AKADEMIZM

AKADEMIZM (Fransuzcha academisme) — tasviriy san’atdagi yo’nalish. Qadimgi dunyo va Uyg’onish davri san’ati shakllari, san’atning tashqi ko’rinishlariga taqlid qilishga asoslangan. Akademizm badiiy ta’limni tartibga solishga, mumtoz an’analarni “Abadiy” qonunlar tizimi va qo’llanmalariga aylantirishga imkon yaratdi. San’atda qadimgi an’analarga va yuksak madaniylikka tayanish bu ta’limotning kuchli tomonlaridan edi. Zamonaviylikni “Yuksak” san’atga xos bo’lmagan xususiyat deb e’lon qilib, unga zamonaviy va milliy bo’lmagan go’zallik normalari, ideallashtirilgan obrazlar, hayotdan uzoq mavzularni qarshi qo’ydi. Rasmiy yo’nalish sifatida o’zining estetikasini milliy realistik san’atga qarshi qaratadi. Dastlab Bolonya akademiyasi (Italiya) da paydo bo’lgan (16 – asr) bu yo’nalish keyinchalik Yevropa mamlakatlariga keng yoyildi. 19 – asrda Akademizm (Italiyada A. Kanova, Frantsiyada D. Engr va boshqalar) klassisizm an’analariga tayanib romantiklar, realistlar va naturalistlarga qarshi kurash olib bordi. Realistlar va oppozitsiya ta’sirida Akademizm inqirozga uchradi, 19 – asr oxiri — 20 – asrda bir qator mamlakatlardagina asosan yangi shakl — neoklassisizm ko’rinishida saqlanib qoldi. Akademizm tushunchasi keng ma’noda har qanday qonunlashtirish, o’tmish san’atning ideallari va qoidalariga murojaatni anglatadi.