MIRONSHOH MIRZO

Amir Temurning uchinchi o’g’li. 1366 yilda tug’ilgan. Uning onasi Menglibek Og’oyi Jon Qurbonidir. Mironshoh Mirzo 1380 yilda 14 yoshidayoq Temurning Xuroson yurishida qatnashgan. Temur ana shu yurish oldidan hali qo’lga kiritilmagan Xurosonga Mironshohni hukmdor qilib tayinlangan edi. Binobarin, Xuroson Temur tomonidan zabt etilgach, Mironshoh Hirotga kelib o’rnashadi. 1393 yilda esa Temur Shimoliy Eron, Iroq va Zakavkaziyadek ulkan mamlakatni (sobiq Xulaguxonga qarashli) idora qilishni Mironshohga topshiradi.

Mironshoh Mirzo yoshligidanoq harbiy san’atdan ma’lum darajada xabardor, jasur va yovga nisbatan shafqatsiz jangchi sifatida nom taratgan edi. Shuningdek o’ta makkor, mayxo’ylik va maishatga berilgan kishi edi. Tarixiy manba’larda naql qilinishicha, Samarqandda bir ziyofat asnosida Hirotning sobiq hukmdorining o’g’li Pir Muhammadning kallasini kulib turib, qilich bilan uzib tashlagan. Keyinchalik o’zining bu qilmishini “mastlik”ka yo’ygan.

1376 yilda Jahongir Mirzo vafot etgach, uning bevasi Xonzoda (Sevin beka) begimni 1382 yilda Temur tarafidan Mironshoh Mirzoga nikohlab berilgan. Mironshoh Mirzo O’zbekxonning nabirasi Xonzoda begimga uylangach, otasi Temur kabi “Kuragon” degan laqabga musharraf bo’lgan.

Mironshoh Mirzo o’z poytaxtini Ozarbayjonning Sultoniya shahariga o’rnatilgan edi. U keyingi paytlarda maishatga berilib, tez-tez ovga chiqardi. 1396 yil kuzida navbatdagi ovda otdan yiqilib shikastlanadi. Tarixiy manbalarda yozilishicha, ana shu jarohatdan so’ng unda bir oz miyaning chalg’ish alomatlari vujudga kelgan. Ammo Klavixoning yozishicha, u Mironshohda hech qanday savdoyilik alomatlarini ko’rmagan. Aksincha Mironshoh Kastiliya elchilarni o’z zamnasining qonun-qoidalariga muvofiq tarzda qabul qilgan va qirolning sog’ligini so’ragan.

Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, keyingi vaqtlarda Mironshoh ayshu ishratga berilib ketib, davlat ishlariga qaramay qo’yadi. U shar’iy va noshar’iy xotinlar olishni ko’paytiradi. Uzluksiz davom etgan bazmlar va har xil ko’ngul ochar o’yinlar xazinaga sezilarli ravishda zarba beradi. Bundan tashqari, Sultoniya shaharida eng chiroyli va hashamatli binolardan birini buzdiradi. Shuningdek Tabriz shaharidagi mashhur tarixchi Rashidididdinning maqbarasini buzdirib, marhumning suyaklarini yig’dirib, shahardagi yahudiylar qabristoniga olib ko’mishni buyuradi. O’zining bunday xatti-harakatiga tarixchi Rashididdinning yahudiy mazhabiga mansub ekanligini asosiy sabab qilib ko’rsatdi.

Mironshoh o’z haramidagi xotinlariga ham har xil tuhmat va bo’htonlar qilib, jabr-zulmni haddan oshiradi. Nihoyat, 1399 yilda Mironshohning katta xotini Xonzoda begim eridan yashiriqcha Samarqandga – qaynotasi Temurning huzuriga borib, Mironshohning kirdikorlridan shikoyat qiladi. Temur sevikli kelinidan bu ahvolni eshitib, qattiq iztirobga tushadi. O’sha davr tarixchilarining yozishicha, Temur bir hafta davomida yig’lab, hech kimga ko’rinish bermagan. Nihoyat, Temur mashhur yetti yillik yurishga bel bog’lab, yo’l-yo’lakay, qo’qqisdan Ozarbayjonga bostirib kiradi. Temur Sultoniyaga kirgach, darhol Mironshoh va uning hamtovoqlari – arkoni davlatini tutdirib, zindonga tashlatadi.

Ertasi kun Temur o’zining eng nufuzli kishilarini to’plab, Mironshoh masalasini o’rtaga tashlaydi. Ulug’ devonga yig’ilgan amaldorlardan Mironshoh va uning hamtovoqlariga berilajak jazo nimadan iborat bo’lishi kerakligini aytishlarini talab qiladi. Biroq yig’ilganlardan sado chiqmaydi. Nihoyat Temurning o’zi Mironshoh va uning arkoni davlatiga o’lim jazosini e’lon qiladi. Temurning diniy rahnamosi, piri Sayid Baraka va ayrim amaldorlar bu hukmga qat’iyan qarshi turadilar. Lekin Temur o’z so’zida mahkam turabergah, amir Shoh Malik o’rnidan turib, “o’z o’g’lingiz-ku, davlatpanoh” – deydi. Temur tortishib o’tirishni yoqtirmasdi binobarin, g’azabi qaynab ketadi va o’rnidan turib, amir Shoh Malikka g’azab bilan tikiladi. Shoh Malik esa yana “shahzoda sizning farzandi arjumandingiz erur, davlatpanoh, qatl qildirsangiz Islom qilichiga farzandkushlik isnodi dog’ bo’lib tushmog’i muqarrardur”, – deydi. Temurning yanada g’azabi avjga chiqarkan, “Men ahkomi shariatda emas, o’z saltanatimda tartib o’rnatmog’im lozim!” – deydi. Shunda Sayid Baraka o’rnidan turib, – “Baribir, har bir ishdan alloh-taolo voqifdur, hukmdor”, – deydi. Shundan so’ng Temur o’zicha bir qarorga keladi-da, g’azabdan tushib o’z o’rniga o’tirgach, kengash tugaganligini ma’lum qiladi.

Ertasi shahar fuqarosini katta maydonga yig’ib, Mironshoh boshliq uning barcha amir va amaldorlarini qo’llari bog’liq holda zindondan chiqarib, shahar maydoniga olib keladilar. Maydon o’rtasida turgan jallod Temurning so’nggi buyrug’ini kutardi. Nihoyat, Temur qatlini boshlashga ijozat beradi. Jallod Mironshohning o’nga yaqin bek va amaldorlarini birin-ketin qatl qilgach, navbat Mironshohga keladi. Shu asnoda Sayid Baraka boshliq barcha amir va beklar hamda shahzodalar o’rtaga tushib, Mironshohning gunohidan o’tishni Temurdan iltijo qilib, yolboradilar. Shundan so’nggina, Mironshoh banddan ozod qilinib, gunohi kechiriladi. Qatl qilingan bek va amaldorlarning to’plagan mol-mulki musodara qilinib, xazinaga qaytariladi.

Mironshohning haramidagi xotinlari va kanizaklaridan faqat bolaliklarinigina qoldirilib, bolasizlari esa haramdan chiqarilib, haydaladi. Mironshohni esa hokimiyatdan azl qilib o’rniga uning ikkinchi o’g’li Umar Mirzoni tayinlaydi. Mironshohning katta o’g’li Abubakr Mirzo otasi Mironshohni bundan buyon o’zi bilan birga qolishini bobosi Temurdan iltimos qiladi. Abubakr Mirzoning iltimosi qondirilgach, u otasi Mironshohni olib, o’z hukmida bo’lgan Bag’dodga jo’naydi.

1408 yil 21 apreld Mironshoh Ozarbayjonning Sardrud mavzesida turkman Qora Yusuf bilan bo’lgan jangda o’ldiriladi va Surhob tumaniga dafn qilinadi. Bir necha muddat o’tgach, Shams G’uriy nomli shaxs darvesh kiyimida Surxobga borib, yashiriqcha Mironshohning suyaklarini olib, Movarounnahrga keltiradi va Shahrisabzda temuriylar maqbarasiga dafn qilinadi.

Keyinchalik, kimningdur tashabbusi bilan Mironshohning xoki Shahrisabzdan Samarqandga keltirilib, Go’ri Amirda – Temurning yoniga dafn etdiriladi. M.Ye.Masson, har xolda Mironshohning xoki Shahrisabzdan Samarqandga keltirilib, Go’ri Amirga dafn qilinishi Sulton Abusayid Mirzoning hukmronlik davrida amalga oshgan bo’lsa kerak, deb taxmin qiladi.

Mironshohdan olti o’g’il va bir necha qiz qolgan. Eng katta o’g’li Abubakr Mirzo, ikkinchisi Umar Mirzo, uchinchisi Xalil Sulton Mirzo, to’rtinchisi Suyurg’atmish Mirzo, beshinchisi Iyjal Mirzo va oltinchisi Sulton Muhammad Mirzodir.

ABUBAKR MIRZO 1382 yilda Mironshoh Mirzoning Xonika begim ismli mo’g’ul xotinidan tug’ilgan katta o’g’lidir.

1399 yilda Amir Temur Mironshoh Mirzoni jazolab, uni hokimiyatdan mahrum etgach, uning tasarrufidagi viloyatlarga Abubakr Mirzoni hokim etib tayinlaydi. Ammo Abubakr Mirzo otasi Mironshohga bo’lgan hurmati yuzasidan bobosining tklifini rad etadi. Temur, nabirasi Abubak Mirzoni ko’ngli bo’shlikda ayblab, hokimiyatga Mironshohning ikkinchi o’g’li – Umar Mirzoni tayinlaydi.

Temur vafotidan so’ng, Umar Mirzo akasi Abubakr Mirzoga nisbatan pinhoniy dushmanlik ruhida bo’lib, 1405 yil aprel oyida Sultoniyaga kelgan akasi Abu Bakr Mirzoni ushlatib, qal’aga qamatadi va unga tegishli haram va barcha mol-mulkni o’ljaha oladi.

1405 yil 15 iyulda Sultoniya qal’asida Abubakr Mirzo bir necha bandilarni o’ziga rom qilib, o’zini o’ldirish uchun yuborilgan Odil xazinachi, Iso ko’chi va Shayx Hojilarni o’ldirib, ko’pgina askarlarini o’zi bilan birga olib, Sultoniyaga kirib, u yerdagi boyliklarini olib, Ray yo’li bilan Xurosonga qarab ketadi.

Abubakr Mirzo Sultoniyani qo’lga kiritgach, Umar Mirzoga tegishli beklarning ko’pchiligi Abubakr Mirzoga mulozamat qilib keladilar. Abubakr Mirzo zarrin taxt bezatdirib, otasi Mironshohni taxtga o’tkazadi. Biroq Abubak Mirzoga ukasi Umar Mirzo tarafidan xavf-xatar ko’payabergach, Abubakr Mirzoning xos kishilari taxtga Abubakr Mirzoning o’zi o’tirishni lozim ko’radilar. Abubakr Mirzo taxtga o’tirgach, Tukal o’rus Buqoning qizini o’z nikohiga kiritadi.

1408 yil aprel oyida Abubakr Mirzo Ozarbayjonning Sardrud mavzesida turkman amir Qora Yusuf bilan bo’lgan jangda yengilib, orqaga chekinadi. Mazkur jangda Abubakr Mirzoning yosh qizi bir necha kanizaklari bilan birga amir Qora Yusuf qo’liga tushadi. Amir Qora Yusuf qizni yaxshi parvarish qilib, voyaga yetgach, o’z nikohiga kiritadi. Amir Qora Yusuf vafotidan so’ng, Qorabog’ga qishlov uchun borgan Shohruh Mirzoning huzuriga mazkur malika kelib, o’zini tanitadi. Shohruh Mirzo birodarzodasi malikani Shirvon shahzodasi Xalilullohga aqd qildiradi. 1421 yil 4 aprelda katta to’y o’tkaziladi.

Abubakr Mirzoning ikkita o’g’li bo’lib, kattasi Ilongir Mirzo 1397 yilda, kichigi Usmon Jodiy esa 1401 yilda Sultoniyada tug’ilgan edilar.

UMAR MIRZO Mironshoh Mirzoning ikkinchi o’g’li bo’lib, 1383 yilda Xurosonda tug’ilgan. 1399 yilda Mironshoh Mirzoni Amir Temur hokimiyatdan azl qilgach, o’rniga Umar Mirzoni tayinlab, unga Iroq, Ozarbayjon, Arron, Mug’on, Gurjiston va Shirvon mmlakatlarini, shuningdek, mazkur viloyatlardagi barcha qo’shin boshliqlari, shahzodalar hamda mansabdorlarni itoat etmoqlari haqida oliy farmon berilgan edi.

Temur vafotidan so’ng, Umar Mirzoda o’z otasi Mironshohga va aka-ukalariga nisbatan shubha vujudga keladi. “Abubakr Mirzo” bobida hikoya qilganimiz voqea aka-uka o’rtasida kechgach, Umar Mirzo akasi Abu Bakr Mirzoga qarshi kurashmoq uchun amakisi Umar Shayx Mirzoning farzandi Rustam Mirzoning huzuriga ko’mak istab boradi. Umar Mirzo Rustam Mirzoga “qadim sultonlar qayg’uli kunlarda va baxtsiz hodisalar ro’y berganda bir-birlaridan boshpana tilab, shafqat topishga umid bog’laganlar va agar bu bobda beparvolikka yo’l qo’ygan bo’lsalar, asrlar bo’yi yaqin va yiroqlar tilida ta’naga uchrab, unutilib ketganlar: aka-ukalar jam bo’lmasangizlar, Mirzo Abubakrga qarshi yurib bo’lmaydi; vazifa shuki, elchi yuborib Pir Muhammad Mirzo va Iskandar Mirzoni chaqiramiz hamda, to ular yetib kelgunicha, Abubakr Mirzoning Suqbuloqda g’ofil o’tirgan ug’ruqini qo’lga tushiramiz”, – deydi. Shundan so’ng Suqbuloqqa borib, Abu Bakr Mirzoning ug’ruqini o’lja olib, haramdagi xotinlar va bolalarni band qiladi va Sherozga Pir Muhammad Mirzo huzuriga boradilar. Qishni o’tkazib, bahorda Yazddan Iskandar Mirzo ham kelib qo’shilgach, hammalari Isfaxonga qarab yo’l oladilar.

Abu Bakr Mirzo ham o’z qo’shinlari bilan kelib, Isfaxonni qamal qiladi va qattiq janglardan so’ng Isfaxon ham Abu Bakr Mirzo tasarrufiga o’tadi. Shu voqeadan so’ng Umar Mirzo amakivachchalarining ham Abu Bakr Mirzoga bas kelolmasligiga ko’zi yetadi va ulardan ajrab Xurosonga qarab ketadi. 1406 yilda 16 avgust kuni Samalqon yaylovidagi Xoja Qanbar mavzeida ovga chiqqan Shohruh Mirzoning qabuliga musharraf bo’ladi va bir necha muddat Shohruh Mirzo mulozimatida turadi. Umar Mirzo 1407 yilda vafot etadi.

XALIL SULTON MIRZO Mironshoh Mirzoning uchinchi o’g’li bo’lib, 1384 yilda tug’ilgan. Uning onasi O’zbekxonning nabirasi bo’lmish Xonzoda (Sevin beka) begim edi. Xalil Sulton Mirzo yoshligidan boshlab Saroy Mulk Xonim tarbiyasiga topshirilgan edi.

Sharafuddin Ali Yazdiyning yozishicha, Xalil Sulton Mirzo jasoratli, qat’iyatli, harbiy salohiyatga ega, iste’dodli yigit bo’lgan. U hali 15 yoshidayoq bobosi Temurning Hindiston yurishida ishtirok etib, ajoyib harbiy san’atini namoyish qilgan. Bu yurishda Amir Temur qo’shini Dehli ostonasida Sulton Mahmudxon qo’shini bilan to’qnashadi. Sulton Mahmudxon o’zining 500 jangchi fillarini Temur qo’shiniga qarshi janggohga tashlaydi. Jangovar fillar na’ra tortib, olg’a bosib dushman tomon intilarkan, yo’llarida duch kelgan xoh otliq, xoh piyoda, xoh tuya bo’lsin, pora-pora qilib, ayovsiz toptab, dushmanni qal’aga yaqin keltirmaydi.

Kech kirgach, har ikki tomon janggohdan o’z qarorgohiga chekinadi. Amir Temurning qovog’idan qor yog’ar, haligacha uchramagan jangning bunday turiga qarshi chora izlab topmoq zarr edi. Ana shunday tadbirni yosh Xalil Sulton Mitzo topadi va bobosi Temurning roziligini oladi. O’sha kechasi 5-6 yuz kajava savatga eski-tuski latta va uvada paxtalar solib, ustidan moy quyiladi. Tong otarda uch yuz tuyaga savatlar ortilib, har bir tuya yoniga qo’lida kichik mash’ala ushlagan bir askar qo’yiladi. Tong otgach, jangovar qo’shin safga tizadilar va jang boshlanishiga muntazir turadilar.

1398 yil 18 noyabr ertalab yana jang naqoralari chalinadi. Sulton Mahmudxon yana jangovar fillarni jangga soladi. Fillar dushman qo’shiniga qarshi yurishi bilan tuyabonlar savatdagi paxtalarga o’t berib, tuyalarni olg’a qarab yetaklaydilar. O’z ustlarida yonayotga olovni ko’rgan tuyalar dahshatdan bo’kirib, olg’a tomon chopa boshlaydilar. Qarshidan kelayotgan fillar oddiy tuyani ko’p marta ko’rgan bo’lsalar-da, ammo yonib kelayotgan tuyalarni umrlarida birinchi ko’rishlari edi. Binobarin, fillar qo’rquvdan eslarini yo’qotib, orqaga qarab qochadilar. Ular jon achchig’ida qocharkanlar, ularni to’xtatishga harakat qilgan qo’shinni toptab ketadilar. Natijada Sulton Mahmudxon qo’shinida parokandalik vujudga kelib, Temur qo’shinlari g’alabaga erishadi.

Xalil Sulton Mirzo Temurning 1399-1404 yillarda g’arbga qilgan yetti yillik yurishida ham faol qatnashgan. 1402 yilda Temur Turkiston chegaralarida oliy qo’mondonlikni Xalil Sulton Mirzoga topshirgan edi.

