FONVIZIN DENIS IVANOVICH
FONVIZIN DENIS IVANOVICH [1744.3(14).4 yoki 1745, Moskva 1792.1(12). 12, Peterburg) rus yozuvchisi ma’rifatparvar. Rus ijtimoiy komediyasining yaratuvchisi. Moskva universiteti qoshidagi gimnaziyada o’qigan (1755— 62). Peterburg tashqi ishlar kollegiyasida tarjimon (1762), N. I. Panin rahbarligidagi tashqi ishlar kollegiyasida kotib (1769). Fonvizin erkin fikrlovchi yosh ofitserlar to’garagi bilan yaqinlashgan. Umumta’lim uchun kurashgan, ma’rifatparvar podshoh tarafdori bo’lgan. “Xizmatkorimga maktubim” (1763 — 69) hajviy asari hamda “brigadir” satirik komediyasi (1770 yil sahnalashtirilgan)da dvoryanlar axloqi, ularning frantsuzparastligi hajv qilingan. 1777— 78 yillar Frantsiyaga sayohat qilgan. Shu sayohat taassurotlari asosida yozilga “birinchi sayohat xotiralari” (N. Paninga xatlar, 1800) asari rus nasrining shakllanishida muhim rol o’ynagan. Fonvizin “Zaruriy davlat qonunlari haqida mulohazalar” (1780) asarida chor Rossiyasi davlat tartiblarini tanqid qilgan. “Nodon” (“Nedorosl”, 1783) komediyasi rus realistik teatri, komediyasi taraqqiyotiga kuchli ta’sir etgan. 1784 yil “Graf Nikita Ivanovich Panin hayoti” asarini imzosiz, frantsuz tilida nashr ettirgan. “Kallisfen” qissasi (1786, imzosiz) ham bor. 1789 yil yoza boshlagan avtobiografik qissasi tugallanmay qolgan. Ayrim asarlari o’zbek tiliga tarjima qilingan.