AZOT MUVOZANATI

AZOT MUVOZANATI – organizmga bir kecha-kunduzda ovqat tarkibida kirgan azot bilan undan tashqariga chiqqan (siydik va najas bilan) umumiy azot orasidagi farq. Voyaga yetgan organizmning normal holatida azot muvozanati mavjud. O’sayotgan yosh organizm musbat azot muvozanatiga ega, ya’ni uning tashqariga chiqarayotgan azoti qabul qilgan azotidan kam. Yetilgan katta organizm to’la azot muvozanatida bo’ladi, ya’ni bir kecha-kunduzda qabul qilingan azot miqdori tashqariga chiqarilgan azot miqdoriga teng bo’ladi. Manfiy azot muvozanati ovqat bilan qabul qilingan azot yetishmaganda, ayniqsa ayrim aminokislotalar ovqatda yetarli bo’lmaganda, ba’zi kasalliklarda kuzatiladi. Bunda tashqariga chiqarilgan umumiy azot ovqat bilan qabul qilingan azotdan ortiq bo’ladi.