AJDAR
AJDAR, ajdarho, ajdaho — afsonaviy maxluq. 1) turli xalqlar og’zaki ijodida qanotli, og’zidan o’t purkaydigan ikki va undan ortiq boshli afsonaviy ilon obrazi. O’zbek xalq og’zaki ijodida yovuzlik timsoli. Doston, ertak, cho’pchak va boshqalarda bosh qahramon yo’lida uchraydigan asosiy to’siqlardan biri va uni yengib o’tish albatta shart qilib qo’yilgan; 2) ba’zan haddan tashqari katta ilonlar (masalan, bo’g’ma ilonlar ham) Ajdarga qiyos etiladi.
AJDAR — kichik ayiq yulduz turkumiga yaqin joylashgan va osmonning shimoliy yarim shari qutbi atrofida yoyilib yotgan yulduzlar turkumi. Eng ravshan (2-kattalikdagi) yulduzini ingliz astronomi J. Bradley kuzatib, 1725 yilda yorug’lik aberrasiyasi hodisasini kashf etgan. Ajdar yulduzi yaqinida ekliptika qutbi joylashgan.