ADOLAT
ADOLAT — ijtimoiy-falsafiy, axloqiy va huquqiy tushuncha. Kishilar ijtimoiy-siyosiy ongida katta rol o’ynaydi. Muayyan ijtimoiy guruhlar va ayrim shaxslarning tushunchalarini o’zida aks ettiradi. Siyosiy xatti-harakatlar, huquq va burch me’yorlari, axloqiy munosabatlar, mehnat va taqdirlanish, jinoyat va jazo, xizmat va uni tan olish, qadr-qimmatni e’tirof qilish va hokazoga mazkur tushuncha orqali baho beriladi. Adolat tushunchasi muayyan tarixiy shart-sharoit va ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar bilan belgilanadi. Adolatning ijtimoiy-falsafiy jihati jamiyat a’zolarining xilma-xil munosabatlaridagi o’zaro tengligini nazarda tutadi. Axloqiy jihati insonlararo muomalada bir xil munosabatda bo’lishni, bir-birining izzat-nafsiga tegmaslikni, axloq-odob qoidalariga amal qilishni bildiradi. Adolatning huquqiy tomoni qonunlarga rioya etishni, siyosiy tomoni esa davlatni adolat qoidalari asosida boshqarishni, fuqarolar g’amini eyishni anglatadi. Rivojlangan jamiyatda Adolat kishilarning demokratik qonunlar asosida ish yuritishini taqozo etadi, unda har bir odam o’z mehnati, tadbirkorligi, aql-zakovati tufayli topgan mol-mulki hisobiga yashaydi. Davlat o’z faoliyatida fuqarolar tomonidan Adolat qoidalari va qonunlarga amal qilinishini nazorat etadi, jamiyat a’zolarining mol-mulki daxlsizligi va qonun oldida tengligini ta’minlaydi.
“ADOLAT” — O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining nashriyoti. Aholiga huquqiy yordam ko’rsatish “Adolat” markazi negizida 1992 yil may oyida tashkil etilgan. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qabul qilgan qonunlar va me’yoriy hujjatlar, ularga sharhlar, huquqiy mavzulardagi ma’lumotnomalar, o’quv qo’llanmalari, lug’atlar, ilmiy-ommabop va badiiy kitob hamda risolalarni nashr etishga ixtisoslashgan. 1992-99 yillar mobaynida “O’zbekistonning yangi qonunlari”, “O’zbekiston Respublikasi kodekslari”, “O’zbekiston qonunlariga sharhlar”, “Savollarga javoblar”, “Axloq. Adabiyot. Adolat”, “Huquqiy merosimiz xazinasidan”, “O’zbek detektivi”, “Chet el detektivi” turkumidan kitob va risolalar chop etdi.
“ADOLAT” — O’zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi (SDP) gazetasi 1995 yil 22 fevraldan Toshkentda chiqa boshlagan. Haftada bir marta chop etiladi. Muassisi: O’zbekiston “Adolat” SDP siyosiy kengashi va “Adolat” gazetasi ijodiy jamoasi. O’zbekistonda yashayotgan barcha millat va elatlarning umumiy manfaatlariga mos keladigan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy demokratiya qoidalariga asoslangan, yangi ijtimoiy munosabatlar qaror topgan adolatli fuqarolik jamiyatini qurish yuzasidan “Adolat” SDP olib borayotgan faoliyatni keng yoritish gazetaning asosiy vazifasidir. Tahririyat huzurida yuristlar, iqtisodchi olimlar, tadbirkorlardan tashkil topgan jamoatchilik kengashi faoliyat ko’rsatadi. O’zbekistonning barcha viloyatlarida o’z muxbiriga ega. Adadi — 10 ming (2000).