Temur nabirasi Xalil Sulton Mirzodagi jasorat, iste’dod va harbiy salohiyatga zimdan nazar solar va valiahd nabirasi Sulton Muhammad Mirzo bilan bir qatorda ko’rardi. Binobarin, 1404 yilda Xitoyga qarshi yurishga tayyorgarlik ko’rarkan, qo’shinning o’ng qanotiga (Toshkent va uning atrofidan yig’iladigan askarlarga) boshliq qilib tayinlaydi.

1405 yil 18 fevralda Temur O’trorda vafot etgach, Xalil Sulton Mirzo o’z qo’l ostidagi qo’shin bilan Samarqandga qaytib keladi va poytaxtni o’z tasarrufiga kiritadi. Xalil Sulton Mirzo hokimiyatni qo’lga kiritgach, Temurning avvalgi valiahdi Muhammad Sulton Mirzoning o’g’li Muhammad Jahongir Mirzoni “xon” qilib ko’taradi va davlat ishini asosan o’zi boshqaradi. Xalil Sulton Mirzoning bu jasorati o’z zamonasiga ko’ra katta bir yangilik edi. Zero, “xon”lik mansabini chingiziylar sulolasidan temuriylar sulolasiga o’tkazilishi birinchi hodisa – qilinmagan ish edi. Hatto Temurning o’zi ham bunday qilishga jur’at qilmagan.

Xalil Sulton Mirzo Samarqandni 1409 yilgacha o’z qo’lida saqlab turdi. Movarounnahrdan tashqarida Xalil Sulton Mirzoning hukmronligini hech kim tan olmadi. Ayniqsa, mamlakatning shimoliy qismidagi isyonchi harbiy boshliqlar u bilan chiqisha olmadilar. 1405 yil dekabr – 1406 yil yanvarida Xorazmni bosib olib, Buxoro chegarasigacha hujum qilib kelgan Oltin O’rda tatarlariga qarshi bir necha marta urushlar qilib turdi. Xalil Sulton Mirzo o’z dushmanlari bilan bo’lgan ochiq janglarda ko’pincha g’olib kelardi. Xalil Sulton Mirzoning Shohruh Mirzo bilan bo’lgan so’nggi jangda esa, yengilishi albatta Shohruh Mirzoning harbiy salohiyatida ustunligi emas, balki Shohruh Mirzo tarafidan uyushtirilgan xilma-xil makr-hiylalar sabab edi.

1409 yil bahorida Shohruh Mirzoning qo’shini Bodxex mavzeida Xalil Sulton Mirzoning qo’shini esa Shahrisabz (Kesh)da urushga tayyor holda turardi. Shu asnoda shimolda amir Xudoydod boshchiligida qo’zg’olon ko’tarilgani haqida xabar keladi. Xalil Sulton Mirzo asosiy qo’shinni Shahrisabzda qoldirib, 4000 askar bilan amir Xudoydodga qarshi borishga majbur bo’ladi. 1409 yil 30 mart kuni Xalil Sulton Mirzo amir Xudoydod tomonidan asirga olinib, Samarqandga keltiriladi. Keyinchalik esa Farg’onaga olib ketiladi. Uning xotini Shodmulk begimni esa Shohruh Mirzoga topshiradilar. O’sha zamon ayrim tarixchilarining yozishiga ko’ra, Shohruh Mirzo Shodmulk begimni tahqirlab, ko’p azoblarga duchor qiladi.

Nihoyat, Xalil Sulton Mirzoni Farg’onadan O’trorga keltiradilar. Amir Shayx Nuriddinning vositachiligida Shohruh Mirzo bilan Xalil Sulton Mirzo o’rtasida bitim tuziladi. Bitimga muvofiq Xalil Sulton Mirzo Movarounnahr hukmronligidan voz kichadi. Buning evaziga Ray viloyati hokimligiga ega bo’ladi. Xotini Shodmulk begim qaytarib beriladi. Ko’p o’tmay 1411 yil 4 noyabr chorshanba kuni Xalil Sulton Mirzo Ray shaharida kasal bo’lib vafot etadi. Ayrim tarixchilarning yozishicha, u zahardan o’ladi.

Xalil Sulton Mirzodan Muhammad Bakr Mirzo ismli bir o’g’il qoladi. Uning tug’ilgan yili noma’lum. Muhammad Bakr Mirzo hech qayerda hukmronlik qilmagan. U 1434 yil 10 noyabrda vafot etadi.

SHODMULK BEGIM Xalil Sulton Mirzoning xotinidir. Tarixchi Sharafiddin Ali Yaxdiyning yozishicha, Shodmulk begim Samarqand shahrining quyi tabaqasiga mansub bo’lgan hunarmand oilasidandir. Xalil Sulton Mirzo Shodmulk begimni sevib qolib, o’z zamonasining taomiliga zid o’laroq, ushbu qizga uylanadi. Albatta bunday “tengsiz” nikohga Temur boshliq butun avlod qarshi turadilar. Biroq Xalil Sulton Mirzoning qat’iy qarori g’olib chiqadi Temur avvalida g’azablangan bo’lsa-da, keyinchalik Xalil Sultonga bo’lgan yuksak e’timodi tufayli, uning gunohini kechiradi.

Temur vafotidan so’ng taxtga o’tirgan Xalil Sulton Mirzoning saltanatni boshqarishida Shodmulk begim faol qatnashadi. Shodmulk begimning aralashuvi bilan Xalil Sulton 1406 yilda Temurning beva xotini Tuman Og’oni amir Shayx Nuriddinga xotinlikka beradi. Xazina va saltanat ishlarida Shodmulk begimning faoliyati yanada kuchayadi. Shodmulk begimning irodasi bilan quyi tabaqaga mansub bo’lgan kishilar yuqori lavozimlarga ko’tariladi. Temur safdoshlariga qarama-qarshi o’laroq, Shodmulk begimning xohishiga muvofiq qandaydir Bobo Turmush degan kimsa to’la huquqli vazirlik mansabini egallaydi.

Avvalgi amaldorlardan Ollohdod va Arg’unshohlarga ham hech qanday iltifot ko’rsatilmaydi. Shodmulk begim Temurning barcha beva xotinlari va kanizaklarini harbiy boshliqlar va amaldorlarga in’om qilish haqida Xalil Sulton Mirzoga maslahat beradi va shunga ko’ndiradi. Ibn Arabshohning yozishicha, Temurning eng katta xotini Saroy Mulk xonim va Tukal xonimlar Shodmulk begim tomonidan zaharlab o’ldirilganlar.

1411 yilda Xalil Sulton Mirzo vafot etgach, eridan keyin yashashni istamagan Shodmulk begim zahar ichib o’ladi.

IYJAL MIRZO Mironshoh Mirzoning to’rtinchi o’g’li bo’lib, 1487 yilda tug’ilgan. Iyjal Mirzo Shohruh Mirzo qo’l ostida bo’lgan Badaxshon viloyatlari ustidan hukmronlik qilardi. 1414 yilda Iroq va Fors Shohru Mirzo tasarrufiga o’tgach, Iyjal Mirzoni Badaxshondan olib Ray viloyatiga hukmdor qilib tayinlaydi. Ammo Iyjal Mirzo Rayda ko’p hukmronlik qilmaydi. U 1415 yil aprel oyining boshida qandaydir kasalga uchrab, uch kun yotib, 11 aprel 1415 yilda Ray shaharida vafot etadi.

SUYURG’ATMISH MIRZO Mironshoh Mirzoning beshinchi o’g’li bo’lib, 1399 yilda tug’ilgan. U biror viloyatga hukmronlik qilmasdan, 1411 yildayoq vafot etgan.

SULTON MUHAMMAD MIRZO Mironshoh Mirzoning oltinchi o’g’li deb naql qilinadi. Uning qachon tug’ilib va qachon vafot etgani ham noma’lum. Shuningdek, Sulton Muhammad Mirzoning biror viloyatda hukmron bo’lganligi haqida ham hech qanday asosli ma’lumot uchramaydi.

Biroq Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo o’zining mashhur “Boburnoma” asarida o’z nasli va nasabini mazkur Sulton Muhammad Mirzoga bog’laydi. Shunisi qiziqki, Shohruh Mirzo hayotlik davrida tuzilgan “Nasabnoma”da ham Mironshoh Mirzoning Sulton Muhammad Mirzo nomli o’g’li bo’lganligi haqida hech qanday ma’lumot yo’q. Ya’ni, “Nasabnoma”da Sulton Muhammad Mirzoning nomi zikr qilinmaydi. Fikrimizcha, Sulton Muhammad Mirzo Mironshohning o’g’l emas, kuyovi bo’lsa ham ajab emas. Tarixiy ma’lumotlarga qaraganda, Mironshohning qizlaridan birini Temur nihoyatda yaxshi ko’rgan va o’z saroyida tarbiyalagan. 1397 yilda mazkur nabirasiga atab Samarqandda Bog’i shamolni qurdirgan. Temur ushbu nabirasini o’zi bosh bo’lib, turmushga chiqargan.

MINUCHEHR MIRZO Sulton Muhammad Mirzoning katta o’g’li bo’lib, 1418 yilda tug’ilgan. U ukasi Sulton Abusayid Mirzo mulozimatida bo’lgan. Ukasi vafotidan so’ng, Mozandaronga kelib hayot kechiradi. Xondamirning yozishicha, Minuchehr Mirzo Rustamdor shahrida Sulton Husayn Boyqaroga qarshi fitna urushtirib, isyonga sabab bo’lgani tufayli 1469 yilda qatl qilinadi.

Uning Qorako’z begim nomli qizi bo’lib, inisi Sulton Abusayid Mirzoning to’rtinchi o’g’li Umar Shayx Mirzoga nikoh qilingan edi.

Shuningdek, Minuchehr Mirzoning Malik Muhammad Mirzo ismli o’g’li bo’lib, 1448 yilda tug’ilgan. Hech qayerda hukmronlik qilmay, 1494 yilda vafot etgan.

SULTON ABUSAYID MIRZO Sulton Muhammad Mirzoning ikkinchi o’g’lidir. U 1424 yilda tug’ilgan. Uning yoshlik davriga oid ma’lumot uchramaydi.

1450 yil 8 mayda Abdullatif Mirzoga suiqasd qilinib, qatlga yetkazilgach, Samarqand taxtiga Ulug’bek Mirzoning jiyani hamda kuyovi bo’lmish Abdullo Mirzo (Ibrohim Mirzoning o’g’li) o’tiradi. Bu davrda Sulton Abusayid Mirzo temuriylr davlatining shimoliy chegara shahari Turkiston (Yassi)ni qo’lga kiritgan edi. Endilikda Samarqand taxtiga da’vogar bo’lib, Abdullo Mirzoga qarshi yurish boshlaydi. Abdullo Mirzo Turkiston shahariga qo’shin yuborib shaharni qamal qiladi. Sulton Abusayid Mirzo esa makr-hiyla yo’liga o’tib, bir necha ayg’oqchilarni Samarqand qo’shini orasiga yuboradi. Ular qo’shin orasida “O’zbek xoni Abulhayron Turkiston shahariga yordamga kelayotir!”, – deb gap tarqatadilar. Samarqandliklar bu gapni rost fahmlab, qamalni tashlab, orqaga chekinadilar. Bu xabar Abdullo Mirzo yergach, shaxsan o’zi katta qo’shinga bosh bo’lib, Sulton Abusayid Mirzoga qarshi urushga chiqadi.

Abdullo Mirzoning katta qo’shin bilan kelayotgan xabarini eshitgan Sulton Abusayid Mirzo darhol yordam so’rab, o’zbek xoni Abulhayrxonga elchi yuboradi. Abulhayrxon ham fursatdan foydalanib, Samarqandni yana ikkinchi marta talash niyatida o’z qo’shinlari bilan Turkistonga kelib, Sulton Abusayid Mirzo qo’shinlari bilan birgalashib Toshkentga, u yerdan Xo’jandga keladilar. Bu vaqtda Abdullo Mirzoning askarlari endi Sirdaryodan o’tgan edilar. Sulton Abusayid Mirzo bilan Abulhayrxon qo’shinlari Mirzacho’l orqali o’tib, Abdullo Mirzo qo’shinlariga Bulung’urda ro’baro’ keladilar. 1451 yil iyun oyida Bulung’ur dashtining janubidagi Sheroz qishlog’i yaqinida har ikki qo’shin o’rtasida qonli jang bo’ladi. Natijada, Abulhayrxon Abdullo Mirzoning ko’p sonli qo’shini ustidan g’alaba qozonadi. Abdullo Mirzo mardona kurashib, jang maydonidan orqaga qaytayotganda o’q tegib halok bo’ladi. Sulton Abusayid Mirzo esa hech qanday qarshilikka uchramay, Samarqandga kiradi va taxtni egallaydi.

1457 yil mart oyida Mashhadda Abulqosim Bobur vafot etgach, Sulton Abusayid Mirzo Hirotni bosib olib, Xuroson muzofotini o’z tasarrufiga kiritadi. Sulton Abusayid Mirzo Samarqand taxtini o’zining katta o’g’li Sulton Ahmad Mirzoga berib, o’zi Hirotni poytaxt qiladi.

Sulton Abusayid Mirzo mulkgirlik havasiga mubtalo bo’lgan, shafqatsiz hukmdor edi. U o’zining butun saltanatida jabr-zulm va istibdod asosiga qurgan edi. U Badaxshonni zabt etgach, Badaxshonning sobiq hukmdori Muhammad Badaxshiyning qizini o’z nikohiga olgan. Undan Abu Bakr ismli o’g’li ham bor edi. Muhammad Badaxshiy va uning o’g’lini esa Hirotga keltirib, maxsus nazoratda saqlardi. Badaxshiyning o’g’li Qashg’arga qochib borib, u yerdan kuch to’plab, Badaxshonga kelib isyon ko’taradi. Sulton Abusayid Mirzo isyonni bostirgach, qaynotasi Muhammad Badaxshiy hamda qaynisini qatl qildiradi.

1457 yilda Sulton Abusayid Mirzo Xurosonni qo’lga kiritgach, o’z qarindoshi Ulug’bek Mirzoning nabiralaridan 16 yoshli Ahmad Mirzo, 17 yoshli Abdurazzoq Mirzo hamda Mahmud Mirzzolarni qatl qildiradi. Xuddi shu yili Ulug’bek Mirzoning qarib qolgan onasi – malika Gavharshod begimni o’z nabirasini saltanatga qarshi isyon ko’tarishda ayblab, shafqatsizlarcha chopib tashlashga hukm qiladi. 1464 yilda Abdullatif Mirzoning o’g’li Muhammad Jo’ki Mirzoni xiyonotkorona Ixtiyoriddin qal’asiga qamatib, keyinchalik o’sha yerda bo’g’ib o’ldirtiradi.

1464 yili Alisher Navoiy Mashhaddan Hirotga keladi. Uning maqsadi Abulqosim Bobur Mirzo o’rniga taxtga o’tirgan Sulton Abusayid Mirzo tomonidan musodara qilib yuborilgan otasidan qolgan hovli-joylarga ega bo’lish va qanday bo’lmasin, tirikchilik uchun zarur bo’lgan sharoitni vujudga keltirish hamda hukmdordan o’zining holiga yarasha rioyat va tarbiyat toppish edi. Ammo Sulton Abu Sayid Mirzo Abulqosim Bobur Mirzo saroyida tarbiyalangan, boz ustiga o’zining taxt dushmani Sulton Husayn Boyqaroning yaqin do’sti bo’lmish Alisher Navoiyga hurmat va marhamat ko’rsatmaydi, aksincha unga nisbatan salbiy munosabatda bo’ladi. Bu haqda “Ravzat us-safo”da shunday deb yozilgan “Abusayid Sultonning zamonida Xuroson dorussaltanasiga (Alisher Navoiy – T.F.) borib, bir necha kunni… ostoni mulozamatida o’tkazdi… ammo o’zining holiga yarasha rioyat va tarbiyat topa olmadi”.

Aksincha, Sulton Abusayid Mirzo o’zining “ostoni mulozimat”idan Alisher Navoiyni chetlatishga harakat qiladi. Bu haqda Zahiriddin Muhammad Bobur Alisher Navoiyning Hirotdan Samarqandga quvilishiga doir sabablarni ko’rsatmasa-d, biroq Hirotdan Samarqandga badarg’a qilinganligiga shubha qilmaydi va bu haqda “Boburnoma”da shunday yozadi: “Bilmayman ne jarima bilan Abu Sayid (Alisherni – T.F.) Hirotdan ixroj qildi”.

Sulton Abusayid Mirzoning johilona kirdikorlari haqida Alisher Navoiy o’zining “Saddi Iskandariy” nomli dostonida alohida to’xtalib, shunday yozadi: “Sulton Abusayid kuragon hikoyatikim ko’p mamlakatlar oldi va tig’ bilan ko’p muxulif elga oshub soldi va lekin sipohiysi rozi emas erkanidan urush vaqti barcha qo’zg’oldi va o’zi aduv (maydon – T.F.) aro taxlikaga qoldi”.

Sulton Abusayid Mirzo nechog’liq shafqatsiz bo’lmasin, har holda o’z saltanatida tartib va adolat o’rnatishga harakat qilardi. Chunonchi, 1462 yilda amaldorlardan Shayx Ahmad bilan Muiziddin Xo’ja poraxo’rlikda ayblanadilar. Shayx Ahmadning tiriklayin terisi shilinib olinadi. Muiziddin Xo’jani esa qaynab turgan qozonga tashlatadi.

Sulton Abusayid Mirzo nechog’lik makkor, tadbirkor va donishmand bo’lmasin va lekin uning tabiatida olamgirlik vasvasasi ustun edi. 1469 yilda Sulton busayid Mirzo turkmn hukmdori Jahonshohning vafotidan so’ng g’arbiy Eron (Iroq)ni zabt etish maqsadida jangga otlanadi va Oq qo’yunlu turkman sulolasi bilan jangda halok bo’ladi. Sulton Abusayid Mirzoning jasadi Hirotga keltirilib, Gavharshod begim madrasasi yonida temuriylar dahmasiga dafn etiladi.

