AYYUBXON
AYYUBXON MUHAMMAD (1907-1974) — Pokiston davlat va siyosat arbobi. Aligarxdagi (Hindiston) musulmonlar universitetini, so’ngra Sandxerstdagi (Angliya) Qirollik harbiy kollejini bitirgan. 1928 yildan harbiy xizmatda, 2-jahon urushida qatnashgan. 1951 yildan Pokiston armiyasi qo’mondoni. 1954-55 yillarda Mudofaa vaziri, 1956-58 yillarda yana Pokiston armiyasi qo’mondoni. Ayyubxon 1958 yildagi davlat to’ntarishi natijasida hokimiyatni o’z qo’liga oldi. 1960 yildan Pokiston Islom Respublikasining prezidenti. Hukmron “Musulmonlar ligasi” partiyasining raisi (1963 yildan). Ayyubxon 1966 yil yanvarda Toshkentda olib borilgan Pokiston bilan Hindiston o’rtasidagi muzoqaralarning muvaffaqiyatli yakunlanishiga muhim hissa qo’shdi. 1969 yil martda prezidentlik lavozimidan bo’shab, o’z vakolatlarini armiya qo’mondoni general Yah’yoxonga topshirgan.