AZOBO’YOQLAR

AZOBO’YOQLAR — molekulasida aromatik radikallar (ba’zi geterosiklik birikmalar)ni birlashtiruvchi bir yoki bir necha azoguruh bo’lgan organik bo’yovchi moddalar. Odatda Azobo’yoqlar tarkibiga muayyan sondagi aminoguruh, oksiguruh va boshqa guruhlar kiradi. Azoguruh soniga qarab mono-, di-, tri – va poliazobo’yoqlar bo’lishi mumkin. Azobo’yoqlar molekulasi tarkibida auksoxromlar bo’ladi. Azobirikmalarda esa auksoxromlar bo’lmaydi. Azobo’yoqlar xilma-xilligi va sifati jihatidan bo’yoqlar orasida birinchi o’rinni egallaydi. Ularni hosil qilish uchun, avvalo, aromatik aminlar diazotirlash reaktsiyasiga kiritiladi. Bunda hosil bo’lgan diazobirikmalarga, odatda aromatik aminlar yoki fenollar ta’sir ettirib, Azobo’yoqlar olinadi. Azobo’yoqlar kislotali, asosli, erimaydigan bo’yoqlar va boshqalarga bo’linadi. Bulardan tashqari, pigment Azobo’yoqlar, lok Azobo’yoqlar, moy va spirtda eriydigan Azobo’yoqlar, atsetat ipagini bo’yaydigan Azobo’yoqlar va boshqalar bo’ladi. Azobo’yoqlar to’qimachilik sanoatida, lok-bo’yoq, poligrafiya, ko’nchilik, qog’oz, rezina sanoatida va sanoatning boshqa tarmoqlarida ishlatiladi.