Sulton Abusayid Mirzodan o’n bir o’g’il va o’n to’rt nafar qiz qoladi. Eng katta o’g’li Sulton Ahmad Mirzo, ikkinchi o’g’li Sulton Muhammad Mirzo, uchinchi o’g’li Sulton Mahmud Mirzo, to’rtinchi o’g’li Umar Shayx Mirzo, beshinchi o’g’li Ulug’bek (Kobuliy yoki Soniy) Mirzo, oltinchi o’g’li Abu Bakr Mirzo, yettinchi o’g’li Shohruh Mirzo, sakkizinchi o’g’li Sulton Murod Mirzo, to’qqizinchi o’g’li Sulton Xalil Mirzo, o’ninchi o’g’li Sulton Valad Mirzo va o’n birinchi o’g’li Sulton Umar Mirzodir.

Qizlari: 1) Mehrlik begim – Sulton Abusayid Mirzoning Sulton Baxt Begim ismli xotinidan tug’ilgan. 2) Oppoq begim – Fahri Jahon begimdan tug’ilgan. 3) Kichkina begim – Fahri Jahon begimdan tug’ilgan. 4) Shoh begim – Fahri Jahon begimdan tug’ilgan. 5) Oq begim – Hadicha begim nomli kanizakdan tug’ilgan. 6) Zaynab Sulton begim – keyinchalik Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzoning Kobuldagi saroyia istiqomat qilgan. 7) Sulton Baxt begim – keyinchalik Kobulda Bobur Mirzo saroyida istiqomat qilgan. 8) Bad’iul Jamol begim – keyinchalik Kobulda Bobur Mirzo saroyida istiqomat qilgan. 9) Hadicha Sulton begim – keyinchalik Kobulda Bobur Mirzo saroyida istiqomat qilgan. 10) Fahri Jahon begim – keyinchalik Kobulda Bobur Mirzo saroyida istiqomat qilgan. 11) Gavharshod begim – keyinchalik Bobur Mirzo saroyida istiqomat qilgan. 12) Shahribonu begim – keyinchalik Sulton Husayn Boyqaro o’z nikohiga olgan. 13) Poyanda Sulton begim – keyinchalik Sulton Husayn Boyqaro Mirzoning xotini. 14) Oq begim – keyinchalik Kobulda istiqomat qilgan.

SULTON AHMAD MIRZO Sulton Abusayid Mirzoning katta o’g’li bo’lib, Sulton Abusayid Mirzo Samarqand taxtiga o’tirgan yili, ya’ni 1451 yilda Samarqandda tug’ilgan. Onasi O’rda Bug’a tarxonning qizi, Darvesh Muhammad tarxonning egachisi edi. Sulton Abusayid Mirzoning e’tiborli xotini bo’lgan.

Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzoning yozishiga qaraganda, Sulton Ahmad Mirzo baland bo’ylik, qo’ng’ir (qunqor) soqollik, qizil yuzlik, lo’ppi (semiz) kishi edi. Soqoli faqat engakida bo’lib, ikki yanog’ida soqoli yo’q edi. Nihoyatda gapdon va xushmuomala bo’lgan. Sallani o’sha zamon qoidasiga muvofiq to’rt o’ram chirmab, aloqasini qoshinin ustiga qo’yardi. Xanafiy mazhabiga mansub, pokiza e’tiqodli kishi bo’lib, besh vaqt namozni tark qilmas, hatto mayxo’rlik suhbat asnosida ham namozni tark etmas, hatto mayxo’rlik suhbat asnosida ham namozni tark qilmasdi. Hazrat Xoja Ubaydulloga murid edi. Xoja Ubaydullo ham unga murabbiy va rahnamo edi. Ko’p odobli kishi bo’lib, ayniqsa Xojaning suhbatlarida o’ltirganda hech qachon tizzasini tizzasiga tegizib o’tirmagan ekan. Bir marta hazrat Xojaning suhbatida tarki odat qilib, oyog’ini bir-biriga yaqinlashtirib o’tiribdi. Mirzo ketgach, Hazrat Xoja odamlariga buyuribdilarkim, Mirzo o’tirgan yerni qaragaylar. Qarasalar, Mirzo o’tirgan namat ostida bir suyak yotgan ekan. Mirzo o’qimagan, savodsiz bo’lsa-da, bovujudkim, shaharda o’sgan, turk va sodda kishi edi. Ahdiga vafodor va qavli (so’zi)ga ega edi. Undan xiloflik zohir bo’lmadi.

Shijoatli edi. O’qni yaxshi otar edi. Ilvosinga otgan o’qi aksar tegardi. Qovoqni maydonning u boshidan bu boshiga kirib aksar urar edi. (Maydonning o’rtasiga 40-50 gaz uzunlikda yog’och o’rnatib, uchiga qovoq sanchib qo’yiladi. O’q otuvchilar maydon boshidan otda chopib kelaturib, qovoqqa o’q otadilar.) Keyingi paytlarda semizlik natijasida qirg’ovul va bedanali ham yaxshi ovlay olmay qoldi. Ovchi qushlarga ishqiboz edi. Ko’pgina ovchi qushlarni ovga solardi, yaxshi ovlardi. Ulug’bek Mirzodan keyin ovchi qushga ishqiboz bunchalik odam yo’q edi. Ko’p xayolik edi. Aytishlaricha, xilvat joylarda ham o’z mahramlari va uy ichi kishilaridan oyoqlarini yopib yurar ekan. Ichkilikka bir ruju qilsa, 20-30 kun paydar-pay ichar, so’ngra 20-30 kun ichmas edi. Goho mayxo’rlik majlisida bir o’tirganicha bir kecha-kun o’tirardi. Yaxshi ichar edi. Ichkilik ichmagan kunlar kishini tetiklantiruvchi ovqatlarni ko’p tanovul qilardi. Kamgap va odmi kishi bo’lib, tabiatida baxillik mavjud edi. Inon-ixtiyori baklarning qo’lida edi.

Otasi Sulton Abusayid Mirzo Samarqand va Buxoro viloyatlarini Sulton Ahmad Mirzoga bergan edi. Shayx Jamolni Abdul Quddus o’ldirgandan so’ng, Toshkent, Shohruhiya va Sayramni o’z tasarrufiga kiritgan edi. Keyinroq Toshkent va Sayramni ukasi Umar Shayx Mirzoga berga edi. Xo’jand bilan O’ratepa ham bir necha muddat Sulton Ahmad Mirzo tasarrufida edi.

Hukmdorlik yillarida to’rt marta urush qildi. Avval Zomin navohiysida Shayx Jamol arg’unning ukasi Ne’mat arg’un bilan jang qilib, g’olib chiqdi. Ikkinchisi o’z ukasi Umar Shayx Mirzo bilan Xovosda jang qilib, g’olib bo’ldi. Uchinchisi Toshkent navohiysida Chirchiq daryosining yoqasida Sulton Mahmudxonning mo’g’ul askarlari bilan ro’baro’ kelib, bir-ikki otishmadan so’ng har ikki tomon orqalariga qaytib ketdilar. Askarlarning ko’p qismi Chirchiq suviga g’arq bo’ldi. To’rtinchisi Haydar ko’kaltosh bilan Yor yayloq navohiysida jang qilib g’olib chiqadi.

1493 yilda Sulton Ahmad Mirzo o’z kuyovi, mo’g’ul ulusining hukmdori (keyinchalik Toshkent hukmdori) Sulton Mahmudxon bilan ittifoq tuzib, Andijonga – ukasi Umar Shayx Mirzoga qarshi yurish boshlaydi. Sulton Ahmd Mirzo Xo’jand suvining janub tarafidan, Sulton Mahmudxon esa shimol tarafidan yurib kelib Andijon, Axsi Umar Shayx Mirzo jardan yiqilib vafot etadi.

Umar Shayx Mirzoning arkon davlat boshliqlari uning katta o’g’li 12 yoshli Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzoni taxtga o’tqazadilar. Bek va amirlar yig’ilishib, dushmanga qarshi kurashmoq uchun barcha xalqni safarbarlikka chaqiradilar. Xalq fidoyilari vatan himoyasi uchun misli ko’rilmagan jonbozlik ko’rsatib, dushman hurujlarini barbod qiladilar. Xalqning mardonavor kurashini qaytarishga ojizlik qilgan SUlton Mahmudxon qolgan qo’sinlarini yig’ib olib, o’z yurtiga qaytib ketadi. Suv ustiga qurilgan ko’prik sinib, Sulton Ahmad Mirzoning ko’pgina qo’sini suvga g’arq bo’ladi. Bu xabarni eshitgan Sulton Ahmad Mirzo urush boshlanganiga pushaymon bo’lib turganda Bobur Mirzodan iltimosnoma kelgach, Farg’ona hukmronligini yana Bobur Mirzoga “in’om” qilib, Samarqandga qarab jo’naydi. Biroq bir-ikki manzil yurgach, ahvoli o’zgarib, qattiq isitmalab qoladi. O’ratepa navohiysiga yetgand kasallik og’irlashadi va 1494 yil iyul oyining o’rtalarida Oqsuv mavze’ida qirq to’rt yoshida vafot etadi.

Sulton Ahmad Mirzoning oltita xotini bor edi. Birinchisi, Mehr Nigor xonim – Yunusxonning katta qizi edi. Mehr Nigor xonimni Sulton Abusayid Mirzoning o’zi unashtirib, olib bergan edi. Ikkinchisi tarxonlardan bo’lib, Tarxon begim deyishardi. Uchinchisi Qutluq begim bo’lib, Tarxon begim bilan ko’krakdosh (emukdosh) edi. Sulton Ahmad Mirzo Qutluq begimga oshiq bo’lib olgan edi. Binobarin, o’ta suyukli, ammo hukmron, shaddot ayol bo’lib, may ichar edi. Bu xotin hayotligida Sulton Ahmad Mirzo boshqa xotinlarining yoniga bormas edi. Natijada Mirzo Qutluq begimni o’ldirib badnomlikdan qutiladi.

To’rtinchisi Xonzoda begim Termiz xonzodalaridan edi.

Beshinchisi Latifa begim. Ahmad Hojibekning qizidan tug’ilgan nabirasi edi. Sulton Ahmad Mirzo vafotidan so’ng Latifa begimni shayboniyxonlardan Hamza Sulton oladi. Hamza Sultondan uch o’g’il tuqqan edi. Oltinchisi Habiba Sulton begim bo’lib, Sulton arg’unning birodarzodasi (ukasining qizi) edi.

Sulton Ahmad Mirzo mazkur xotinlaridan ikki o’g’il va besh qiz ko’rgan edi. O’g’illari yoshligidayoq vafot qilgan edilar. Qizlarining to’rttasi Qutluq begimdan tug’ilgan edi. Eng kattasi Robiya Sulton begim bo’lib, Qorako’z begim ham derdilar. Sulton Ahmad Mirzo bu katta qizini o’zi hayotlik davrida Toshkent hukmroni (keyinchalik) Sulton Mahmudonga uzatgan edi. Sulton Mahmudxondan bir o’g’il tuqqan bo’lib, ismini Boboxon qo’ygan edilar. O’zbeklar Sulton Mahmudxonni Xo’jandda shahid qilganlarida, uning o’g’li Boboxon va yana bir necha norasida go’daklarni nobud qilgan edilar. Sulton Mahmudxon voqeasidan keyin Robiya Sulton begimni Jonibekni Sulton o’z nikohiga oladi.

Ikkinchi qizi Soliha Sulton begim bo’lib, Oq begim har derdilar. Sulton Ahmad Mirzo vafotidan so’ng, Mirzoning ukasi Sulton Mahmud Mirzo o’zining katta o’g’li Sulton Mas’ud Mirzoga katta to’y qilib olib bergan edi. Keyinchalik Shoh begim Mehr Nigor xonim bilan birga Qashg’arga ketgan.

Uchinchi qizi Oysha Sulton begim edi. Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo besh yasharligida Samarqandga kelganda, Oysha Sulton begimni unga unashtirilgan. Keyinchalik Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzoning darbadarlik yillarida Oysha Sulton begim Xo’jandga keladi va shu yerda Zahiriddin Muhammad bobur Mirzoning nikohiga kiradi. Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo Samarqandni ikkinchi marta qo’lga kiritganda Oysha Sulton begim qiz tuqqan, ismini Faxriniso begim qo’yganlar. Ammo Fahriniso begim 40 kunligida vafot etgan. Oysha Sulton begim keyinchalik egachisining qutqusi bilan Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzoning nikohidan chiqib, Toshkentda qoladi.

To’rtinchi qizi Sulton begim edi. Sulton begim Sulton Mahmud Mirzoning Zuhra begim nomli xotinidan tug’ilan o’g’li Sulton Ali Mirzoga (Sulton Ali Mirzo 1499-1501 yillarda Samarqand hukmdori) nikoh qilingan edi. Sulton Ali Mirzoning qatlidan (1501) so’ng Sulton begimni shayboniylardan Temur Sulton o’z nikohiga olgan. Temur Sultondan so’ng esa Mahdi Sulton o’z haramiga kiritgan.

Beshinchisi eng kichik qizi Ma’suma Sulton begim edi. Onasi Sulton Arg’unning birodarzodasi (ukasining qizi) Habiba Sulton begim edi. Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo Xurosonga borganda Ma’suma Sulton begimni ko’rib yoqtirib qolgan, keyinchalik Kobulga taklif qilgan. Ma’suma Sulton begim bir qiz tuqqan, o’zi esa tug’ish asnosida zoja (qon ketish) kasali bilan vafot etgan. Tug’ilgan qizga onasining ismi Ma’suma Sulton begim deb nom berilgan.

SULTON MUHAMMAD MIRZO Sulton Abusayid Mirzoning ikkinchi o’g’lidir. Sulton Muhammad Mirzo 1452 yilda Samarqandda tug’ilgan. Har holda otasi Sulton Abusayid Mirzo huzurida tarbiyalanib, saroyda istiqomat qilgan bo’lishi kerak. Zero, “Xulosatul-axbor” asarining muallifi G’iyosiddin bin Humomiddin Xondamirning yozishicha, 1468 yilda Sulton Abusayid Mirzo Iroqni zabt qilish maqsadida jangga otlanganda o’g’illaridan Sulton Muhammad Mirzoni va Shohruh Mirzoni o’zi bilan birga olib ketadi. Jang asnosida Sulton Muhammad Mirzo va Shohruh Mirzo amir Hasanbek qo’shinlari qo’liga tushib qoladilar va uzoq muddat qamoqda qolib ketadilar. Qamoqdan ozod bo’lganlaridan so’ng o’sha yerda juda og’ir ahvolda kun kechiradilar. Nihoyat 1493 yilda Sulton Muhammad Mirzo Hirotga qaytib keladi va 1499 yilgacha ham hayot edi. Uning bundan keyingi ahvoli haqida ma’lumot uchratolmadik.

SULTON MAHMUD MIRZO Sulton Abusayid Mirzoning uchinchi o’g’li bo’lib, 1453 yilda tug’ilgan. Sulton Ahmad Mirzo bilan bir onadan tug’ishgan aka-uka edi. Onasi O’rda Bug’a tarxonning qizi, Darvesh Muhammad tarxonning egachisi edi.

Sulton Muhammad Mirzo Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzoning ta’rificha, past bo’yli, siyrak soqolli, semiz, gapga no’noqroq kishi bo’lgan. Axloq va atvori yaxshi bo’lib, siyoq (hisob o’yini va uni hisoblash tartiblari – geometriya) ilmini yaxshi bilgan.

Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzoning yozishicha, Sulton Mahmud Mirzo namozni tark qilmas, saltanatni boshqarish tartibi yaxshi edi. Viloyatda undan so’ramasdan biror dirham yoki biror dinor sarf qilinmasdi. Qo’shinlarining maoshi hech qachon to’xtab qolmas, anjumani, hadyalari, ko’pchilikka beriladigan ovqati (shulon) va mahkamasi yaxshi edi. Hammad ishlari va qoidal va tartibli edi. Uning joriy qilgan tartib va qoidalaridan qo’shin hamda fuqaro chetga chiqmas edi. Ammo zulm va fisq-fasodga ko’p mashg’ul edi. Paydar-pay may ichardi. Qilgan zulm va jabrining kasofatiga barcha o’g’illari juvonmarg bo’ldilar. Ta’bi g’azalga moyil bo’lib, g’azal yozardi. Devon tuzgan edi. Lekin g’azallari juda past va bemaza edi. Yomon e’tiqodli kishi edi. Xoja Ubaydulloga past nazar bilan qarardi. Jur’atsiz kishi edi. Hayosi kamroq edi. Bir necha masxaraboz va beparvolar o’rtasida yurardi. Mahkamada va xaloyiq oldida yoqimsiz, xunuk harakatlar qilardi. Tili zahar bo’lib, so’zini anglab bo’lmas edi.

Sulton Abusayid Mirzo o’g’li Sulton Mahmud Mirzoga Astorobod viloyatini bergan edi. Sulton Abusayid Mirzoning o’limidan so’ng Termiz, Chag’oniyon, Hisor, Xatlon, Qunduz, Badaxshon va Hindiqush tog’igacha bo’lgan yerlar Sulton Mahmud Mirzo tasarrufiga o’tadi.

Hisor voqeasidan so’ng Xurosonga keladi. (Iroq voqeasida Sulton Abusayid Mirzo o’ldiriladi.) Shu vaqtda Qanbar Alibek Hisor hokimi edi. Sulton Abusayid Mirzoning buyrug’iga muvofiq Hindiston qo’shinini yig’ib, Iroqqa ketayotib Xurosonda Sulton qo’shinini yig’ib, Iroqqa ketayotib Xurosonda Sulton Mahmud Mirzo bilan uchrashadi. Bu vaqtda Sulton Abusayid Mirzo halokatini va Xurosonga Sulton Husayn Boyqaro Mirzoning kelayotganini eshitgan Xuroson xalqi, Sulton Mahmud Mirzoni Xuroson tuprog’idan haydab chiqaradilar. Sulton Mahmud Mirzo Samarqandga – akasi Sulton Ahmad Mirzo huzuriga keladi. Bir necha muddat Samarqandda turgach, Ahmad Mushtoq boshliq Said Badr, Xusravshoh va bir necha yigitlar Sulton Mahmud Mirzoni Hisorga – Qanbar Alibek oldiga qochirib olib boradilar. O’sha davrdan to umrining oxirigacha Qahqa bilan Ko’htang tog’ining janubidagi Termiz, Chag’oniyon, Hisor, Xatlon, Qunduz va Badaxshon viloyatlari to Hindikush tog’igacha Sulton Mahmud Mirzoning tasarrufida edi. Akasi Sulton Ahmad Mirzo vafotidan so’ng, arkon davlat maslahat qilib, Mirzoning ukasi Sulton Mahmud Mirzoni Samarqand taxtiga taklif qilib chopar yuboradilar.

