AZROIL
AZROIL — Islom dinida to’rt bosh farishtadan biri, jon oluvchi farishta. Rivoyatlarga ko’ra, Azroil dastlab oddiy farishta bo’lgan, Alloh Odamatoni yaratish uchun farishtalarni yerdan tuproq olib kelishga yuboradi. Yer qarshilik ko’rsatadi va farishtalar undan bir siqim ham yulib ololmaydilar. Bu ishni faqat Azroil bajarganligi sababli u o’limdan ustun turuvchi farishta deb hisoblangan. U to’rt ming qanotli, to’rt yuzli va tanasida yer yuzida yashovchilar qancha bo’lsa, shuncha ko’zi hamda tili bo’lgan dahshatli mahluq shaklida tasvirlanadi. Azroil odamlar taqdirini biladi, ammo ularning har birining o’lish vaqtini bilmaydi. Bu muddat yaqinlashganda Alloh taxti oldida o’sadigan daraxtdan o’limga mahkum etilgan kishining nomi yozilgan barg uzilib yerga tushar ekan. Shundan keyingina Azroil qirq kun ichida uning jonini olishi kerak ekan. Azroil taqvodorlarning jonini osongina, gunohkorlarning jonini esa qiynab olar ekan. Joni olinayotgan odam Azroilga turli qarshiliklar ko’rsatsada, pirovard natijada yengilar ekan. Xristianlikdagi to’rt asosiy farishta (arxangellar — Gavriil, Mixail, Azrail, Serafiil) islomdagi Jabroil, Mikoil, Azroil va Isrofilga muvofiq keladi. Bular Qur’onda “Al-muqarrabun” (yaqinlar, yaqinlashtirilganlar) deb atalgan.