FOLKLEND (MALVIN) OROLLARI
FOLKLEND (MALVIN) OROLLARI — Atlantika okeanining Janubiy g’arbiy qismidagi arxipelag, Argentina qirg’oqlari yaqinida, Buyuk Britaniya mulki. Maydoni 12,2 ming kilometr kvadrat. 2 yirik orol — Sharqiy (Soledad) va G’arbiy Folklend (Granmalvin) orollaridan va 200 ga yaqin mayda Orol va qoyalardan iborat. Orollar, asosan, metamorfik va cho’kindi jinslardan tuzilgan. Eng baland joyi 706 metr. Iqlimi sovuqroq okean iqlimi. Yillik yog’in 600-700 millimetr, kuchli shamollar esadi, tez-tez tuman tushadi. O’tloq va vereskzorlar, torfli botkrkliklar bor. Dengiz parrandasi ko’p. Baliq va dengiz hayvonlari ovlanadi, qo’ychilik rivojlangan. Ma’muriy markazi — PortStenli. Folklend orollariga yevropaliklardan birinchi bo’lib ingliz dengizchi sayyohi J. Deyvis 1592 yilda yetib borgan. 1765 yildan Ispaniya mulki. 19-asrning 20-yillarida orollar Argentina nazorati ostiga o’tdi. 1833 yilda inglizlar bosib oldi. Argentina orollarni o’z hududining tarkibiy qismi deb hisoblab, orollar ustidan Britaniya suverenitetini tan olmaydi. 1982 yilgi Argentina bilan Buyuk Britaniya o’rtasidagi qurolli to’qnashuvdan so’ng inglizlar orolda mulkchilik maqomini o’rnatdi. 1995 yilda Argentina bilan Buyuk Britaniya o’rtasida Orol hududida joylashgan netfgaz konlarini birgalikda o’zlashtirish va qazib olish sohasida hamkorlik qilish to’g’risida deklarasiya imzolandi.