Sulton Mahmud Mirzoga bu xabar yetgach, hayallamay Samarqandga yetib keladi va taxtni egallaydi. Sulton Mahmud Mirzo taxtga o’tirgach, jabr-zulmni haddan oshiradi. Shu bois mamlakatning bir necha katta-kichik aslzodalari, sipohiylar va oddiy xalq har tarafga tarqalib, qocha boshlaydilar.

Sulton Mahmud Mirzo Samarqand taxtiga o’tirgach, taxtga da’voga bo’lib kelgan o’z amakivachchasi hamda kuyovi bo’lmish Malik Muhammad Mirzo ibn Minuchehr Mirzoni va yana to’rtta begunoh yosh Mirzolarni Ko’k saroyda qatl qildiradi. Bu haqda Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo shunday yozadi: “Sulton Ahmad Mirzo vafot etgach, Sulton Abusayid Mirzoning akasi Minuchehr Mirzoning o’g’li Malik Muhammad Mirzo saltanat dag’dag’asini qilib, bir necha bebosh takasaltanglar bilan kelib, Samarqandda hech ish chiqara olmadi. Sulton Mahmud Mirzo Malik Muhammad Mirzoni tutdirib, uning yoniga yana to’rtta begunoh mirzolarni qo’shib, Ko’k saroyga chiqarib, shahid qildirdi. Malik Muhammad Mirzo SUlton Mahmud Mirzoning kuyovi ham amakisining o’g’li edi. Aga gunohkor bo’lsa, Malik Muhammad Mirzo gunohkor edi. Qolgan mirzolarda hech qanday gunoh yo’q edi. Ularga podsholik ham tegmas edi. Ular podsholik haqida ta’ma ham qilmasdilar. Yana biri shulki, agarchi mamlakatni boshqarish usul – idorasi yaxshi bo’lsa ham mahkamaboz edi. SIyoq ilmini bilur edi. Ammo tabiati zulm va fisqu fujurga moyil edi. Samarqand taxtiga o’tirgach, o’zgacha tartib, ravish va xarajatlarni vujudga keltirdi. Yana bir buki, Sulton Mahmud Mirzoning o’zi zolim va fosih (yarams ishlar qiluvchi) bo’lib, beklari, xos xizmatchilari va xizmatkorlari o’ta zolim va fosiq edilar. Hisor eli, umuman Xusravshohga ta’lluqli el hamisha mayxo’rlik va zinoga mashg’ul edilar. Kunlardan bir kun Xusravshohning xos xizmatchilaridan biri biro damning chiroyli xotinni zo’rlik bilan tortib olib ketadi. Mazkur xotinning eri Xusravshoh shunday javob beradi: bu xotin bir necha yildan buyon sening bilan birga edi, qo’y endi bir necha kun u bilan ham bo’lsin!”.

Sulton Mahmud Mirzo o’z hukmronlik davrida ikki marta urush qilgan. Har ikkalasi ham Sulton Husayn Boyqaro bilan bo’lgan. Bir martaba Astrabodda urushib mag’lub bo’ldi. Ikkinchi marta Andxo’y navohiysida Chakman degan yerda ham mag’lub bo’ldi. Ikki marta Badaxshonning janub tarafida Kofiristonga borib, g’azot urushi qilgan. Binobarin, farmonlarining yuboriq qismiga katta harflarda “Sulton Mahmud g’oziy” deb yozardi.

Samarqand ahli 25 yil davomida Sulton Ahmad Mirzo qo’l ostida tinchlik va farog’atda yashagan edilar. Sulton Mahmud Mirzodan bunday jabr-zulm, fisqu fujurni ko’rib, ko’p ranj va mashaqqatlar chekdilar. Mamlakatdagi barcha katta-kichik, faqiru miskin Sulton Mahmud Mirzoga la’natlar o’qib, uning haqida duoyi bad qilib, fotiha o’qiydilar. Shubhasiz, jabr-zulm va fisqu fujurning kasofatidan bo’lsa kerak. Samarqand taxtida besh-olti oydan ortiq hukmronlik qila olmadi. 1495 yil yanvar oyida Sulton Mahmud Mirzo og’ir kasallikka mubtalo bo’lib, oltin kun yotib, 43 yoshida vafot etdi.

Chu bad kardi mabosh emin zi ofot,
Ki vojib shud tabiatro mukofot.

(Yomonlik qildingmi, ofatlardan saqlanolmaysan,
Chunki tabiatning beradigan jazosi, naqqddur).

Sulton Mahmud Mirzoning beshta xotini bo’lib, eng katta xotini Xonzoda begim edi. Mir Buzurg Termiziyning qizi edi. Mirzo bu xotinini nihoyatda sevardi. Xonzoda begim vafot etganda Sulton Mahmud Mirzo ko’p vaqtgacha ta’ziya tutgan.

Ikkinchi xotini ham Xonzoda begim derdilar. Bu ham Mir Buzurg Termiziyning nabirasi edi. Xonzoda begim bir o’g’il, besh qizning onasi edi.

Uchinchi xotini Poshsho begim, Qora qo’yunluning Bahorlu aymog’i turkman beklaridan Alisherbekning qizi edi. Jahonshoh Mirzo Boroniy Qora qo’yunluning o’g’li Muhammad Mirzo olgan edi. Ozarbayjon va Iroqni Jahonshoh avlodidan Oq qo’ylik Uzun Hasan olganda, Alisherbekning o’g’illari 4-5 ming uylik Qora qo’yunlu turkmanlar bilan Sulton Abusayid Mirzo xizmatiga kelgan edilar. Sulton Abusayid Mirzo Iroqda shikast yegnda, bu viloyatlarga tushadilar. Sulton Mahmud Mirzo Samarqanddan Hisorg kelganda, mazkurlar Sulton Mahmud Mirzo xizmatiga kelganlar. Sulton Mahmud Mirzo Poshsho begimni o’sha paytda o’z nikohiga kiritgan edi. Bir o’g’il, uch qizning onasi edi.

To’rtinchi xotini Sulton Nigor xonim bo’lib, Yunusxonning qizi, Toshkent hukmdori Sulton Mahmudxonning egachisi, Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzoning xolasi edi.

Beshinchi xotini Zuhra og’a begim edi. Zuhra begim o’zbek kanizaklaridan bo’lib, Mirzo nazdida ancha e’tiborli edi. Sulton Mahmud Mirzo Zuhra begimni Sulton Abusayid Mirzoning hayotligidayoq olgan edi. Zuhra begim bir o’g’il va bir qizning onasi edi. Sulton Mahmud Mirzoning mazkur beshta xotinidan tashqari yana bir necha kanizak va cho’rilari bor edi.

Sulton Mahmud Mirzodan besh o’g’il va o’n bir qiz qolgan edi.

SULTON MA’SUD MIRZO Sulton Mahmud Mirzoning katta o’g’li bo’lib, 1475 yilda tug’ilgan. Onasi Mir buzurg Termiziyning qizi Xonzoda begim. Sulton Mahmud Mirzo o’g’li Sulton Ma’sud Mirzoga Hisor hukmronligini berib, Xusravshohni otabek qilib tayinlagan edi.

Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzoning yozishicha, Sulton Mahmud Mirzo vafot qilgan chog’da, uning o’g’illari – Sulton Ma’sud Mirzo Hisorda, Sulton Boysung’ur Mirzo Buxoroda edi. Sulton Mahmud Mirzoning eng yaqin kishisi Xusravshoh Samarqandda edi. Sulton Mahmud Mirzo vafotidan foydalangan Xusravshoh xazinadan boylik o’marishga harakat qiladi. Ammo uning bu harakati saroy a’yonlari hamda Samarqand ahliga ma’lum bo’lib qoladi. Samarqand ahli g’avg’o ko’trib, Xusravshohni jazolamoqchi bo’ladi. Ammo saroy a’yonlaridan Ahmad Hojibek va tarxon beklari janjalni bosib, Xusravshohni Hisorga jo’natadilar.

Shundan so’ng saroy a’yonlari kengashib, Buxorodan Boysung’ur Mirzoni chaqirib keltirishga qaror qiladilar. Boysung’ur Mirzo kelib taxtga o’tiradi. Boysung’ur Mirzo paytda 18 yoshda edi. 1492 yil iyun oyida Sulton Ma’sud Mirzo Samarqand taxtiga da’vogar bo’lib, o’z ukasi Boysung’ur Mirzoga qarshi qo’shin tortib Shahrisabz (Kesh)ga kelib tushadi. Sulton Ali Mirzo ham akasi Boysung’ur Mirzoga qarshi chiqib, Samarqand tomon qo’shin tortadi. Andijonda Zahiriddin Muhammad BObur Mirzo ham bu xabarni eshitgach, amakivachchasi Boysung’ur Mirzoga qarshi Samarqand taxtiga da’vo qilib, qo’shin tortadi. Biroq shahzodalar Samarqandda Boysung’ur Mirzoga qarshi biror ish chiqaraolmay, o’z viloyatlariga qaytib ketadilar. Faqat Sulton Ma’sud Mirzo Shayx Abdullo Barlosning qiziga moyil bo’lgani tufayli, ushbu qizni o’z nikohiga kiritgach, Hisorga qaytib ketadi.

1497-1498 yilda Xusravshohning qutqusi bilan Boysung’ur Mirzo qo’shin tortib, Chag’oniyonga kelib, makr-hiyla ishlatib, “Keling, Samarqand ustiga yuraylik, birimiz Samarqandda, birimiz Hisorda hukmron bo’laylik”, – degan mazmunda Sulton Ma’sud Mirzoga elchi yuboradi. Ayni vaqtda Sulton Ma’sud Mirzoning qaynotasi Shayx Abdullo Barlos Boysung’ur Mirzodan ranjib, kuyovining viloyati – Hisorga ko’chib kelgan, Sulton Ma’sud Mirzo Shayx Abdullo Barlosga Xatlon viloyatini in’om qilgan edi. Garchi Xatlonda boshqa beklarning ham mulki bo’lsa-da, biroq Shayx Abdullo Barlos hamma mulklarni o’z tasarrufiga kiritgan edi. Bunday o’zboshimchalikdan beklar ranjib, sekin-asta Boysung’ur Mirzoning mulozamatiga o’tib ketaboshlagan edilar.

Xusravshoh bilan Boysung’ur Mirzo yolg’on so’zlar bilan Sulton Ma’sud Mirzoni g’avlatda qoldirib, yarim tunda qo’shin bilan kelib, Hisor qal’asini qamal qiladilar. O’sha tunda Sulton Ma’sud Mirzo shahar tashqarisidagi Davlat saroy nomli saroyda edi. Qal’a qamalidan xabar topgan Sulton Ma’sud Mirzo Xatlonga – Shayx Abdullo Barlos huzuriga qochib boradi. Xatlondan esa qaynota-kuyov birgalashib qochadilar. Yarim yo’lda Sulton Ma’sud Mirzo Shayx Abdullo Barlosdan ajralib, Uboj orqali yurib Xurosonga – Sulton Husayn Boyqaro huzuriga jo’naydi. Shayx Abdullo Barlos esa Shahrisabzga ketadi.

Sulton Husayn Boyqaro Sulton Ma’sud Mirzoni yaxshi kutib oladi va o’z qizlaridan birini berib, o’ziga kuyov qilmoqchi bo’ladi. Biroq Xusravshohning ukasi Boqi Chag’oniyoniy Sulton Husayn Boyqaroning saroyida xizmatda edi. Sulton Ma’sud Mirzo ana shu kishining qutqusi bilan Sulton Husayn Boyqaroning ruxsatisiz Xurosondan qochib, Xusravshohning oldiga boradi. Ana shu paytda Ulug’bek Mirzo Kobuliy (soniy)ning o’g’li Mironshoh Mirzo otasi bilan nizolashib, Hazoraga kelib, u yerda ham e’tiqodsizlik qilib, turaolmay, u ham Xusravshoh oldiga borgan edi. Xusravshoh Hisordan Boysung’ur Mirzoni ham chaqirtirib keltiradi. Ba’zi bir kalta o’ylovchi beklar, har uchala shahzodani o’ldirib, xutbani Xusravshoh nomiga o’qilishini maslahat beradilar. Ammo Xusravshoh qabul qilmaydi va o’zi yoshligidan tarbiyalab o’stirgan Sulton Ma’sud Mirzoni ushlatib, oyoq-qo’lini bog’lab, ko’ziga mil tortdiradi.

Shundan so’ng, Sulton Mirzoning bir necha emikdosh, qarindosh va yaqin kishilari Mirzoni Samarqandga – ukasi Sulton Ali Mirzoning oldiga olib borish niyatida yo’lga chiqib, Shahrisabzga kelib tushadilar. Biroq Sulton Ali Mirzoning Sulton Ma’sud Mirzoa nisbatan niyati yaxshi emasligini eshitgach, Shahrisabzdan qochib, Chorjo’y orqali yurib, Sulton Husayn Boyqro mamlakati – Xurosonga boradilar. Sulton Husayn Boyqaro Sulton Ma’sud Mirzoni avvalgidek ehtirom bilan qabul qilib, Popo Og’acha nomli xotinidan tug’ilgan Begim Sulton ismli qizini Mirzoga nikohlab beradi. Sulton Ma’sud Mirzodan bir o’g’il va bir qiz tug’iladi. Qizini Sulton Husayn Boyqaroning xotini Opoq begim tarbiyalaydi. Sulton Ma’sud Mirzoni shayboniylar o’ldirgach, qizi Hirotdan Kobulga keladi va Sayid Mirzo Opoqqa nikohlanadi. Begim Sulton esa o’g’lini olib Ka’batulloga ketadi.

BOYSUNG’UR MIRZO Sulton Mahmud Mirzoning ikkinchi o’g’li bo’lib, 1477 yilda Hisorda tug’ilgan. Onasi Poshsho begim edi.

Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzoning ta’riflashicha, Boysung’ur Mirzo katta ko’zlik, yumaloq yuzlik, o’rta bo’ylik, turkman chehralik, malohatlik yigit bo’lgan. U ancha odmi, xushtabiatli, adolat va fazilatli shahzoda bo’lgan. Uning ustozi Sayid Mahmud shia mazhabiga mansub bo’lganligi tufayli Boysung’ur Mirzo ko’p malomatlarga qolgan edi. Keyinchalik Mirzo Samarqandda hukmronlik qilgan davrida shia mazhabidan voz kechib, sunna mazhabiga iqtidor qilgani haqida ma’lumotlar bor. Mayga ancha mayli bor bo’lib, may ichmagan vaqtlarida namoz o’qirkan. Sahobati va in’omi o’rta darajada edi. Nasta’liq xatini ancha yaxshi yozar, g’azalni ham yaxshi aytardi. “Odiliy” taxallus qilur edi. G’azallari devon tartib berishga ozlik qilardi. Samarqandning deyarli har bir uyida Boysung’ur Mirzoning g’azallari ardoqlab saqlanardi.

Sulton Mahmud Mirzo Boysung’ur Mirzoga Buxoro viloyatini bergan edi. Sulton Mahmud Mirzo vafot etganda Boysung’ur Mirzo Buxoroda edi. Saroy a’yonlari mashvarat qilib, Boysung’ur Mirzoni Buxorodan chorlab keltirib Samarqand taxtiga o’tqazadilar. Buxoroda tarxonlar isyoni boshlangunga qadar Buxoro viloyati ham Boysung’ur Mirzo tasarrufida edi.

Shu fursatda, ya’ni 1494 yilda Sulton Mahmudxon Sulton Junayd barlosning qutqusi va Samarqandning ba’zi bir ulug’larining maslahati bilan Samarqandni zabt qilish fikricha Kanboy navohiysiga keladi. Samarqanddan Boysung’ur Mirzo katta qo’shin bilan chiqib, Knboyda Sulton Mahmudxon qo’shini bilan jang qilib, g’olib chiqadi. Uch-to’rt ming mo’g’ullarning kallasini kesishga buyuraadi. Bu jangda Sulton Mahmudxonning eng ishonchli kishisi va maslahatchisi Haydar Ko’kaltosh halok bo’ladi.

1496 yil may-iyun oylari Samarqandda tarxonlarning isyoni davom etardi. Mazkur isyonga sabab, Boysung’ur Hisor beklri va qo’shin boshliqlari bilan juda yaqin aloqada bo’lib, Samarqand va boshqa yerlik beklari bilan unchalik inoq emas edi. Shuningdek, Shayx Abdullo barlos ulug’ ixtiyorli bek darajasida bo’lib, uning o’g’illari Boysung’ur Mirzoning eng yaqin kishilariga aylangan edilar. Tabiiyki, bundan tarxon beklari va Samarqand beklari qattiq ranjigan edilar.

Darvesh Muhammad tarxon Buxorodan kelib, Qarshidan Sulton Ali Mirzoni olib kelib, podshoh deb e’lon qiladi. Boysung’ur Mirzo Samarqandning Bog’inavida edi. Darvesh Muhammad tarxonning odamlari Bog’inavga borib, Boysung’ur Mirzoni ushlab, yigitlaridan ayirib, arkka olib keladilar. Sulton Ali Mirzo bilan Boysung’ur Mirzoni bir joyga o’tkazadilar. Kech namoz asrga yaqin Boysung’ur Mirzoni Ko’k saroyga chiqarishga (qarl Ko’k saroyda bo’lardi) qaror qiladilar. Boysung’ur Mirzo tahorat qilish bahonasi bilan Bo’ston saroyning sharqi-shamol tarafidagi imoratlardin biriga kiradi. Eshik oldida tarxonlar qorovulda turadilar. Boysung’ur Mirzo uy ichiga kirgach, uyning yuqori qismida orqa maydonga chiqadigan eshik bo’lib, eshik ustidan g’isht terib devor qilinganini ko’radi. Boysung’ur Mirzo darhol devorni buzib, maydonga chiqib, suv ombordan o’tib, saroy devoridan oshib qochadi. Boysung’ur Mirzo Xoja Kashfirga Xojaka Xojaning huzuriga qochib boradi.

