INVENTARIZATSIYA

INVENTARIZATSIYA – natura shaklidagi mavjud mablag’lar haqiqiysining buxgalteriya hisobi ma’lumotlariga to’g’ri kelishini, majburiyatlar hisobda to’g’ri aks ettirilishini tekshirish usuli. U buxgalteriya hisobi ko’rsatkichlari ishonchliligi va korxona mulki butligini ta’minlaydi. Xo’jalik yurituvchi subyekt, shu jumladan, asosiy faoliyati budjet mablag’lari hisobiga moliyalanadigan tashkilot tomonidan mol-mulk hamda moliyaviy majburiyatlarni inventarizatsiya qilish va uning natijalarini rasmiylashtirish tartibi O’zbekiston Respublikasining 19-Buxgalteriya hisobi milliy standarti “Inventarizatsiya qilishni tashkil etish va o’tkazish” bilan tartibga solinadi. Rejali va rejadan tashqari inventarizatsiya ham bo’lishi mumkin. Rejali inventarizatsiya yo’riqnomalarda ko’rsatilgan muddatlarda o’tkaziladi, rejadan tashqarisi zaruriyat tug’ilishiga qarab, odatda, to’satdan o’tkaziladi. Inventarizatsiyani to‘g‘ri va o’z vaqtida o’tkazish mas’uliyati korxona rahbari va bosh (katta) buxgalteriga yuklatiladi. Korxona rahbarining buyrug’iga binoan, korxona xodimlari safidan ishchi inventarizatsiya komissiyasi tashkil etiladi va unda bosh (katta) buxgalter qatnashadi. Komissiyasini korxona rahbari yoki uning yordamchisi boshqaradi. Inventarizatsiya, albatta, moddiy javobgar shaxslar ishtirokida o’tkaziladi.