FOTOTELEGRAF APPARATI
FOTOTELEGRAF APPARATI, faksimil apparat — yassi originallar (bosma yoki qo’lyozma matnlar, rasmlar, fotosurat va boshqalar)ning qo’zg’almas tasvirlarini elektr aloqa simlari orqali uzatuvchi yoki qabul qiluvchi apparat. Elektromexanik usulda ishlaydigan birinchi Fototelegraf apparatini 1855 yilda italyan fizigi J. Kazelli kurgan. Zamonaviy Fototelegraf apparati yorug’lik-optik va elektron qurilmalar, fotoelektrik o’zgartirgichlar, modulyashorlar, detektorlar va boshqalardan iborat. Fototelegraf apparati uzatuvchi, qabul qiluvchi va qabul qiluvchi-uzatuvchi xillarga bo’linadi. Uzatuvchi Fototelegraf apparati (yoki qabul qiluvchi uzatuvchi Fototelegraf apparatining uzatkichi) ob’yekt tasvirini videosignalga aylantiruvchi tahlil (analiz) tizimidan va videosignalni aloqa kanali bo’yicha uzatish uchun qulay shaklga o’zgartiruvchi electron uzel (modulyator)dan iborat. Tahlil tizimi: yorug’lik-optik qurilma (ob’yekt sirtida nuqtanuqga yorug’lik dog’i hosil qiladigan yorug’lik dastasi vujudga keltiradi), yoyuvchi qurilma (yorug’lik dastasini navbatma-navbat barcha elementar maydonchalarga yo’naltiradi, natijada ob’yekt sirtidan yorug’lik oqimi qaytadi), fotoelektr hosil qilgich (qaytgan yorug’lik oqimini videosignalga aylantiradi)dan iborat. Videosignalni o’zgartiruvchi uzelda tebranish modulyasiyasi vujudga keladi. Qabul qiluvchi Fototelegraf apparati (yoki qabul qiluvchi-uzatuvchi Fototelegraf apparatining qabul qilgichi) qabul qilinadigan modulyasiyalangan tebranishlarni demodulyatsiya qilish uchun mo’ljallangan videosignal ajratuvchi elektron uzeldan hamda yoyuvchi va yozib oluvchi qurilmalardan tuzilgan sintezlovchi tizimdan iborat. Qabul qilingan videosignal fotoqog’oz, fotoplyonka, ferromagnit materiallar va boshqalarga yozib olinadi. Aloqa liniyasi bo’yicha kelayotgan tok kuchining kattaligiga qarab, lampa fotoqog’oz yoki fotoplyonkani turlicha yoritadi. Tasvirlarni, Masalan,: maxsus (elektrokimyoviy, termokimyoviy, elektrostatik va boshqalar) yoki oddiy qog’ozga yozib olishning boshqa usullari ham bor. Qabul qiluvchi uzatuvchi Fototelegraf apparatining yoyuvchi qurilmalari ko’pincha bir-biriga o’xshash bo’ladi; tuzilishi jihatdan ular mexanik va elektron turlarga bo’linadi.