Ertasi tarxon beklari yig’ilishib Xojaka Xojaning huzuriga boradilar. Xoja shahzodani tarxon beklariga bermaydi. Tarxon beklari kuch ishlatib olish mumkin emasligiga ko’zlari yetgach, noiloj qaytib ketadilar. Chunki Xojaning obro’si juda katta edi. Bir-ikki kundan so’ng Xoja Makorim, Ahmad Xojibek va yana ba’zi bir beklar, begimlar, qo’shinlar hamda shahar xalqi tarxon beklariga hujum qilib, Sulton Ali Mirzo bosliq tarxon beklarini arkka qamab, Boysung’ur Mirzoni Xojaning uyidan olib keladilar.

Boysung’ur Mirzoni Ahmad Hojibekning uyiga olib kirib huzuriga Darvesh Muhammad tarxonni olib keladilar. Boysung’ur Mirzo Darvesh Muhammad tarxondan bir-ikki og’iz so’z so’raydi. U esa munosib javob berolmaydi. Boysung’ur Mirzo uni o’limga hukm qiladi. Darvesh Muhammad tarxon qo’rqib ketganidan ayvon ustunini mahkam quchoqlab oladi. Uni o’sha yerdayoq qatl qiladilar. Boysung’ur Mirzo o’z ukasi Sulton Ali Mirzoni Ko’k saroyga chiqarib, ko’ziga mil tortishga farmon beradi.

Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo Ko’k saroy haqida shunday yozadi: “Temurbek solg’on oliy imoratlardin biri Ko’k saroydurkim, Samarqandning arkida voqe’ bo’libtur. Ajab hosiyatliq imorattur. Temurbek avlodidan har kim bosh ko’tarib taxtqa o’rtursa ham shunda o’ltirur, har kim taxt doiyasi bila bosh qo’ysa ham munda qo’yar, hattokim kinoyati bo’lub ediki, falon podshohzodani Ko’k saroyga chiqardilar, ya’ni o’lturdilar”.

Farmonga muvofiq, Sulton Ali Mirzoni Ko’k saroyga chiqarib ko’zlariga mil tortadilar. Jallodning xohishi bilanmi yoki nashtarning xato ketishidanmi, harqalar, Sulton Ali Mirzoning ko’ziga zarar yetmaydi. Ammo Sulton Ali Mirzo bu haqda hech kimga hech narsa demydi va o’zini ko’rlikk solib, ikki-uch kundan so’ng Buxoroga – tarxon beklari yoniga qochib ketadi.

Mana shu bahona bilan, mashhur Xoja Ubaydullo o’g’illari orasiga nifoq tushadi. Ularning kattasi Xojaka Xoja shahzoda Boysung’ur Mirzoni, kichigi Xoja Yahyo esa shahzoda Sulton Ali Mirzoni o’z himoyalariga oladilar. Bir necha kundan so’ng Hoja Yahyo ham Buxoroga ketadi.

Boysung’ur Mirzo qo’shin tortib, Sulton Ali Mirzoga qarshi yuradi. Sulton Ali Mirzo ham tarxon beklari boshchiligida katta qo’shin to’plab, Buxoro yaqinida Boysung’ur Mirzo bilan jang qiladi. Urush ko’pga cho’zilmay Boysung’ur Mirzoning mag’lubiyati bilan tugaydi. Urushda Ahmad Hojibek va yana bir necha beklar qo’lga tushadilar. Ularning ko’pchiligi qatl qilinadi. Ahmad Hojibekni esa Darvesh Muhammad tarxonning xuni evaziga sharmandalarcha o’ldiriladi.

Boysung’ur Mirzoga qarshi Sulton Ali Mirzo Samarqandga qo’shin tortadi. Bu xabar Andijonga Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzoga yetgach, 1496 yil iyun oyida Samarqand taxtiga da’vo qilib, qo’shin tortib keladi. Shu asnoda Hisordan Sulton Ma’sud Mirzo ham qo’shin bilan Shahrisabzga keladi. Samarqandni uch tarafdan uch shahzoda 3-4 oy davomida qamal qiladilar. Nihoyat Xoja Yahyo Sulton Ali Mirzo tarafidan vakil bo’lib, Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo huzuriga kelib, sulh va hamjihatlikni o’rtaga tashlaydi.

Bitimga muvofiq Sug’d tarafidan Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo, narigi tarafidan Sulton Ali Mirzo kelib, Ko’hak suvidan o’tib, ot ustida bir-birlari bilan ko’rishadilar. Ular “yozda yana kelib Samarqandni qamal qilamiz”, – degan bitimga kelishishgach, Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo Andijonga, Sulton Ali Mirzo Buxoroga qaytib ketadilar. Chunki qish yaqinlashib qolgan edi.

Ana shu bitimga muvofiq, 1497 yil may oyida Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo Andijondan qo’shin tortib, Samarqandga yuradi.

Samarqand hukmdori Boysung’ur Mirzo dushmanga yakka o’zi dosh berolmasligiga ko’zi yetgach, Shayboniyxondan yordam so’rab, Turkistonga elchilar yuboradi. Shayboniyxon qulay fursatdan foydalanish maqsadida tezlik bilan qo’shin tortib, Samarqandga yetib keladi va Bobur Mirzo qo’shini bilan to’qnashadi. Biroq hech bir ish chiqaraolmay orqaga chekinadi. Boysung’ur Mirzo esa kutgan maqsadi ro’yobga chiqmagach, Shayboniyxonga nisbatan yetarlik ehtirom va iltifot ko’rsatmaydi. Bobur Mirzodan yengilgach, Boysung’ur Mirzodan iltifotsizlik ko’rgan Shayboniyxon alamzadalik bilan Turkistonga qaytib ketadi.

Shundan so’ng Boysung’ur Mirzo yetti oy qamalni boshidan kechiradi. Nihoyat shaharda ocharchilik boshlanadi. Sabr kosasi to’lgan Boysung’ur Mirzo ochlikdan tinkasi qurigan uch-to’rt yuz qo’shini bilan Samarqandni tashlab chiqib, Qunduzga – Xusravshoh huzuriga qarab ketadi. Boysung’ur Mirzo Termiz navohiysida Amudaryodan kechayotganda Temir hokimi Sayid Husayn Akbar, uni asir olishga harakat qiladi. Sayid Husayn Akbar Sulton Ma’sud Mirzoning avlodi va eng yaqin, hurmatli kishisi edi. Boysung’ur Mirzo epchillik bilan suvdan kechib o’tadi. Ammo uning barcha mol-mulki hamda bir necha mo’tabar kishilari Sayid Husayn Akbar qo’lida asirlikda qoladilar.

Xusravshoh Boysung’ur Mirzoni yaxshi kutib oladi. 1498 yilda Xusravshoh bilan Boysung’ur Mirzo hiyla ishlatib, Chag’oniyonni bosib oladilar. Shundan so’ng Hisor hukmdori Sulton Ma’sud Mirzoga hiyla ishlatib, yolg’on maktublar yozib, Hisor qal’asini bosib oladilar. Sulton Ma’sud Mirzo Hisordan chiqib, o’z yaqin kishilarini olib, Sulton Husayn Boyqaro huzuriga – Xurosonga qochib ketadi.

1499 yili Xusravshoh Balx ustiga qo’shin tortishni o’ylab, Boysung’ur Mirzoni Hisordan chaqirtirib keladi va Balx ustiga yurish boshlaydi. Qo’shin Uyoj mavze’iga yetganda, Xusravshohning fe’li buzilib, taxtgirlik vasvasasiga uchrab, Boysung’ur Mirzoni bir necha beklari ba yaqin kishilari bilan birga bandga soladi. 1499 yil 17 avgustda Boysung’ur Mirzoning bo’yniga chilvir solib, bo’g’ib o’ldiradi. Beklaridan va yaqin kishilaridan bir nechasini qatl qildiradi. Boysung’ur Mirzo 24 yoshida shahid bo’ladi.

Boysung’ur Mirzo o’z hukmronlik yillarida biror kishini tarbiyalab yuqori mansabga yoki beklik martabasiga chiqararaolmagan edi. Uning yonida beklar va amaldorlar uning uchun jon kuydiradigan kishilar emas edilar.

Boysung’ur Mirzo Samarqandni Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzoga oldirib, Xusravshohning panohiga qochib borgandan so’ng, amakisi Sulton Xalil Mirzoning qiziga uylangan edi. Boysung’ur Mirzodan mutlaqo avlod qolmagan. Kanizak va cho’rilar ham yo’q, boshqa xotini ham bo’lmagan.

SULTON ALI MIRZO Sulton Mahmud Mirzoning uchinchi o’g’li bo’lib, 1483 yilda tug’ilgan. Onasi Zuhra begim edi.

Sulton Ali Mirzo otasi Sulton Mahmud Mirzo vafotidan so’ng Qarshi viloyatiga hokim bo’lib, keyinchalik Buxoroni akasi Boysung’ur Mirzodan tortib olgan edi. 1497 yil dekabrda Boysung’ur Mirzodan Samarqandni Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo tortib oladi. Biroq Samarqandda yetti oylik qamaldan so’ng qattiq ocharchilik boshlanib, qo’shin uchun oziq-ovqat topilmas, ot-ulov uchun yem-xashak masalasi ham dushvor edi. Ana shunday mushkul vaziyatda, Bobur Mirzoning ota meros shahri Andijon ham dushman qo’liga o’tish xavfi bor ekanligi haqida xabar keladi. Bobur Mirzo Andijonni qo’lda saqlab qolish uchun qolgan qo’shinni yig’ib, Samarqandga o’z beklaridan birini qo’yib, Andijonga yuradi. Shundan so’ng Sulton Ali Mirzo 1498 yil fevral-mart oyida Samarqandni ishg’ol qiladi.

1499 yilda Sulton Ali Mirzo bilan Mazid tarxonning orasida nizo vujudga keladi. Chunki tarxonlar Buxoroda juda katta e’tiborga va ehtiromga molik edilar. Buxoro viloyatini Vali tarxon o’z qo’liga olgan va viloyatdan tushadigan daromadning aqalli belgilangan oltidan bir ulushini ham xazinaga to’lamas edi. Muhamamd Mazid tarxon esa Samarqandda hokimi Mutlaq edi. U Samarqand va uning atrofidagi mulklarni o’z o’g’illari, qarindosh-urug’lari va yaqin kishilari ixtiyoriga berib qo’ygan edi.

Sulton Ali Mirzo taxtga muqim o’rnashib olgach, Muhammad Mazid tarxonga qarshi siyosat yurita boshlaydi. Hukmdorning maqsadini tushungan Muhammad Mazin tarxon barcha urug’lari, yaqinlari, navkarlari hamda beklaridan Sulton Husayn arg’un, Pir Ahmad arg’un, Xoja Husayn, Uzun Hasanning inisi Qaro barlos, Solih Muhammad va yana ba’zi yigitlari bilan shahardan chiqib ketadi.

Ayni shu paytda Sulton Mahmudxon o’z jiyani Xon Mirzo ibn Sulton Mahmud Mirzo boshchiligida Muhammad Husayn dug’lat, Ahmadbek va yana bir necha mo’g’ul beklarini qo’shin bilan ta’minlab (Xon Mirzo Sulton Ali Mirzoning ukasi), Samarqandni zabt etish uchun jo’natadi. Muhammad Mazid tarxon bir necha odamni Xon Mirzo huzuriga yuborib (Xon Mirzoni Mirzoxon ham derdilar), ularni taklif qiladi hamda o’zi Shavdor navohiysiga kelib, Mirzoxonni ziyorat qilgach, mo’g’ul beklari bilan uchrashadi. Ammo Muhammad Mazid tarxon mo’g’ul beklari bilan murosa qilaolmaydi. Mo’g’ul beklari Muhammad Mazid tarxonga yordam berish uyoqda tursin, balki uni ushlab qolishga harakat qiladilar. Buni sezgan Muhammad Mazid tarxon o’z odamlarini olib, mo’g’ullar qarorgohidan qochib ketadi. Shundan so’ng mo’g’ullar ham orqaga qaytib, Yor yayloqqa kelganlarida Sulton Ali Mirzo kichik qo’shin bilan Samarqanddan chiqib, Xon mirzo boshliq mo’g’ul qo’shiniga hujum qilib, tor-mor qiladi.

Shu voqeadan so’ng Muhammad Mazid tarxon Abduvahob ismli mo’g’ulni Andijonga – Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo huzuriga jo’natadi. Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo darhol qo’shin tortib Samarqand ilinjida yo’lga tushadi. Biroq Darg’omga yetganda Shayboniyxonning Buxoroni olib, Samarqand tomon yurgani haqidagi xabarni eshitib, qo’shinni Shahrisabzga olib boradi. Chunki Samarqand beklarining ko’pchiligini ko’chlari shu yerda edi. 1500 yilda Sulton Ali Mirzo Samarqandni Shayboniyxonga topshirib, degan ovozalar tarqaydi. Bu xabar bejiz emas edi. Sulton Ali Mirzoning onasi Zuhrabegim nodonlik va beaqllik yuzasidan Shayboniyxonga maxfiy ravishda maktub yo’llab: “Agar Shayboniyxon menga uylansalar, o’g’lim Sulton Ali mirzo Samarqandni xon hazratlariga topshirgay, Xon xazratlari Samarqandni olganlaridan so’ng uni (Samarqandni) in’om tarzida yana Sulton Mirzoga qaytarsalar”,- deydi.

Shayboniyxon Zuhrabegimnign va’dasiga muvofiq Bog’i maydonga kelib o’rnashadi. Zuhrabegim o’g’li Sulton Ali Mirzoning boshini aylantirib, o’z rejasiga ko’ndiradi. Sulton Ali Mirzo arkoni davlatidagi hech kim bilan maslahatlashmay, bir necha katta-kichi yaqin kishilari bilan birga Samarqandning Chorraha darvozasidan chiqib, Bog’i maydonga Shayboniyxon huzuriga boradi. Shayoniyxon Sulton Ali Mirzoga iltifot qilmaydi va o’tirish uchun pastroqdan joy ko’rsatadi.

Sulton Ali Mirzoni Shayboniyxon huzuriga ketganini eshitgan Xoja Yahyo qattiq iztirobga tushadi. Mirzoni qutqarib qolish yo’lini topilmagach, o’zi ham Shayboniyxon huzuriga boradi. Shayboniyxon Xoja Yahyo bilan o’tirgan joyida ko’rishadi va bir necha kalima achchiq kinoyali so’zlarini aytadi. Xoja Yahyo o’rnidan turib ketishga jazm qilgach, Shayboniyxon o’rnidan turib Xoja Yahyoga ta’zim qiladi.

Zuhra begim o’zining erga tegish havasi bilan o’g’lining xonumonini barbod qiladi. Shayboniyxon Zuhra begimga parvo ham qilmaydi, aqalli kanizak yoki cho’ri o’rnida ham nazariga ilmaydi. Sulton Ali Mirzo ham qilgan ishidan hayron va shahardan chiqqaniga pushaymonda edi. Sulton Ali Mirzodan ba’zi bir yaqin kishilari Shayboniyxonning kayfiyatidan xavotirlanib, Mirzoni olib qochish fikriga tushadilar. Lekin Sulton Ali Mirzo rozi bo’lmydi. Sulton Ali Mirzo Temur Sulton nazorati ostida edi. 1500 yil Sulton Ali Mirzoni Ko’lba yalangligiga olib chiqib, qatl qiladilar.

Sulton Ali Mirzo qatl qilingach, Shayboniyxon Xoja Yahyoga ikki o’g’li Xoja Muhammad Zikriyo va Hoji Boqi bilan Xurosonga ketish uchun ijozat beradi. Biroq Hoja Yahyo ikki o’g’li bilan yo’lga chiqib, Koruzan navohiysiga yetishganda, orqadan o’zbeklar borib, uchalasini ham shahid qiladilar. Shayboniyxon Hoja Yahyoni ochiq maydonda qatl qildirishdan cho’chirdi. Binobarin, Hojani maxfiy ravishda yo’qotishga harakat qilardi.

SULTON HUSAYN MIRZO Sulton Mahmud Mirzoning to’rtinchi o’g’li bo’lib, 1481 yilda tug’ilgan. Onasi Mir Buzkurning nabirasi Xonzoda begim edi. Sulton Husayn Mirzo O’ratepa viloyatida hokim edi. 1493 yilda otasining hayotlik davridayoq, 13 yoshida vafot etgan.

SULTON VAYS MIRZO Sulton Mahmud Mirzoning beshinchi o’g’li bo’lib, 1485 yilda tug’ilgan. Onasi Yunusxon qizi Nigor xonim edi.

Sulton Vays Mirzo otasi Sulton Mahmud Mirzo vafotidan so’ng, tog’asi Toshkent xoni – Sulton Mahmudxonning saroyida istiqomat qilardi.

1500 yilda Samarqandda Sulton Ali Mirzo bilan Muhammad Mazid tarxon o’rtasida nizo chiqib, Muhammad Mazid tarxon Samarqanddan qochib chiqqa chog’da, Sulton Mahmudxon jiyani Sulton Vays (Mirzoxon) Mirzoga Muhammad Husayn dug’lat, Ahmadbek va bir necha mo’g’ul beklarini hamroh qilib, katta qo’shin bilan Samarqand ustiga – Sulton Ali Mirzoga qarshi jo’natgan edi.

Muhammad Mazid tarxon Shavdor navohiysiga kelib, Sulton Vays Mirzoni ziyorat qilgach, Sulton Ali Mirzoga qarshi kurashda yordam berishini so’raydi. Ammo mo’g’ul beklari Muhammad Mazid tarxon va uning beklari bilan chiqisha olmaydilar. Aksincha Muhammad Qaltis vaziyatni sezgan Muhammad Mazid tarxon Sulton Vays Mirzo lashkargohidan xufiyona chiqib qochadi. Ular ketgach, mo’g’ul qo’shinlari ham orqaga qaytib Yor yayloqqa kelib, istirohat uchun to’xtaydilar. Shu asnoda Samarqanddan Sulton Ali Mirzo oz sonli qo’shin bilan yetib kelib, mo’g’ul qo’shinini bosadi. Mo’g’ul qo’shini dushman zarbasiga dosh berolmay har tomonga parokanda bo’lib ketadi. Sulton Vays Mirzo ham noumid bo’lib, Toshkentga qaytadi.

Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo Kobulni o’z tasarrufiga kiritgach, Sulton Vays Mirzo onasi Nigorxonim bilan birga Bobur Mirzo mulozamatiga kelgan edi. Zotan, Sulton Vays Mirzo Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzoga otasi tomonidan amakivachcha, ona tarafidan xolavachcha edi.

1506 yilda Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo Sulton Husayn Boyqaro ruhiga fotiha o’qimoq uchun Kobuldan Xurosonga jo’nagah, Kobul taxtiga Sulton Vays Mirzoni o’tqazibdilar, degan xabarni eshitadi. Shundan so’ng Bobur Mirzo Kobulni bir hamla bilan qo’lga kiritib, Mirzoxonni qidirtiradi. Mirzoxon qo’rqqanidan onasi Nigorxonimning uyiga kirib, bekinib oladi. Uni tutib Bobur Mirzo huzuriga keltiradilar. Bobur Mirzo Mirzoxonning gunohini kechirgan va xolasining ko’ngli uchun avvalgidek muomalada bo’lgan ekan. Keyinchalik Mirzoxonning Xurosonga ketishiga ruxsat bergan. 1507 yilda Bobur Mirzo Mirzoxonni Badaxshonga hokim qilib jo’natadi. 1526 yilda Mirzoxon (Sulton Vays Mirzo) Badaxshonda vafot etadi.

SULAYMON MIRZO Mirzoxonning (Xon Mirzo) o’g’li bo’lib, 1514 yilda tug’ilgan. Mirzoxon Badaxshonda vafot etgach, 1526 yilda Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo, Sulaymon Mirzoni otasining o’rniga – Badaxshonga hokim qilib tayinlaydi. Sulaymon Mirzo Humoyunshoh davrida ham Badaxshonda barqaror qoladi.

Sulaymon Mirzo tabiatan xushfe’l, hazil-mutoyibaga moyil kishi bo’lgan. U “Zukko” taxallusi bilan forscha va turkcha g’azallar bitgan. Sulaymon Mirzoning mijozi bir oz zaifroq bo’lib, haramidagi xotinlari orasida unchalik obro-e’tiborga sazovor bo’lmagan. Uning xotinlari orasida eng zabardast, tadbirkor va oqilasi Haram begim ismli xotin edi. U qo’loblik Sulton Vaysning qizi bo’lib, Sulaymon Mirzoning makr-hiylasiga uchib, uning nikohiga kirib qolgan edi.

Haram begim davlat ishlariga faol aralashar va kezi kelganda saltanatni boshqarar edi. U erining asosiy maslahatchi va rahnamosi edi. Sulaymon Mirzoning Haram begimdan Ibrohim Mirzo nomli o’g’li bo’lib, ota-bola Badaxshonda hukmronlik qilardilar.

Sulaymon Mirzo Humoyunshoh vafotidan eshitgach, o’g’li Ibrohim Mirzo biln birgalikda 1556 yilda Kobulni bosib olish qasdida qo’shin tortib kelib, shaharni to’rt oy davomida qamal qiladi. Biroq Akbarshoh o’z tarafidan bir necha sarkardalarni Kobul hukmdori – ukasi Muhammad Hakim Mirzoga yordam uchun yuboradi. Sulton Mirzo ko’mak kelayotgan xabarini eshitgach, Kobulni qamaldan bo’shatib, noumid bo’lib Badaxshonga qaytib ketadi.

1559 yilda Sulaymon Mirzo qandaydir vasvasa bilan Balxni zabt qilish orzusida qo’shin to’plab, harbiy yurish boshlaydi. Balx hukmdori o’zbek Pir Muhammad Sulaymon Mirzo qo’shinini tor-mor keltiradi. Jangda Sulaymon Mirzoning og’li Ibrohim Mirzo dushman tarafidan asirga olinadi. Sulaymon Mirzo esa Badaxsonga qaytib ketadi. O’sha yili Pir Muhammad Ibrohim Mirzoni qatl qildiradi.

Sulaymon Mirzo Balxni zabt etolmagach, yana Kobulni bosib olish harakatiga tushadi. 1563 yilda Kobulda Abdulmaoli fitnasi vujudga kelgach, Kobul hukmdori Muhammad Hakim Mirzo Sulaymon Mirzodan ko’mak istab, elchi yuboradi. Sulaymon Mirzo fursatdan foydalanib, darhol qo’shin bilan Kobulga yetib kelib, Abdulmaoli qo’shinini mag’lubiyatga uchratib, o’zini asirga oladi. Shu yili aprel oyida Muhammad Hakim Mirzo va Sulaymon Mirzolar tanta bilan Kobulga kiradilar. Sulaymon Mirzo o’z qizini Muhammad Hakim Mirzoga nikolab beradi.

Sulaymon Mirzo Kobuldan Badaxshonga qaytayotib, o’zining ishonchli beklaridan bir nechasini Kobul, G’azna va boshqa shaharlarga qo’yib ketadi. O’zi Badaxshonga yetib borgach, u yerdan yana bir necha beklarni Kobulga jo’natadi. Mazkur beklar Kobulga saroy to’ntarishini vujudga keltirishlari lozim edi.

Ammo Sulaymon Mirzoning mash’um niyatidan voqid bo’lgan Kobul beklari voqeani Muhammad Hakim Mirzoga xabar qiladilar. Muhammad Hakim Mirzo farmoniga muvofiq Badaxshon beklari qo’lga olinadilar. Ulardan ayrimlari qochib Badaxshonga borib, Sulaymon Mirzo huzurida voqeani bayon qiladilar. Sulaymon Miroz huzuziga voqeani bayon qiladilar. Sulaymon Mirzo g’azab otiga minib, qo’shin tortib Kobulga keladi. Bu xabarni eshitgan Muhammad Hakim Mirzo Kobul mudofaasini ishonchli beklardan biri Boqi Qoqsholga topshrib, o’zi Peshvorga – akasi Jaloliddin Muhammd Akbarshoh huzuriga ketdi. Sulaymon Mirzo Muhammad Hakim Mirzoni Jalolobodgacha quvlab boradi, ammo tuta olmay orqag qaytadi.

Akbarshoh ukasi Muhammad Hakim Mirzodan voqeani eshitgach, Kobulga katta qo’shin jo’natadi. Akbarshoh qo’shiniga bardosh bera olmasligiga ko’zi yetgn Sulaymon Mirzo Kobulni tashlab Badaxshonga qaytib keladi. Kobul yana Muhammad Hakim Mirzo tasarrufida qoladi.

Akbarshoh Mir Muhammadxonni Muhammad Hakim Mirzoga otabek qilib tayinlaydi. Biroq Muhammad Hakim Mirzoning noittifoqligi tufyli ko’p o’tmasdan Mir Muhammadxon Kobulni tashlab, Akbarshoh saroyiga qaytib ketadi. Shundan so’ng Kobulda Muhammad Hakim Mirzo mustaqil hukmron bo’lib qoladi.

1565 yil Sulaymon Mirzo Kobulda Muhammad Hakim Mirzoning yolg’iz qolganini bilgach, yana qo’shin to’plab to’rtinchi marta Kobulga qarab yuradi. Bu xabarni eshitgan Muhammad Hakim Mirzo Kobulga o’zining ishonchli kishisi Ma’sumxonni qo’yib, o’zi Shakar darasiga ketadi. Sulaymon Mirzo Kobulni qamal qiladi. Biroq, Ma’sumxon Kobul mudofaasini yaxshi uyushtirganligi tufayli, Sulaymon Mirzo Kobulni ololmay, makr-hiyla yo’li bilan Muhammad Hakim Mirzoni qo’lga tushirishga harakat qiladi. Ammo Muhammad Hakim Mirzo bu hiyladan voqif bo’lib, Jalobodga qochadi. U yerda Peshovarga borib, Akbarshohni mojarodan xabardor qiladi. Akbarshoh ukasining ixtiyoriga Panjob qo’shinini yuboradi. Biroq qish yaqinlashib qolgani tufayli Sulaymon Mirzo Kobulni ololmay Badaxshonga qaytib ketadi.

Sulaymon Mirzo Kobulni olish niyatiga to’rtinchi marta ham eshiraolmagach, o’z qo’l ostidagi bek va amaldorlariga nisbatan ishonchsizlik bildirib, ularni mansab va lavozimlarini o’zgartira boshlaydi. Jumladan Qunduz hokimi Muhammad Qulining o’rniga Hoji Tumanbegini tayinlaydi. Shundan so’ng bek va amaldorlar Sulaymon Mirzodan qochib, Hoji Tumanbegi tomoniga o’tadilar. Muhammad Quli esa isyon ko’taradi.

Sulaymon Mirzoning o’g’li Ibrohim Mirzo Muhtarama begim nomli ayolga uylangan edi. Muhtarama begim ilgari Komron Mirzoning xotini edi. Komron Mirzo vafotidan so’ng Ibrohim Mirzo nikohiga kirgan edi. Muhtarama begimning Ibrohim Mirzodan Shohruh Mirzo ismli o’g’li bor edi.

Sulaymon Mirzoga qarshi MuhammadQuli boshchiligida saroy a’yonlari isyon ko’tarishgach, Muhtarama begim yetti yoshli Shohruh Mirzo bilan birga isyonchilar tomoniga o’tadi. Sulaymon Mirzo isyonni daf etishga harakat qilib, Qunduzni 40 kun qamal qiladi. Natijada Muhammad Quli qaytadan Qunduz hokim etib tayinlanadi.

Biroq ko’p o’tmay Muhammad Quli Shohruh Mirzoni Badaxshon taxtiga o’tqazish uchun yana isyon ko’taradi. Sulaymon Mirzo Qunduzga hujum qilib, Muhammad Qilini yengadi. Qunduz qo’ldan ketgach, Muhtarama begim o’g’li Shohruh Mirzoni olib, Hindikush tomon yuradi v Andrabodni qo’lga kiritadilar. Sulaymon Mirzo nevarasi Shohruh Mirzo ketidan quvib borib, uni tor-mor keltiradi. Shohruh Mirzo onasi bilan qochib ketayotib, muhofazasiz qolgan Qunduz qal’asiga kirib, qal’ani hech bir qarshiliksiz qo’lga oladi. Qal’adagi barcha mol-mulk Shohruh qo’liga o’tadi. Shundan so’ng Sulaymon Mirzo nevarasi Shohruh Mirzo bilan bitim imzolashga va bitimga muvofiq, Shohruh Mirzoning otasi Ibrohim Mirzoga tegishli bo’lgan yerlarni qaytarib berishga majbur bo’ladi. Lekin bir oz vaqt o’tgach, Shohruh Mirzo Tolqonga hujum qiladi. Ayni vaqtda hokimiyat ikkiga bo’lingach, Sulaymon Mirzoning avvalgi harbiy kuchi qolmagan, binobarin nevarasi Shohruh Mirzoga qarshi kurashmoqqa qurbi yetmas edi. Binobarin, muqaddam joylarni ziyorat qilish bahonasida Badaxshonni Shohruh Mirzoga tashlab ketadi.

Sulaymon Mirzo kuyovi Kobul hukmdori Muhammad Hakim Mirzo huzuriga boradi. U esa Sulaymon Mirzoni Peshovarga jo’natadi. Sulaymon Mirzo Peshovardan Agraga – Akbarshoh mulozamatiga boradi. Akbarshoh Sulaymon Mirzoni yaxshi kutib oladi va Badaxshonni unga qaytarib olib berishga va’da qiladi.

Lekin ko’p o’tmay Akbarshoh saroyiga Shohruh Mirzoning vakillari keladilar. Qizig’i shuki, Akbarshoh Shohruh Mirzo elchilarini ham juda yaxshi kutib oladi va Shohruh Mirzo elchilarini ham juda yaxshi kutib oladi va Shohruh Mirzoni Badaxshon hokimi deb, tan oladi. Albatta, bu yerda Akbarshoh uzoqni o’ylab ish tutgan bo’lishi mumkin. Zotan, ayni paytda Buxoro hukmdori Abdullaxon Badaxshonga ko’z tikib turar va qulay fursatni kutardi. Agar Akbarshoh Shohruh Mirzo qo’llab-quvvatlamasa, u holda Shohruh Mirzo Abdullaxondan yordam so’rashi va natijada Badaxshon Buxoro ta’siriga tushib qolish ehtimoli bor edi.

Shu voqeadan so’ng, aldanganini sezgan Sulaymon Mirzo 1575 yilda Makka ziyoratiga jo’nab ketadi. Makkada besh yil turib, qaytishda Eron shohi Ismoil II huzuriga keladi. U Badashonni qaytarib olishda Sulaymon Mirzoga yordam berishga va’da baradi. Ammo Sulaymon Mirzo Badaxshonga yetmasdanoq Ismoil II vafot etadi. Sulaymon Mirzo uchun endilikda bitta yo’l qolgan edi. U ham bo’lsa Buxoro hukmdori Abdullaxondan yordam olishi mumkkin edi. Lekin Shohruh Mirzo bu ko’ngilsiz voqeaning oldini olish maqsadida bobosi Sulaymon Mirzo bilan bitim tuzgan, degan rivoyatlar ham bor. Biroq Hofiz Tanish Buxoriyning bergan ma’lumotiga qaraganda, Sulaymon Mirzo kuyovi Muhammad Hakim bilan birga ikki yil davomida Shohruh Mirzoga qarshi jang qiladilar. Jangd Sulaymon Mirzo g’olib chiqadi. 1580 yilda har ikki tomon sulh tuzadi. Sulhga muvofiq Tolqondan Hidikushgacha bo’lgan yerlar Sulaymon Mirzo tasarrufiga kiradi. Natijada, Badaxshonda yana qo’sh hokimiyat vujudga keladi.

Ammo Sulaymon Mirzo bilan Shohruh Mirzo o’rtasidagi kurash mazkur sulh bbilan tinchimadi. Ular orasida nizo kundan-kun chuqurlashib, qonli to’qnashuvlarga sabab bo’lardi.

“Mirot ul-Olam”da yozilishicha, 1584 yilda Shohruh Mirzo bobosidan yengilib, Akbarshoh saroyiga qochib keladi. Darvoqe’, bu jangd Sulaymon Mirzo Buxoro hukmdori Abdullaxondan yordam olgan edi.

Yuqorida keltirilgan ma’lumotlarga qaraganda, bobo bilan nabira o’rtasida to’xtovsiz kurash davom etgan. Natijada har ikki tomonning kuchsizlanishi tufayli Abdullaxon uchun qulay fursat vujudga kelgan. Zotan, ko’p o’tmay Buxoroga qo’shini Badaxshonga hujum qilib, zabt etadi. Sulaymon Mirzo bilan Shohruh birin-ketin hokimiyatdan mahrum bo’lib, Agraga – Akbarshoh huzuriga borib, sig’inadilar. Badaxshon uchun bo’lgan urushda buxoroliklar Shohruh Mirzoning o’g’li Muhammad Zamon Mirzoni asirga tushiradilar.

Sulaymon Mirzo Lamg’onda yashab, yangidan kuch to’plab, 1587 yilda Tolqonga hujum qiladi. Biroq Balx hokimi Abdumo’minxon Sulaymon Mirzoni tor-mor keltiradi. Sulaymon Mirzo Akbarshoh saroyida ikki yil yashab, 1590 yil 77 yoshida Loxurda vafot etadi. Akbarshoh Shohruh Mirzoga Malva o’lkasida jogir beradi.

“Akbarnoma” muallifining bergan ma’lumotiga ko’ra, Shohruh Mirzoning ikkinchi o’g’li Hasan Mirzo Badaxshonda Abdullaxonga qarshi kurashib, hech bir ish chiqara olmagach, Hindistonga kelib, Akbarshoh saroyidan boshpana topadi. 1601 yil yanvar oyida Hinddan qochib Eronga – Shoh Abbos huzuriga boradi. Shoh Abbos uni Hirot hokimi Husaynxon ixtiyoriga yuboradi. Husaynxon Hasan Mirzoni qo’shin bilan ta’minlab Badaxshonga jo’natadi. Hasan Mirzo bus afar ham Badaxshonda biror ish chiqara olmay Hazoraga qaytib keladi va Hazora qabilalarini o’z orqasidan ergashtirib, Qandahorning shimoliy qismida isyon ko’taradi. Qandahorning Akbarshoh tomonida qo’yilgan hokimi Shohbek Hasan Mirzo isyonini bostiradi. Hasan Mirzo Shohbek ta’qibidan qochib, Chaxcharon tog’iga ketadi va o’sha yerdan panoh topadi.

BEKABEGIM Sulton Mahmud Mirzoning Xonzoda begim ismli xotinidan tug’ilgan qizi.

Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzoning yozishicha, Sulton Husayn Boyqaro Sulton Mahmud Mirzoga hujum qilib, Hisorni qamal qiladi. Shunda Sulton Husayn Boyqaro Sulton Mahmud Mirzoga, agar qizi Bekagimni kelinlikka bersa, Hisor qamalini bo’shatib ketajagini bildiradi. Sulton Mahmud Mirzo bu talabga rozi bo’ladi. Sulton Husayn Boyqaro o’zining Poyanda Sulton Begim nomli xotinidan tug’ilgan o’g’li Haydar Mirzoga Bekabegimni aqd qilib, Hisorni qamaldan bo’shatib ketadi.

Sulton Mahmud Mirzoning Xonzoda begimdan tug’ilgan uchinchi qizining ismi Oqbegim edi.

OYBEGIM Sulton Mahmud Mirzoning Xonzoda begimdan tug’ilgan to’rtinchi qizi edi.

Sulton Husayn Boyqaro Qunduz viloyatiga bostirib kirganda, Sulton Mahmud Mirzoning ukasi Andijon hukmdori Umar Shayx Mirzo o’z o’g’li Jahongir Mirzoni qo’shin bilan Sulton Husayn Boyqaroga qarshi yuborgan edi. O’sha paytda Oybegim Jahongir Mirzoga aqd qilingan edi.

