AJARIYA

AJARIYA, Ajariya Muxtor Respublikasi— Gruziya Respublikasi tarkibida. 1921 yil 16 iyulda tashkil topgan. Zakavkazening Janubiy-g’arbida, qora dengiz sohilida joylashgan. Maydoni 3 ming kilometr kvadrat, aholisi — 385 ming kishiga yaqin (1999). Ajariyada 5 tuman, 2 shahar, 7 shaharcha bor. Poytaxti — Batumi shahri. Tabiati. Ajariya dengiz sohili pastbaland, boshqa joylari tog’li. Turkiya bilan chegara bo’ylab baland Shavshet tog’ tizmasi o’tadi. Mesxeti; Arsiyan tizmalari ham bor. Ajariya hududida 500 metrgacha balandlikda iqlim subtropik, tog’larda mo’tadil sovuq. Pasttekislikda yanvarning o’rtacha temperaturasi 4°, 7°, iyulda 20°, 23°, tog’larda yanvarda — 2°, iyulda 16°. Yillik yog’in miqdori ichki vodiylarda 1000-1400 millimetr sohilda 2400-2800 millimetr. Eng katta daryosi — Chorox; Batumi shahri yaqinida qora dengizga qo’yiladi. Bu daryoning yuqori oqimi Turkiyada, uning irmog’i — Ajarisskali Sharqidan G’arbga butun mamlakatni kesib o’tadi. Foydali qazilmalari: mis va polimetall rudalar, oltingugurt kolchedani, o’tga chidamli tuproqlar. Tuproqlari tog’larda tog’-o’tloq va tog’-o’rmon, dengiz sohilidagi tog’oldida qizil tuproq. Hududining 50% dan ko’prog’i o’rmonlar bilan qoplangan. Tog’yon bag’irlarida kashtan, dub, grab, archa, pixta, dengiz bo’yida subtropik o’simliklar (palma, magnoliya va shu kabilar) o’sadi. Evkalipt, bambuk ham uchraydi. Kintrishi qo’riqxonasi bor. Aholisi. Ajariyada gruzin (Ajar)lar, shuningdek ruslar, armanlar, ukrainlar va boshqalar yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi — 1 kilometr kvadratga 135,3 kishi. Aholining 48% shaharlarda istiqomat qiladi. Ajarlar tili gruzin tili lahjalaridan biri hisoblanadi. Yirik shaharlari: Batumi, Kobuleti. Tarixi. Miloddan avvalgi 6-2-asrlarda Ajariya Kolxida Podshohligi, so’ngra G’arbiy Gruziya davlati tarkibiga kirgan. 11-15-asrlarda Ajariya hududi Birlashgan gruzin davlatining bir qismi bo’lgan. 16-asrning 2-yarmida Gruziyaning zaiflashuvi sababli Ajariyani Turkiya bosib oldi va aholi orasida musulmon dinini tarqata boshladi. 1877-78 yilgi Rossiya-Turkiya urushi natijasida Ajariya Rossiyaga qo’shib olindi. 19-asrning 80-yillarida Ajariyada sanoat rivojlana boshladi. 1897-1907 yillarda Boku — Batumi neft kuvuri yotqizildi. 1918 yil aprelda Batumi, Axaltsixe, Ardagan va Guriyaning bir qismini turk qo’shinlari, dekabrda esa butun Ajariyani ingliz qo’shinlari bosib oldi. 1920 yil iyulda ular hokimiyatni mensheviklarga topshirdi. 1921 yil martda sovet hokimiyati o’rnatildi. 1921 yil iyulda Gruziya SSR tarkibida Ajariya ASSR tuzildi. 1990 yil dekabrdan Ajariya Muxtor Respublikasi. Xo’jaligi. Qishloq xo’jaligi. Ajariya iqtisodiyotining asosini tashkil qiladi. Subtropik ziroatchiligi, ayniqsa tsitrus mevalari yetishtirish rivojlangan. Makkajo’xori asosiy qishloq xo’jaligi ekini hisoblanadi. Bog’dorchilik, tokchilik, tamakichilik katta o’rin oladi. 