AZOR OROLLARI

AZOR OROLLARI (portugalcha Ilhas dos Acores — Qarchig’aylar oroli) — Atlantika okeanining shimoliy qismidagi arxipelag. Pireneya yarim orolidan g’arbda. Portugaliya tarkibida 9 ta yirik Orol va kelib chiqishi vulkanik bo’lgan bir qancha riflardan iborat. G’arbdan sharqqa qariyb 600 kilometrga cho’zilgan. Maydoni 2,3 ming kilometr kvadrat. Relyefi tog’li, balandligi 2351 metrgacha (Piku orolidagi Piku tog’i). Tez-tez zilzila bo’lib turadi. Issiq va qaynoq suvli hamda mineral buloq ko’p. Iqlimi subtropik, dengiz iqlimi; yanvarning o’rtacha tempraturasi 14°, iyulning temperaturasi 22°; yillik o’rtacha yog’in 800 millimetr chamasida. Tog’yon bag’irlari o’rmonlar bilan qoplangan, makvis chakalakzorlari bor. 1431-53 yillarda Azov orollariga portugallar borib o’rnashgan. Aholi tsitrus o’simliklar o’stirish, tokchilik, ananas, banan yetishtirish bilan shug’ullanadi. Azov orollari Trans-Atlantika havo va dengiz yo’llari kesishgan joyda. Asosiy portlari: Ponta-Delgada, Orta.