1504 yilda Amudaryo yoqasida Boqi Chag’niyoniy o’z ko’ch-ko’roni bilan Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo mulozamatiga kelib qo’shiladi. O’sha paytda marhum Sulton Mahmud Mirzoning xotin va qizlari Termizda edilar. Ular ham Boqi Chag’oniyoniy bilan birga keladilar. Bobur Mirzo qo’shinlari Kohimardga yetganda Jahongir Mirzo Oybegimni o’z nikohiga oladi. Oybegim faqat bittagina qiz tug’adi. Keyingi paytlarda Oybegimning qizi buvisi Xonzoda begim bilan birga Badaxshonda istiqomat qiladi.

ZAYNAB SULTON BEGIM Sulton Mahmud Mirzoning Xonzoda begimdan tug’ilgan beshinchi qizi edi.

Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo Kobulni olgandan so’ng, onasi Qutluq Nigorxonimning qistovi bilan Zaynab Sulton begimni o’z nikohiga kiritadi. Biroq Zaynab Sulton begimdan Bobur Mirzoning ko’ngli to’lmaydi. Ikki-uch yildan so’ng Zaynab Sulton begim chechak (obila) kasali bilan vafot etadi.

MAHDUMA SULTON BEGIM Sulton Mahmud Mirzoning Zuhra begim ismli xotinidan tug’ilgan qizi edi. Sulton Ali Mirzoning singlisi edi. Mahduma Sulton begim Badaxshonda istiqomat qilgan.

RAJAB SULTON BEGIM Sulton Mahmud Mirzoning kanizak xotinidan tug’ilgan qizi edi.

MINUCHEHR MIRZO Sulton Muhammad Mirzoning katta o’g’li. Sulton Abu Sayid Mirzoning akasi. Minuchehr Mirzo saltanat tuzmagan.

MALIK MUHAMMAD MIRZO Minuchehr Mirzoning o’g’li edi. Malik Muhammad Mirzo amakivachchasi Sulton Mahmud Mirzoning eng katta qiziga uylangan edi. Bu qiz Boysung’ur Mirzo bilan bir onadan – Poshshobegimdan tug’ilgandi.

1494 yilda Sulton Ahmad Mirzo vafot etib, o’rniga ukasi Sulton Mahmud Mirzo Samarqand taxtiga o’tirgach, Malik Muhammad Mirzo Samarqand taxtiga da’vogar bo’lib, qo’shin tortib keladi. Holbuki, hech bir ishni uddalay olmaydi va bu jangda qaynotasi Sulton Mahmud Mirzo qo’liga asir tushadi. Sulton Mahmud Mirzo kuyovi Malik Muhammad Mirzoni o’z qarindoshi ekaniga ham qaramay, Ko’k saroyga chiqarib, qatl qildiradi.

SULTON MUROD MIRZO Abusayid Mirzoning beshinchi o’g’li bo’lib, 1456 yilda Samarqandda tug’ilgan edi. Tarixchi Xondamirning “Xulsat ul-axbor” asarida yozilganiga qaraganda, Sulton Abusayid Mirzo bu o’g’liga Garmser va Qandahor viloyatlarining hokimligini in’om qilgan edi. Binobarin, Sulton Murod Mirzo mazkur viloyatlard otasi Sulton Abusayid Mirzoning Iroqda halokatga uchraguniga qadar hukmronlik qiladi.

Sulton Abusayid Mirzo Iroqqa qarshi qo’shin tortarkan, Sulton Murod Mirzoga ham qo’shini bilan Iroqqa yetib borishini ta’kidlab xabar yuboradi. Sulton Murod Mirzo farmoniga muvofiq yo’lga chiqib Kirshonga yetganda, otasining halokatga uchragani haqidagi xabarini eshitadi va Garmserga qaytib keladi.

1469 yilda Sulton Husayn Boyqaro Hirot taxtiga o’tirgach, Sulton Murod Mirzo hukmdor huzuriga mulozimatga keladi. Sulton Husayn Boyqaro Sulton Murod Mizoni Samarqandga – akasi Sulton Ahmad Mirzo huzuriga jo’natadi. Ammo Sulton Murod Mirzo o’z akasi Sulton Ahmad Mirzodan iltifot ko’rmagach, yana Hirotga – Sulton Husayn Boyqaro xizmatiga qaytib keladi. Xondamirning yozishicha, Sulton Murod Mirzo bir necha kun yana Sulton Husayn Boyqaro tarbiyasida yurib, 1475 yil iyun oyida Sultonning ba’zi bir mulozimlari biln birgalikda Neratu qal’asiga jo’nab ketadi. Shundan so’ng uning taqdiri haqida hech kim hech narsa bilmdi, – deb yakunladi Xondamir.

SHOHRUH MIRZO Sulton Abusayid Mirzoning oltinchi o’g’li bo’lib, 1458 yilda Hirotda tug’ilgan. Onasi Alouddavlar Mirzoning qizi Sulton begim edi.

“Xulosat ul-axbor”da yozilishicha, Shohruh Mirzo otasi Sulton Abusayid Mirzoning Iroq yurishida birga bo’lib, jang asnosida akasi Sulton Muhammad Mirzo bilan birga Muhammad Yodgor Mirzoning yaqin kishilaridan amir Hasanbeknign qo’liga tushib qoladilar va uzoq muddat davomida qamoqda yotadilar.

Shohruh Mirzo bir necha muddatdan so’ng qamoqdan ozod bo’lsa-da, biroq Xurosonga qaytib kelishga iloj topolmay ko’p yillar mashaqqatli og’ir ahvolda kun kechiradi. Nihoyat, 1493 yilda Hirotga qatib kelayotib, yo’lda vafot etadi. Uning jasadini Hirotga keltirib, Gavharshod begim madrasasining xonaqohiga dafn etadilar.

ABUBAKR MIRZO Sulton Abusayid Mirzoning badaxshonlik xotinidan 1458 yilda tug’ilgan edi. Otasi unga Badaxshon hokimligini in’om qilgan edi. Binobarin, otasi vafot qilgan chog’da shahzoda Badaxshonda turardi. Abubakr Mirzo shijoatli, jasur va baland himmatli shahzoda edi.

Sulton Husayn Boyqaro Chakman jangida Hisor hukmdori Sulton Mahmud Mirzo ustidan g’alaba qilgach, Abubakr Mirzoda shahanshoh bilan uchrashib, uning mulozimatiga kirish istiyoqi paydo bo’ladi. Uning Sulton Husayn Boyqaroga ixlosi oshib, xatto unga kuyov ham bo’lish orzusida edi. Shu bois o’zining yaqin a’yonlaridan biri amir Jaloliddin Mazid arg’un bilan yo’lga chiqib, Jayxun bo’yiga yetganida shahanshoh huzuriga o’z elchisini yuboradi. Bu xabar shahanshohga yetgach, u xursand bo’lib shahzodaning huzuriga ulug’ amir Alisher Navoiyni jo’natadi. Amir Alisher Navoiy shahzodaning huzuriga borib, shahanshohning unga bo’lgan yuksak ehtiromini bir necha dalillar bilan isbotlab, uni Hirot dorussaltanasiga olib keladi.

Abubakr Mirzo shahanshoh huzurida yuksak ehtiromga noil bo’lib, iltifotlarga sazovor bo’ladi. Shuningdek, shahanshoh Abubakr Mirzoga va u bilan birga kelgan kishilarga qimmatbaho in’omar hadya qiladi. Abubakr Mirzo bir necha kun Hirotda shohona aysh-ishratda kun kechiradi. Nihoyat shahanshoh o’zining eng katta qizi Sultonim begimni shahzoda Abubakr Mirzoga unashtiradi. Shundan so’ng Abubakr Mirzo Badaxshonga jo’nab ketadi.

Shahzoda Badaxshonga qaytib kelgandan so’ng, ko’p o’tmay amir Jaloliddin Mazid arg’undan ranjib, uni o’ldiradi. Har holda Abubakr Mirozning bundan keyingi baxtsizliklari ana shundan boshlanadi. Tez orada Sulton Mahmud Mirzo Badaxshonni zabt etishga harakat boshlaydi.Abubakr Mirzo esa yana Sulton Husayn Boyqaro huzuriga panoh istab boradi. Shahanshoh unga yuksak iltifotlar ko’rsatib, saroydan muayyan joy belgilaydi.

Shu paytda Balx hokimi Ahmad Mushtoqning oliy saltanatga qarshi maxfiy isyon tayyorlab, Samarqand hukmdori Sulton Mahmud Mirzoga va Hisor hukmdori Sulton Mahmud Mirzo huzuriga elchilar yuborib, ko’mak so’ragani haqida xabar keladi. Sulton Husayn Boyqaro amir Abduxoliqni bir necha ishbilarmon a’yonlar bilan bir guruh qo’sinni hamroh qilib Balxga jo’natib, ketidan katta qo’shin bilan o’zi ham ketadi. Ammo Balx hokimiga ko’mak berish bahonasi bilan Samarqand va Hisor qo’shinining yetib kelishi shahanshohni orqaga chekinishga majbur qiladi. Shahanshoh o’z qo’shini bilan Faryobga kelib to’xtaydi. Bu paytda shahanshohning ko’rsatmasiga muvofiq, Abubakr Mirzo Faryobda istirohatda edi. Biroq shahanshohning kelayotganini eshitgan shahzoda darhol o’z yaqinlari bilan birga Faryobdan Badaxshonga qochadi.

Abubakr Mirzo akasi Sulton Mahmud Mirzoning Balxda ekanligidan foydalanib, Hisorga bostirib kirib, aholini talaydi. Biroq Sulton Mahmud Mirzoning kelayotganini eshitgach, Hisorni tashlab, Badaxshon tog’lariga qochib ketadi. U yerdan qo’shin to’plab, Xuroson hududiga o’tib, Marv yaqiniga keladi. Bu xabar shahanshohga yetgach, amir Abduxoliq, amir Feruzsohh va Muiziddin Yasovul va amir Ahmad Yoriyni bir ming askar bilan shahzodaga qarshi jo’natadi. Abubakr Mirzo shahanshoh qo’shinidan shikastlanib, Balxga qochadi. U yerdan Kobul yo’li orqali Seyistonga ketadi. Seyisondan esa Kermonga borib, shaharning to’rt tomonidan to’satdan karnay-surnay chaldirib, shovqin-suronni falakka yetkazadi. Kermon shahrining dorug’asi (boshlig’i) Alixon Mirzo esa nogohoniy qiy-chuvdan esankirab, shaharni tashlab qochadi. Abubakr Mirzo tantana bilan shaharga kirib, bir necha oy davomida ayshu ishratda hayot kechiradi. Iroq va Ozarbayjon podshohi bu voqeani yaxshilab aniqlagach, Abubakr Mirzoga qarshi askar yuboradi. Shahzoda jang qilishga qurbi kelmay, Kermondan chiqib yana Seyistonga keladi. Shu asnoda Sulton Husayn Boyqaroning kasal bo’lib yotgan xabarini eshitadi. Shundan so’ng Abubakr Mirzo Bayrambek, Pir Ali Turkman bilan ittifoq tuzib, Hirot ustiga qo’shin tortadi. Ammo shahanshoh shahzoda Abubakr Mirzoning qora niyatidan voqif bo’lib, kasalning shiddatiga qaramay, besh yuz jangovar askarga bosh bo’lib, taxtirvonda jangga chiqadi. Har ikki tomon jangga kirishib, jang nihoyasi Abubakr Mirzoning mag’lubiyatga uchrab, jang maydonini tashlab qochishi bilan yakunlanadi. Abubakr Mirzo Faroh viloyatiga kelib o’rnashadi.

Sulton Husayn Boyqaroning muxlislaridan biri Jon Ahmad Cho’li nomli kishi bo’lib, u ilgari Sulton Abusayid Mirzo xizmatida ham bo’lgan edi.

Jon Ahmad Cho’li shahanshohdan ijozat olib, Farohga boradi. Yo’l asnosida kechasi Sabzavor chegarasiga yetganda, Abubakr Mirzo tomonidan qo’yilgan qorovullarga duch keladi. Uni ushlab, darhol shahzoda huzuriga olib boradilar. Shahzoda Jon Ahmad Cho’lidan shahanshoh haqida ayrim ma’lumotlarni so’raydi. U esa hozir Hirotda 10-15 ming qo’shin jangovar holda turgani va atrofga ayg’oqchilar yuborilgani haqida so’zlarb, “bu bandaning zimmasida marhum padari buzrukvoringiz Sulton Abusayid Mirzoning haq va huquqlari benihoya ko’pdir, binobarin, shahardan yashirincha qochib, sizni qidirib topib, dushmanlarning kirdikorlaridan ogoh qilishga jazm qildim”, – deydi.

Abubakr Mirzo bu so’zni eshitgach, Jon Ahmad Cho’liga bir ot hadya qiladi. O’sha tun Jon Ahmad Cho’li shahzoda bilan bo’lib, ertasi tong saharda Hirotga jo’naydi. Shahzoda esa Hirotga hujum qilish niyatidan qaytib, o’z jonini saqlash maqsadida Astrobod tomonga qochadi. Jon Ahmad Cho’li esa Hirotga kelib, shahanshohga barcha voqeani bayon qiladi. Shahanshoh shahzodaning ketidan quvib, Astrobod tomon yuradi. Shahzoda Gurgon daryosiga yetib borgach, undan ketib o’tib sohilda tunaydi. Ammo shahanshoh ham shitob bilan saharda sohilga yetib boradi. Bu paytda shahzoda noz uyquda edi. Shovqin surondan uyg’onib ketgan shahzoda otga qamchi bosib, Dehiston tomonga qarab qochadi. U mazkur mavze kattalaridan birining uyiga kirib, ot so’raydi. Uy sohibi qabul barmog’ini peshonasiga qo’yib, shahzodani ehtirom bilan uyga olib kiradi va oldiga dasturxon yozib, o’zi shahanshoh huzuriga borib, voqeani bayon qiladi.

Shahanshoh darhol Qanbar Ali jallodni bir necha bahodirlarga hamroh qilib, shahzoda Abubakr Mirzoni qo’lga olish uchun jo’natadi. Ular shahzoda o’ltirgan uyga bosib kirib, shahzodani bandga oladilar va 1479 yil oktabr oyida qatl qiladilar.

ULUG’BEK MIRZO Sulton Abusayid Mirzoning sakkizinchi o’g’li bo’lib, 1460 yilda Hirotda tug’ilgan. Ko’pgina tarixiy asarlarda Ulug’bek Mirzoni – Ulug’bek Mirzo Soniy yoki Ulug’bek Mirzo Kobuliy deb ham yozganlar. Ulug’bek Mirzoni “Kobuliy” deb nom olishiga sabab, Sulton Abusayid Mirzo bu o’g’liga Kobul viloyatining hukmdorligini bergan edi. Ikkinchidan, Movarounnahrning sobiq hukmdori Ulug’bek Mirzo Kuragondan farqli o’laroq “Kobuliy” iborasini qo’shib aytilardi.

Ulug’bek Mirzo Kobuliy umrining oxirigacha, ya’ni 1501 yilgacha Kobulda hukmronlik qiladi. Undan ikki o’g’il va bir necha qiz qoladi.

ABDURAZZOQ MIRZO Ulug’bek Mirzo Kobuliyning katta o’g’li bo’lib, 1480 yilda Kobulda tug’ilgan edi. U otasi vafotidan so’ng Kobulda hukmronlik qiladi. Biroq ko’p o’tmay Zunnun arg’un Kobulni Abdurazzoq Mirzodan tortib oladi. 1504 yilda Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo Kobulni Zunnun arg’unning o’g’li Muhammad Muqimdan tortib oladi. Shundan so’ng Abdurazzoq Mirzo amakivachchasi Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo xizmatida bo’ladi.

1507-1508 yillarda Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo Hindiston ustiga qo’shin tortayotganda Qolot va Tarnuk viloyatlarini Abdurazzoq Mirzoga in’om qiladi. Biroq shayboniylar Qandahorni bosib olgach, Abdurazzoq Mirzo Qolotda turolmay, Kobulga qaytib keladi. Shundan so’ng Bobur Mirzo Abdurazzoq Mirzoni Kobulga qo’yib, o’zi Hindiston sari yo’l oladi. Ammo Hindistonga borolmay Kobulga qaytib kelgach, Abdurzzoq Mirzoga Nanginahor tumani ham Mindarovar, Darayi Nur, Qoz va Nurgulni in’om qiladi.

Abdurazzoq Mirzo 1525 yilda vafot etadi va G’azna shahrida otasi Ulug’bek Kobuliyning dahmasiga dafn qilinadi.

MIRONSHOH MIRZO Ulug’bek Mirzo Kobuliyning kichik o’g’li bo’lib, 1484 yilda tug’ilgan edi. Mironshoh Mirzo Kobulda otasi Ulug’bek Mirzo Kobuliy xizmatida edi. Ammo, 1498 yilda otasi bilan janjallashib, Hazoraga keladi. Hazorada ham e’tiqodsizlik qilib, u yerda ham tura olmaydi. Nihoyat, Xusravshoh huzuriga boradi. Ayni shu paytda Xusravshoh huzuriga Sulton Ma’sud Mirzo ham kelgan edi. Sulton Ma’sud Mirzoning Xusravshoh huzuriga kelishining sababi, Hisor viloyatini o’z ukasi Boysung’ur Mirzo zabt etgach, Sulton Ma’sud Mirzo Hisordan qochib, Hirotga – Sulton Husayn Boyqaro saroyiga panoh tortib borgan edi. Biroq Sulton Husayn Boyqaro saroyida xizmat qilayotgan Xusravshohning ukasi – Boqi Chag’oniyoniy Sulton Ma’sud Mirzoni yo’ldan uradi. Garchi Sulton Husayn Boyqaro Sulton Ma’sud Mirzoni yuksak ehtirom bilan kutib olgan bo’lsa-da, Xusravshoh huzuriga borishga qaror qiladi va Sulton Husayn Boyqarodan yashiriqcha jo’nab ketadi.

Xusravshoh Sulton Ma’sud Mirzo bilan Mironshoh Mirzo huzuriga Hisordan Boysung’ur Mirzoni taklif qiladi. Shundan so’ng Xusravshoh o’z beklari bilan kengash o’takazadi. Kengashda beklar har uchalar shahzodani o’ldirib, saltanati Xusravshoh qo’liga topshirmoqchi bo’ladilar. Ammo Xusravshosh bu maslahatni qabul qilmaydi.

