FOTOSINTEZLOVCHI MIKROORGANIZMLAR
FOTOSINTEZLOVCHI MIKROORGANIZMLAR, fototrof mikroorganizmlar — hujayra komponentlarini sintezlashda quyosh energiyasidan foydalanadigan mikroorganizmlar. Fotosintezlovchi mikroorganizmlarga qirmizi va yashil bakteriyalar, tsianobakteriyalar, proxlofitlar, ayrim galobakteriyalar hamda suvo’tlar bo’limiga mansub bir qancha eukariot organizmlar (diatomlar, evglenasimonlar, pirofitlar, tillarang va sariqyashil suvo’tlar va boshqalar) kiradi. Barcha Fotosintezlovchi mikroorganizmlada (galobakteriyalardan tashqari) fotosintez xuddi yashil o’simliklar singari xlorofill ishtirokida boradi. Galobakteriyalarda esa fotosintez funktsiyasini oqsil kompleksi bajaradi. Tsianobakteriyalar va suvo’tlarda fotosintezda O2 ajraladi. Boshqa Fotosintezlovchi mikroorganizmlarda fotosintezda O2 hosil bo’lmaydi; ular elektron donori sifatida suvdan emas, balki sulfidlar, tiosulfit, vodorod va organik moddalardan foydalanadi. Ko’pchilik Fotosintezlovchi mikroorganizmlar molekulyar azotni o’zlashtiradi. Fotosintezlovchi mikroorganizmlar suv havzalarida ko’p uchraydi. Organik moddalarning to’planishida, oltingugurt va azotning tabiatda aylanishida faol ishtirok etadi.