqning hushi ketib, jonlaridan umid uzdilar. Hamma qo’rquv va vahimaga tushdi. Mallaxon qahr-g’azabi pasaygandan keyin o’z qarorgohiga ketdi va ertasi Marg’ilonga jo’nadi”. Xonning amri bilan Shodmonxo’ja va Olimbek dodxoh rahbarligidagi qariyb 20 minglik kishilar lashkar ruslarga qarshi yuborildi.

Mulla Olim Mahdumxo’ja “Turkiston tarixi” asarida bu lashkarning Pishpak atrofidagi Bekat degan manzilida ruslar bilan qilgan jangini quyidagicha tasvirlaydi: “Musulmonlar kofirlarni o’rab olib janggi shaylandilar. Bu vaqtda Olimbek va Qanoatshoh qo’shinlari o’rtasida kim sardorlik qilishi masalari xususida kelishmovchilik yuzaga kelib, Olimbek raqibiga zarba berish uchun qo’shini bilan o’zini chetga tortdi. Bu bilan u or-nomusi va jasoratini yo’qotdi. Toshkentliklar quramaliklar bilan birgalikda “taqdir” degan so’zni barilla jaranglatib o’zlarini dushman o’qlariga urdilar. Mazkur satlarning muallifi kaminai fqir esa “ko’p xudoliklarni o’ldiringlar!”, “Ey xudo, din himoyachilarini saqla!” degan xitob so’zlari bilan musulmonlarni ruhlantirib turdim. Musulmonlar o’zlarini kofirlarning o’qlar dengiziga tashlaganda dushman zambaraklaridan va miltialridan shunday o’qlar otildiki, bamisoli osmonu falakdan chaqmoq va yashin yoqqandek bo’ldi. Hatto qiyomat-qoyim kuni kelganday bo’lib, to’plar va miltiqlardan otilgan o’qlarning ovozi farishtalarning karnaylari tovushiga o’xshab ketdi. Ko’p jasoratli va qahramon yigitlar misli ko’rilmagan azob-uqubatlar sharbatini ichib, o’zlarini olov bag’riga otdilar. Ayrim qahramonlar qilich bilan kofirlarning kallasini kesib tashladilar. Jang shu tarzda bir soat davom etdi. Pirovardida, tinimsiz davom etgan o’q yomg’irlarining dastidan qozoqlar va talonchi-ko’chmanchilar qochib tog’ning ichkari tomoniga bekindilar. Ammo qo’shnimiz kofirlardan yuzlarini yuzlarini o’girmay ertalabdan peshingacha urushdilar. Nihoyat, kofirlar musulmon o’qlaridan zaiflashib tepaliklar orqasiga ketdilar. Musulmon qo’shinining ko’p qismi Qanoatshoh boshchiligida jang maydonidan 9 chaqirim nariga joylashdilar. Qo’shinning boshqa qismi kechqurungacha dushmanga o’q uzib uni Kastakkacha chekinishga majbur qildi. So’ngra ular ham Qanoatshoh qo’shiniga qo’shildilar”. Bu jangdan so’ng Qo’qon sarkardasi Qanoatshoh buzib tashlangan Pishpak qal’asini qayta tikladi. Ammo ruslar xonlik hududiga yangi xurujlarni zimdan tayyorlashda davom etdilar. Rossiya josuslik xizmati vaziyatni o’rganish uchun harakatlarini kuchaytira boshladi. Endi Rossiya ayg’oqchilari O’rta Osiyoning ichkarisiga sayyoh, olim, savdogar yoki elchilar niqobi ostida kirib kela boshladilar. Josuslik yo’sunida axborot to’plovchilar orasida P.P.Semyonov – Tyan-Shanskiyning nomi alohida ajralib turadi.