Kengashdan so’ng, Mironshoh Mirzoning yoniga Sayid Komilni yordamchi tayinlab Bomiyonga jo’natadi. Shundan so’ng undan darak bo’lmaydi.

SULTON UMAR MIRZO Sulton Abusayid Mirzoning o’g’li bo’lib, tug’ilgan yili noma’lumdir. “Xulsat ul-axbor”da xabar berilishicha, Sulton Abusayid Mirzo Iroqqa yurish boshlaganda, Sulton Umar Mirzo Samarqandda edi. Otasining halokatidan so’ng, akasi Samarqand hukmdori Sulton Ahmad Mirzo yonida qoladi. Bir necha muddat aka-uka inoq yashashadi. Keyinchalik aka-ukalar o’rtasida qarama-qarshilik vujudga kelib, Sulton Ahmad Mirzo ukasi Sulton Umar Mirzoni Movarounnahr hududidan chiqarib yuborishga farmon beradi.

Sulton Umar Mirzo birodari Abubakr Mirzo huzuriga – Badaxshonga borib, o’sha yerda yashaydi. Abubakr Mirzo qatl qilingach, Sulton Umar Mirzo ham Sulton Husayn Boyqaro mulozimlari qo’liga tushadi. 1479 yil oktabrda uni Hirotda Ixtiyoriddin qal’asiga qamaydilar va keyinchalik Neratu qal’asiga jo’natadilar. Uning bundan keyingi taqdiri haqida ma’lumot yo’q.

SULTON VALAD MIRZO Sulton Abusayid Mirzoning o’g’lidir. Ammo Sulton Valad Mirzoning tarjimon holi haqida hozircha ma’lumot uchramadi. Faqat tarixchi Xondamirning “Xulosat ul-axbor” asarida qisqacha ma’lumot uchraydi. U ham bo’lsa, Sulton Valad Mirzo umrining oxirigacha Arlot umarolari o’rtasida oddiy kishilardek hayot kechirgan.

SULTON XALIL MIRZONING ham qachon va qayerda tug’ilgani hamda vafoti haqida hozircha ma’lumot uchramadi. Faqat Xondamirning bergan ma’lumotiga qaraganda, Sulton Xalil Mirzo otasi Sulton Abusayid Mirzoning halokati vaqtida, Hirotda yashab turgan. Hirot taxtiga Sulton Husayn Boyqaro o’tirgach, Sulton Xalil Mirzoning Movarounnahrga jo’natadi.

UMAR SHAYX MIRZO Sulton Abusayid Mirzoning to’rtinchi o’g’li bo’lib, 1456 yilda Samarqandda tug’ilgan edi. Otasi Sulton Abusayid Mirzo Kobul viloyatini Umar Shayx Mirzoga bergan edi. Umar Shayx Mirzo hali yosh bo’lganligi tufayli unga Boboyi Kobuliyni otabek (bekatka) qilib tayinlab, Kobulga jo’natgan edi. Lekin ko’p o’tmay, mirzolarning xatna to’yini o’tkazish munosabati bilan Darayi Gazdan qaytarib, Samarqandga keltiradi.

To’y o’tgach, Sulton Abusayid Mirzo ulug’ bobosi Temurga taqlid qilib, Andijon viloyatini Umar Shayx Mirzoga borib, Xudoyberdi tug’chi Temurtoshni otabek tayinlab jo’natadi. (Temur o’zining ikkinchi o’g’li Umar Shayx Mirzoga Farg’ona viloyatini bergan edi).

Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzoning yozishicha, Umar Shayx Mirzo past bo’ylik, uzun va paxmoq soqolli, yumaloq yuzli, semiz, lo’ppi kishi edi. Kiyimni tor tiktirib kiyar, sallani chirmab o’rardi. Yeyish-ichishda betakalluf edi. Yoz kezlarda, arkoni davlatdan tashqari joylarda aksar mo’g’uliy bo’rk kiyardi.

Umar Shayx Mirzo axloq va atvorda Xanafiy mazhablik, pokiza e’tiqodli bo’lib, besh vaqt namozni tark qilmas edi. U ravon savodli bo’lib, “xamsatayn”, masnaviy kitoblar va tarixlarni o’qirdi. Ayniqsa, “Shohnoma” ni ko’p o’qirdi. Ta’b nazmi ham bo’lgan, biroq she’rga unchalik parvo qilmagan. Adolatli edi. Bunga misol shulki, Xitoydan Andijonga kelayotgan ming kishilik katta karvonni Andijonning sharqiy tarafidagi tog’lardan qor ko’chib (ko’chkina) bosadi. Bu mudhish fojiadan faqat ikki kishi omon qoladi.

Umar Shayx Mirzo bir necha odamlarni yuborib, qor ostida qolgan mol-mulklarni oldirib kelib, xat-hisob qildirib, xazinaga qo’ydiradi. Garchi, mazkur mol-mulk egalarinign vorislari qidirib kelmasa-da, uni ikki yil davomida “omona” deb saqlaydi. Ikki yil o’tgach Samarqand va Xurosondan vorislarni topib kelib, mol-mulklarini batamom topshiradi.

Umar Shayx Mirzo xushxulq, saxovatli va mardona kishi bo’lgan. Kamondan o’q otishi o’rtacha bo’lsa-da, mushtining zarbi nihoyatda qattiq bo’lgan. Uning musht zarbidan yiqilmagan yigir kam topilgan. Mulkgirlik (bosqinchilik) dag’dag’asi jihatidan ko’pgina sulhlar urushga, do’stliklar dushmanlikka aylanib ketgan. Avvallari ko’p ichgan, keyinchalik haftada bir-ikki marta suhbat qurgan. Suhbatlarda maydan tashqari qora dori ham yeb turgan. Yetimparvar, hamsuhbat, o’yin-kulgini haddan tashqari sevgan, hamisha nard o’ynagan va goho-goho qimor ham o’ynab turgan.

Umar Shayx Mirzoga otasi Sulton Abusayid Mirzo Farg’onani bergan edi. Keyinchalik Mirzoning akasi Sulton Ahmad Mirzo Toshkent bilan Sayramni beradi. Shohruhiyani esa hiyla-nayrang bilan olib, o’z tasarrufiga kiritadi. Keyingi yillarda Toshkent va Shohruhiya qo’ldan keyin, Mirzoning tasarrufida faqat Farg’ona, Xo’jand va O’ratepa qolgan edi.

Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzoning naql qilishicha, “Umar Shayx Mirzo uch masof urush qilib edi. Avval Yunusxon bila Andijonning shimol tarafida Sayhun daryosining yoqasida Takasekirgan yerda, bu jihattin ul mavzu’ bu ismg’a mavsumdurkim, tog’ domanasi jihatidin bu daryo andoq tor orqarkim, rivoyat qilurlarkim, ul yerdin taka sekrigandur, mag’lub bo’lib ilikka tushdi. Yana Yunusxon yaxshilik qilib viloyatiga ruxsat beradi. BU yerda urush bo’lg’on uchun Takasekirgan urushi so’zi ul viloyatga tarix bo’lubtur. Yana Turkistonda Ars suyi yoqasida, Samarqandning navohisini chopib boradurg’on o’zbak bila Ars suyini muz bila kechib, yaxshi bosib, asir va molni ayirib, tamom egalariga yonduraberib, hechnima ta’ma qilmadi. Yana bir Sulton Ahmad Mirzo bilan Shohruhiya va O’ratepa orasida Xavos degan kentg urushib mag’lub bo’lgan”.

Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzoning yozganiga qaraganda, Umar Shayx Mirzo baland himmatlik, yuksak orzu-havaslik podshoh bo’lgani tufayli hamisha o’z saltanat hududini kengaytirishga harakat qilgan. Umar Shayx Mirzoning o’zboshimcha harakatlaridan ranjigan akasi – Samarqand hukmroni Sulton Ahmad Mirzo o’z kuyovi – Toshkent hukmroni Sulton Mahmud bilan ittifoq tuzib, 1494 yilda Umar Shayx Mirzo ustiga qo’shin tortib keladi. Biroq taqdirning taqozasi bilan Axsikentda g’aroyib bir voqea sodir bo’ladi. Chunonchi, Umar Shayx Mirzo Axsikent saroyida kaptar boqar, kaptarxona esa baland jarlik yoqasida o’rnatilgan edi. Umar Shayx Mirzo bo’sh paytlarida kaptarbozlik ham qilgan. 1494 yil 9 iyunda navbatdagi kaptar uchirish asnosida kaptarxona bilan birga jarga qulab, halok bo’ladi.

Umar Shayx Mirzoning yettita xotini hamda uch o’g’il va besh qizi bor edi.

Birinchi xotini – Qutluq Nigor xonim bo’lib, Chig’atoyxonning naslidan bo’lgan Yunusxonning ikkinchi qizi, shuningdek Toshkent hukmdori Sulton Mahmudxonning elchisi edi. 1505-1506 yilda Qutluq Nigor xonim Kobulda hasba kasali bilan vafot etadi. Qutluq Nigor xonimdn bir qiz va bir o’g’il tug’ilgan bo’lib, Xonzoda begim va Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo edi.

Ikkinchi xotini Ulus Oqo begim bo’lib, Xoja Husaynbekning qizi edi. Undan garchi bir qiz tug’ilgan bo’lsa-da, yoshligida vafot etgan edi. Shundan bir yarim yil o’tgach, o’zini ham haramdan chiqarib yuborganlar.

Uchinchisi Fotim Sulton begim bo’lib, mo’g’ul tuman beklaridan birining qizi edi. Fotima Sulton begim Jahongir Mirzoning onasi edi.

To’rtinchisi Mahzuma Sulton begim bo’lib, uni Qorako’z begim ham deb atardilar. Umar Shayx Mirzo Mahzuma Sulton begimni keyingi paytlarda olgan edi. Mirzoning sevikli xotini bo’lgan. Binobarin, Umar SHayx Mirzoga xushomad yuzasidan Mahzuma Sulton begimnign nasl-nasabini Sulton Abu Sayid Mirzoning akasi Minuchehr Mirzoga olib borib taqardilar. Mahzuma Sulton begim Umar Shayx Mirzoning o’limidan so’ng qiz tuqqan. Bu qizga Ruqiya Sulton begim deb nom qo’yganlar.

Beshinchisi Og’a Sulton begim bo’lib, kanizaklardan edi. Umar Shayx Mirzoning vafotidan so’ng Og’a Sulton begim qiz tuqqan. Bu qizga Yodgor Sulton begim deb ism qo’yganlar.

Oltinchi xotini Umid xonim andijonlik kanizaklardan bo’lgan. Umid xonim ikki qiz va bir o’g’ilning onasi bo’lib, kattasi Mehrbonu begim, kichigi Shahrbonu begim, o’g’lining ismi esa Nosir Mirzo edi.

Yettinchi xotini Tursun Sulton begim edi. Umar Shayx Mirzo Tursun Sulton begimni hayotining so’nggi yillarida olgan edi.

Umar Shayx Mirzoning eng katta qizi XONZODA BEGIM edi. U 1478 yilda tug’ilgan. Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo 1501 yilda Samarqandni oxirgi marta zabt qilganda, Shayboniyxon kelib shaharni qamal qiladi. Qamal ko’pga cho’ziladi. Shaharda dahshatli ocharchilik va o’lim avjiga chiqadi. Bobur Mirzoning ko’pgina odamlari shaharni tashlab qochadilar. Bobur Mirzo nihoyat darajada kuchsizlanib qoladi va qamalni yorib chiqib ketish imkoniyati ham bo’lmay qoladi. Ana shunday vaziyatda Shayboniyxon Bobur Mirzoga sulh taklif qiladi. Keyinchalik shu voqeani Zahirididn Muhammad Bobur Mirzo quyidagicha tasvirlaydi: “Bu mahalda Shayboniyxon sulh so’zini oraga soldi. Agar bir tarafdin umidvorlik bo’lsa edi, yo zahira bo’lsa, sulh so’ziga kim quloq solar erdi. Zarurat bo’ldi, sulhgina qilib, kechadan ikki pahr bo’la yovushib edikim Shayxzoda darvozasidan chiqildi. Volidam xonimni olib chiqdim. Yana ikki xotin kishi chiqdi: biri Bichka xalifa edi, yana biri Minglik ko’galtosh edi. Mening egachim Xonzoda begim ushbu chiqqanda Shayboniyxonning ilkiga tushdi”. Voqea aslida sulhga muvofiq, Xonzoda begimni Shayboniyxonga xotinlikka berishga rozi bo’lingach, o’z navbatida Shayboniyxon ham Bobur Mirzoga shahar darvozalaridan biri bo’lgan Shayxzoda darvozasidan o’z haramini olib chiqib ketishiga imkoniyat yaratib bergan. Shunday qilib, Xonzoda begim Shayboniyxonga xotin bo’lib, undan bir o’g’il tug’ib, ismini Xurrambek deb ataganlar.

Shayboniyxon vafotidan so’ng, uning o’g’li Xurrambek ham vafot etadi. Xonzoda begim esa Kobulga – ukasi Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo huzuriga qaytib keladi. Xonzoda begim o’zining aql-idrok va tadbirkorligi natijasida Bobur Mirzo saroyidagi xotin-qizlar orasida maxsus e’tiborga ega edi. Zotan, Xonzoda begim Bobur Mirzo va uning o’g’li Humoyunshoh saroyida maslahatchi vazifasini bajargan. 1544 yilda Xonzoda begim Qobilhaq degan joyda vafot etadi. Oradan uch oy o’tgach, xokini Kobulga keltirib, Bobur podshoh maqbarasiga dafn qiladilar.

MEHRBONU BEGIM Umar Shayx Mirzoning Umid begim nomli xotinidan 1481 yilda tug’ilgan ikkinchi qizi edi. U Nosir Mirzo bilan bir onadan tug’ilgan edi.

SHAHRBONU BEGIM Umar Shayx Mirzoning Umid begim nomli xotinidan 1491 yilda tug’ilgan uchinchi qizi edi.

YODGOR SULTON BEGIM Umar Shayx Mirzoning Og’a Sulton begim ismli kanizagidan 1494 yilda tug’ilgan bo’lib, otasi vafotidan so’ng tug’ilganligi uchun shu nom bilan ataganlar.

1504 yilda Shayboniyxon Axsi va Andijonni o’z tasarrufiga kiritgach, Yodgor Sulton begimni Hamza Sultonning o’g’li Abdullatif Sultonga nikoglab beradi.

RUQIYA SULTON BEGIM Umar Shayx Mirzoning Mahzuma Sulton begim ismli xotinidan 1494 yilda otasi vafotidan so’ng tug’ilgan edi.

1504 yilda Shayboniyxon Axsi va Andijonni o’z tasarrufiga kiritgach, Ruqiya Sulton begimni Jonibek Sultonga nikohlab bergan edi.

JAHONGIR MIRZO Umar Shayx Mirzoning Fotima Sulton ismli xotinidan 1485 yilda tug’ilgan ikkinchi o’g’li edi. Umar Shayx Mirzo Sulton Tanbal ismli bekni Jahongir Mirzoga otabek qilib tayinlagan edi.

Umar Shayx Mirzo vafotidan so’ng, Jahongir Mirzoning yoshligidan foydalangan Sulton Tanbal o’z ixtiyoricha hukmronlik qilish maqsadida Jahongir Mirzoni Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzoga qayrab, otalari marhum Umar Shayx Mirzodan meros qolgan Farg’ona mamlakatini ikkiga taqsimlanishini talab qilishni uqtiradi. Mazkur rejaning pirovard oqibatiga ko’zi yetgan Bobur Mirzo avval bu talabni rad etadi. Ammo keyinchalik noiloj bo’lib, rozilik beradi. Kelishuvga muvofiq, Sirdaryoning Axsi tarafiga doil yerlar Jahongir Mirzoga va Andijon tarafiga doxil yerlar Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo hukmronligida qoladi.

Kelishuv bitimning yana bir sharti shu ediki, har ikkalar shahzoda harbiy kuchlarini birlashtirib, Samarqand ustiga yurish qilishlari lozim edi. Agar Samarqand qo’lga kiritilsa, u holda Andijon hukumati ham Jahongir Mirzo qo’l ostiga o’tishi lozim edi.

Biroq bu dabdabali rejalar oxiriga yetmay, Shayboniyxon avval Bobur Mirzoni, so’ngra Jahongir Mirzoni tor-mor keltiradi. Sulton Tanbalni esa qo’lga tushirib, qatl qildiradi. Jahongir Mirzo yana akasi Zahiriddin Muhammad Bobur bilan birgalikda darbadar bo’lib qoldi.

Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo Samarqand va Andijon taxtidan noumidvor qaytgach, Xuroson tarafiga qarab yuradi. Jahongir Mirzo ham akasi Bobur Mirzo bilan birga Xurosonga ketadi.

1504 yilda Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo Kobul va G’aznani qo’lga kiritgach, G’azna viloyatining hokimligini ukasi Jahongir Mirzoga in’om qiladi.

Jahongir Mirzoning vafoti haqida ma’lumot uchramadi. Har holda “Boburnoma”da ishora qilinishiga qaraganda, 1508 yilda vafot etgan bo’lsa kerak.

NOSIR MIRZO Umar Shayx Mirzoning uchinchi o’g’li bo’lib, 1487 yilda tug’ilgan.

Nosir Mirzo akasi Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo bilan birga Xurosonga keladi. Bobur Mirzo Kobul va Qandahorni qo’lga kiritgach, 1504 yilda Nanginahor tumani va Mandinovar, Darayi Nur, Qanru, Nurgul va Jig’on saroyni ukasi Nosir Mirzoga in’om qiladi.

1508 yilda Bobur Mirzo Qandahorni o’z tasarrufiga kiritgach, Qandahor hokimligiga Nosir Mirzoni tayinlaydi. Ammo tez orada Shayboniyxon Qandahorni qamal qiladi. Nosir Mirzo qamaldan chiqib, G’aznaga qochadi. Bobur Mirzo G’aznani Nosir Mirzoga inoyat qiladi.

Nosir Mirzo keyinchalik ichkilikka ko’proq mayl qilib, 1515 yilda G’aznada hukmronlik davrida, odatdagidek kechasi me’yoridan ko’p may ichib, o’z yotog’ida uyda o’lib qoladi.