AKKUMULYATOR

AKKUMULYATOR (lotincha accumulator — to’plovchi) — keyinchalik foydalanish maqsadida energiyani to’playdigan qurilma. Elektr, issiqdik, gidravlik, inersion xillari bor. Elektr Akkumlyator elektr toki ta’sirida kimyoviy energiyani elektr energiyasiga aylantirib beradigan galvanik tizim. Elektr Akkumlyator musbat elektrod, manfiy elektrod va elektrolitdan iborat. Elektrodning elektrolitga tegib turuvchi sirtida potentsiallar farqi hosil bo’ladi. Bu farq EYUK (elektr yurituvchi kuch) deyiladi. Yig’ilgan energiyani sarflash vaqtida kimyoviy energiya elektr energiyasiga, energiyani to’plash vaqtida esa elektr energiyasi kimyoviy energiyaga aylanadi. Elektrolit tarkibiga karab, Akkumlyatorlar kislotali va ishqorli xillarga bo’linadi. Kislotali Akkumlyatorlarda elektrolit sifatida sulfat kislota eritmasi, musbat elektrod sifatida qo’rg’oshin oksidi, manfiy elektrod sifatida qo’rg’oshin ishlatiladi. Bunday Akkumlyatorlardan avtomobil transportida, aviatsiyada, aloqada foydalaniladi. Ishqorli Akkumlyatorlar elektrodining xiliga karab, kadmiy-nikelli va temirnikelli, kumush ruxli va kumush-kadmiyli bo’ladi. Kadmiy-nikelli Akkumlyator musbat elektrodi grafit aralashtirilgan nikel oksididan, manfiy elektrodi kadmiy aralashtirilgan temirdan tayyorlanadi. Elektrolit sifatida o’yuvchi kaliy eritmasi yoki o’yuvchi natriy eritmasiga ozgina litiy gidrooksid qo’shilgan aralashma ishlatiladi. Akkumlyator zaryadlanish va zaryadsizlanish vaqtidagi o’rtacha kuchlanish (har bir elementga 1-2 V) va sig’im (amper-soat) bilan ifodalanadi. Kuchlanishni oshirish uchun Akkumlyatorlar ketma-ket ulanib, batareyalar hosil qilinadi. Kadmiy-nikelli va temir-nikelli Akkumlyator aviatsiyada, aloqa vositalarida, elektr transport mashinalarida, kosmik apparatlarda; kumush-ruxli va kumush-kadmiyli Akkumlyator aviatsiya, aloqa vositalari, kinoga olish apparati va boshqalarda ishlatiladi. Issiqlik Akkumlyator tarmoqdagi bug’ bosimini birday saqlab turadi. Gidravlik Akkumlyator gidravlik qurilmalarda suyuqlik yoki gazning bosim va sarfini baravarlaydi, 100-300 ATM bosim ostida suyuqlikni yig’ib, gidravlik presslarga va boshqa mashinaqurollarga bir me’yorda berib turadi. Inertsion Akkumlyator maxovikdan iborat bo’lib, undan turli mashinalar, transport vositalari va boshqalarda foydalaniladi. Soatlardagi prujinalar, aviatsiya modellaridagi rezina motor ham energiya Akkumlyatori hisoblanadi.