FRAKIYALIKLAR
FRAKIYALIKLAR — qadimda Bolqon yarim orolining shimoli sharqida hamda kichik Osiyoning shimoli g’arbida yashagan hindyevropa guruhiga mansub qabilalar (daklar, getlar, besslar, odrislar, triballar va boshqalar)ning umumiy nomi. Dastlab, Frakiyaliklar Adriatika dengizigacha bo’lgan hududni band etgan, lekin miloddan avvalgi taxminan 13-asrda illiriylar tomonidan Sharqqa siqib chiqarilgan. Frakiyaliklar dehqonchilik, chorvachilik (asosan, yilqichilik) va kulolchilik bilan shug’ullangan, kon sanoati va metallni qayta ishlash rivojlangan. Egey va qora dengizlari bo’ylaridagi Frakiyaliklar joylashgan hududda 8-7-asrlarda yunonlarning koloniyalari vujudga kelgan. Frakiyaliklar Xalslarning buyuk ko’chishi davrida boshqa qabilalar bilan aralashib, hozirgi xalqlar (bolgarlar, ruminlar va boshqalar)ning shakllanishida muhim rol o’ynagan. Frakiyaliklar san’ati (miloddan avvalgi 2-ming yillik oxiri — 1-ming yillik boshi)ga doir ko’plab Nodir obidalar saqlanib qolgan.