AJAM
AJAM (Arabcha — Arab emas) 1) arablardan boshqa Sharq xalqlarining umumiy nomi. Shuningdek, arablar yashaydigan Sharq mamlakatlari, xususan, Turon va Eron ham “Mulki Ajam” deb yuritilgan. Bu yerlardan yetishib chiqqan olimlar “ajamiy” deb atalgan. Keyinchalik Ajam nomi faqat eronliklarga nisbatan qo’llanilgan, Eronni esa Ajam yoxud Ajamiston deb ataganlar. 2) O’rta asr “O’n ikki maqom” tizimidagi shu’ba. Musiqa risolalarida Ajam Rahoviy maqomi, Bayoti Ajam — Navo maqomi, Navro’zi Ajam — Hijoz maqomi shu’balari sifatida qayd etilgani ma’lum. 3) O’zbek, tojik, uyg’ur va boshqa Sharq xalqlari mumtoz musiqa merosida mavjud cholg’u va ashula asarlari. Jumladan, Shashmaqom turkumining Segoh maqomi cholg’u bo’limida Muxammasi Ajam qismi, ashula bo’limida Navro’zi Ajam shu’basi, Xorazm maqomlari turkumining Segoh maqomi ashula bo’limida Nasri Ajam shu’basi, shuningdek Toshkent — Farg’ona maqom yo’llari qatorida Navro’zi Ajam kuyi, to’rt qismli Ajam va uning taronalari cholg’u turkumi va boshqalar.