AZON

AZON (Arabcha, namozga chaqirish) — 1) Islom dinida har kuni o’qiladigan 5 mahal namozga muazzin etadigan da’vat. Azon namoz uchun buyurilgan sunnat hisoblanadi. Muazzin (azon aytuvchi) odatda har bir masjidda bo’ladi. Uning aytgan Azoni namoz vaqti bo’lganligini bildiradi. Azon baland ovoz bilan o’ziga xos ohang ila aytiladi. Azon 622-623 yillarda Muhammad (sav) tomonidan belgilandi. Birinchi muazzin Bilol(ra) bo’lgan. Azon aytish Islom tarixining bir necha asrlari davomida shakllandi. 2) Islomda yangi tug’ilgan chaqaloqning qulog’iga Azon aytish odati ham bor. Bunda avval maxsus duo o’qilib, so’ng ohista tovushda bolaning o’ng qulog’iga Azon, chap qulog’iga takbir aytiladi. Bu odat go’dakning bokira shuuriga Alloh taolo nomini muhrlash mazmunida talqin etilgan. 3) O’zbek tilida Azon so’zi ertalab, saharlab, ilk sahar (kun chiqishdan oldingi payt) ma’nosini ham anglatadi.