AJINIYOZ

AJINIYOZ Ko’siboy o’g’li (taxallusi Zevar) (1824 — Mo’ynoq tumani — 1878) — qoraqalpoq shoiri. Eski maktabda, so’ngra Xivadagi Sherg’ozixon madrasasida o’qigan. Qoraqalpoq ziyolilari orasida birinchilardan bo’lib Oxund darajasiga erishgan. O’zbek, qozoq, turkman tillarini yaxshi bilgan. Ajiniyoz adabiy merosidan bizga 100 ga yaqin she’r va dostonlari yetib kelgan. She’rlarida vatanparvarlik, insonparvarlik g’oyalari kuylangan. “Kerak”, “Bo’ladi”, “Bo’lmasa”, “Yaxshi”, “Yigitlar” kabi asarlarida Ajiniyozning insonparvar g’oyalari, falsafiy qarashlari ifodalangan. Asarlari xalq orasida keng tarqalgan. “Qiz Mengesh bilan Aytishuv” asari (1878) mashhur. Uning hayoti haqida yozuvchi K. Sultonov “Ajiniyoz” romanini (1967), shoir I. Yusupov “Ajiniyoz” operasi librettosini yaratgan (1989). Asarlari o’zbek tilida nashr etilgan (“Tanlangan asarlar”, 1962 va boshqalar). 1999 yil O’zbekistonda Ajiniyoz tavalludining 175 yilligi keng nishonlandi. Nukus shahrining xushmanzara joyida shoir nomi bilan ataluvchi maydon barpo etildi va Ajiniyozga haykal o’rnatildi. Ad.: Saitov B., Berdaq va Ajiniyoz asarlari lug’ati, Nukus, 1970.