Mavzuga oid mushohada
 
Sayyoh qiyofasidagi josus
 
P.P.Semyonov – Tyan-Shanskiy nomi maktab darsliklaridan yaxshi tanish. U beozor, tabiatshunoslik olim sifatida qayd etib kelindi. Sharqiy Qozog’iston, Qirg’iziston dashti, Issiqko’l va Tyan-Shan tog’ining o’simliklar dunyosini o’rgangan, geografiya sohasida tadqiqotlar olib borgan. Bu ma’lumotda jon bor. P. Semyonovning yuqorida nomi tilga olingan o’lkalar tabiatini o’rganishdagi xizmatlarini inkor etib bo’lmaydi. Ammo, olim ilmiy faoliyatining ikkinchi tomoni ham borki, bu haqda shu paytgacha bir nima deyilmagan. Gap uning tadqiqotlari Turkistonni batamom bosib olish uchun harbiylarga muhim ma’lumotar sifatida xizmat qilganligi to’g’risida. Podsho generallari P.P.Semyonov – Tyan-Shanskiyning xohishiga qarshi o’laroq, u to’plagan ma’lumotlardan to’la foydalangan deb bo’lmaydi. Olim harbiylarni “rus yerlarini kengaytirish”ga da’vat qilibgina qolmay, o’zi to’plagan ma’lumotlarni ularga ikki qo’llab topshirib, ko’pdan-ko’p maslahat va tavsiyalar beradi.
Jumladan, qavmlar o’rtasidagi urug’chilik nizolaridan bosqinchilik maqsadlarida foydalanish shu siraga kirar edi. Chunki, bir qaysar qavmni tiyib qo’yish yoki uni bo’ysundiris ishqida yongan ikkinchi bir qavm yo’lboshchilari rus qo’shinidan najot istab, tinmay yordam so’rashar edilar. Bu esa istilochilarning mamlakat ichkarisiga bemalol kirib kelishiga yo’l ochar, o’zaro nifoqni yanada kuchaytirib yuborardi. Shu tariqa, bosqinchilar qisqa muddatda, deyarli talafotsiz, hozirgi Almati shahri (o’sha paytda Verniy qal’asi) gacha kirib kelishdi.
Rus qo’shinlari qozoq dashtini (ular qirg’iz dashti deb atashgan) istilo qilar ekanlar, “yangi rus yerlarida” o’nlab harbiy qal’a-istehkomlarni jadallik bilan barpo etishdi. Yov qozoq dashti – afsonaviy boyliklar Makoni bo’lmish Turkistonning janubini bosib olish uchun shunchaki bir maydon ekanligini yaxshi anglar edi.
Turkiston xalqlari taqdiriga tutash voqealar ana shu yo’sinda fojiaviy nuqtaga yetgan bir paytda, 1856 yilda, yurtimizga P.P.Semyonov-Tyan-Shanskiy kirib keladi. Uning asosiy maqsadi: Yevropa faniga hali noma’lum bo’lgan Tyan-Shan (Xon-Tangri) tog’lari silsilasiga kiruvchi o’lkaning tabiati, o’simlik va hayvonot dunyosini tekshirib, ilmiy tadqiqotlar olib boorish edi. U Tyan-Shanga 1856-1857 yillar orasida ikki marta safar qildi va haqiqatan geografiya fani uchun qimmatli ma’lumotlar to’pladi.
Rus qo’shinlari P.Semyonov izidan Tyan-Shan tog’lari sari kirib keldi. Chunki, uning birinchi sayohati vaqtida hali Issiqko’l atroflari, Tyan-Shanning asosiy qismi Rossiya qo’liga o’tmagan edi. Demak, ruslarga notanish bo’lgan bu joylar haqidagi, ayniqsa qayerda daryo boru, qay yerda tog’, qay bir go’sha dam olish uchun qulay, qay bir manzil xavfsiz ekanligi-bularning barchasi harbiy yurishlarga bebaho ma’lumot bo’lib xizmat qilardi.
Olim sayohati davomida kimlar bilan qayerda uchrashgani haqida ham batafsil ma’lumot qoldiradi. Sibir bilan dasht chegarasini kesib o’tishdan avval u general-gubernator Gustav Gasfort bilan suhbatda bo’ladi. G.Gasfort qozoq-qirg’iz yerlarini bosib olish, o’lkani keng ko’lamda mustamlaka qilishning zo’r tarafdorlari va ishtirokchilaridan biri edi. Gasfort qozoq yerlariga tutash G’arbiy Sibir gubernatori bo’lsa-da, uning ko’zlari Turkistonga qadalgandi. XIX asrda rus jamiyatida hukm surgan poraxo’rlik, davlat xazinasini talon-taroj qilish va o’g’rilik gubernatorni qattiq iztirobga solidi. U tartib o’rnatishga xarchand urinmasin, hech narsaga erisha olmaydi. Shundan u “iztirobli qalbi”ga qozoq yerlaridan malham qidiradi.
O’zidan oldingi gubernatorlar ko’chmanchi qozoq-qirg’izlarni shomonlikni tark etib, musulmonlikka da’vat etish bilan katta xatoga yo’l qo’yishganini Gasfort tezda anglab oldi, – deb yozadi Semyonov Tyan-Shanskiy, – qozoqlarning islom dinini qabul qilishlari Rossiya manfaatlarining qozoq ovullariga kelishi ta’qlanib qo’yiladi. Gubernatorning bunday g’ayriinsoniy ishlari shu bilan yakun topmaydi. U qozoqlar uchun tamoman yangi din kashf qilish kerak, degan qarorga keladi. Qozoqlarning ko’chmanchilikka asoslangan turmush tarsi, ko’pxotinlik nasroniylar odatiga yot, shu bois bu dinni qabul qildirishning iloji yo’q, degan fikr bilan rus davlati manfaatlaridagi so’nggi “payg’ambar” tez orada o’zi o’ylagan yangi din loyihasini podsho Nikolay birinchiga maktub orqali ma’lum qiladi. “Payg’ambar”ning maktubida bu dinga yaxudiylar dini asos qilib olinib, uni talmud rasm-rusmlaridan tozalab, nasroniylik ruhida qozoqlarga singdirish lozimligi ta’kidlanadi. Gubernator nega boshqa dinni emas, aynan yahudiylar dinini tanlagani bizga qorong’u, ammo uning islom diniga nafratining haddi-hisobi yo’qligini payqash qiyin emas. U dashtlik qozoq-qirg’izlarga shunday past nazar bilan qaraydiki, boshiga kelgan bir fikr bilan ularni sun’iy ravishda yaratilgan dinga kiritish mumkin, deb o’ylaydi. Gasforning “yangi dini” loyihasi bilan tanishgan podsho Nikolay I general maktubining hoshiyasiga: “Dinlar qonunlar moddasiga o’xshab yaratilmaydi”, deb rezolyutsiya qo’yadi-yu, gubernatorning vasvasasi amalga oshmay qoladi. Achinarlisi shundaki, P.Semyonov-Tyan-Shanskiy Gasfortning g’ayri-insoniy fikr-o’ylarini “o’ta adolati” mulohazalar sifatida baholaydi.