AYVAZOVSKIY
AYVAZOVSKIY (Gayvazovskiy) Ivan Konstantinovich (1817.17.7 — Feodosiya — 1900.19.4) — rus rassomi. Armani oilasida tug’ilgan. 1845 yildan akademik, 1847 yildan professor, 1887 yildan Peterburg Baning faxriy a’zosi. Shuningdek, bir qator Yevropa balarining a’zosi bo’lgan. 1845 yildan Feodosiyada yashagan. Ayvazovskiy merosi 6 mingga yaqin rassomlik asarlarini tashkil etadi. Ayvazovskiy asarlari asosan dengiz manzaralariga bag’ishlangan, bepoyon okean va dengizlarning qudratli to’lqin va to’fonlari, ularning sokinligi, botayotgan quyosh nurida suvning jilvalanishi, oydin tun manzaralari tiniq va yorqin bo’yoqlar bilan nafis ifodalanadi. Ayvazovskiyning “To’qqizinchi val” (1850) asarining mazmuni dramatik bo’lishiga qaramay, kishida g’ussa tug’dirmaydi; “Tungi bo’ron” (1864), “Shimoliy dengizdagi bo’ron” (1865), “Bo’ron” (1872), “Dengizda oydin tun” (1878), “Qora dengiz” (1881), “Feodosiyada oy chiqishi” (1892) kabi manzaralari tundagi tabiatning rangtasvirdagi lirik ifodasidir. “Venesiya” (1849), “Malaga” (1854), “Rodos oroli” (1861), “Krit orolida” (1867) kabi asarlari rassomning chet elga sayohatlari natijasidir. 1880 yilda Feodosiyada badiiy ustaxona va rasmlar galereyasini tashkil etdi, keyinchalik bular Ayvazovskiy nomi bilan atala boshlandi.