1949 yildan Ajariyaning butun sohil bo’ylariga choy ekila boshladi. Chorvachilik, parrandachilik, pillachilik, asalarichilik, sohilda baliqchilik bilan shug’ullaniladi. Sanoat korxonalarining aksariyati Batumi shahrida joylashgan. Shaharning ko’pchilik aholisi portda va qora dengizning Sharqiy sohilidagi neftni qayta ishlash zavodida ishlaydi. Ajariyada mashinasozlik, kemasozlik, taxta tilish, yog’ochsozlik, faner va mebel fabrikalari, oziq-ovqat va yengil sanoat korxonalari, bir necha yirik choy fabrikasi bor. Batumi kofein zavodi mashhur. Elektr energiyaning yagona mahalliy manbai Ajarisskali GESi, shuningdek bir necha issiqlik elektr stansiyalaridir. Ajariya hududidan Batumi — Boku temir yo’l, Batumi — Samtredia, Batumi — Axaltsixe avtomobil yo’li o’tadi. Asosiy dengiz porti — Batumi shahri Ajariyada Batumi, Maxinjauri, Tsixisdziri, Beshumi, Kobuleti, Yashil Burun kurortlari bor. Ajariya chetga neft mahsulotlari, yangi va konservalangan tsitrus mevalar, choy, ho’l meva, uzum, tung va efir moylari, tamaki mahsulotlari, choy va vino sanoati uchun asbob-uskuna, faner, mebel chiqaradi. Chetdan metall, asbob-uskuna, qurilish materiallari, un, to’qimachilik mahsulotlari oladi. Madaniyati. Ajariyada barcha turdagi umumiy ta’lim maktablarida 65 mingdan ortiq o’quvchi o’qiydi. O’rta maxsus o’quv yurtlari, Batumi dengizchilik akademiyasi, Batumi universiteti, Batumi politexnika instituti, Akvarium, delfinariy, ilmiy tadqiqot muassasalari, botanika bog’i, ommaviy kutubxonalar, klub muassasalari, kino qurilmalar bor. Gruzin va rus tillarida gazeta chiqadi. Radioeshittirishi va retranslyatsiya teleko’rsatuvi mavjud. Ajariya adabiyoti — gruzin adabiyotining tarkibiy qismi. Yozuvchilardan M. Varshanidze, Z. Gorgiladze, P. Loriya, N. Malazoniya, Sh. Rokva, P. Rurua, F. Xalvashi, G. Salukvadze, A. Shervashidze va boshqalar uni rivojlantirishga o’z hissalarini qo’shganlar. Ajariya me’morlik obidalari: Goniadagi qal’a, Vizantiya davridan qolgan Tsixisdziridagi Petr qal’a-shahri (6-asrda asos solingan), Tamarissixe qal’asi, Sxaltdagi ibodatxona (13-asr), Maxuntseti, Dandalo, Saputkretidagi bir arkali ko’priklar va boshqalar. Ajariyada qadimdan amaliy bezak san’ati (yog’och o’ymakorligi, zarb qilish, kashtachilik) rivojlangan. Keyingi yillarda professional san’at o’sdi (rassomlar Sh. Xoluashvili, S. Artmeladze, X. Inaishvili; haykaltaroshlar T. Chanturia, M. Bolkvadze va boshqalar). Batumida Davlat qo’shiq va raqs ansambli, xalq ijodi uyi, musiqa xoreografiya jamiyati bor. 1937 yildan Batumida I. Chavchavadze nomidagi teatr ishlab turibdi. Teatrdagi Yu. Kobaladze, A. Mgeladze, N. Tetradze kabi mashhur artistlarning ijodi diqqatga sazovor. 1980 yildan qo’g’irchoq teatri, 1993 yildan opera teatri ishlaydi. Batumi shahridagi o’lkashunoslik muzeyida Ajariya aholisi etnografiyasiga oid buyum va ashyolar mavjud.