AKROPOL

AKROPOL (Yunoncha akros — yuqori, polis — shahar) — yunon shaharlarining muhofazalangan va balandlikka joylashgan qismi, yuqori shahar. Afina Akropolining qadimgi mudofaa devorlari miloddan avvalgi 2 – ming yillikka oid. Odatda Akropol dastlabki manzilgoh bo’lib, uning atrofida uncha mustahkam bo’lmagan quyi shahar deb atalmish qism joylashgan. Akropol dastlab yunon jamoasining diniy va madaniy markazi bo’lgan. Akropollarning ayrim xarobalarigina (Miken, Argos kabi) saqlanib qolgan. Bular o’sha davr moddiy-madaniy va ma’naviy hayotining yuksak taraqqiyotidan darak beradi. Ular orasida miloddan avvalgi 447-438 yillarda haykaltarosh Fidiy rahbarligida me’morlar Iktin, Kallikrat qurgan Afina Akropoli mashhur. Afina Akropoli majmuasidagi binolar orasida Parfenon ibodatxonasi diqqatga sazovordir. Afina Akropolida arxeologik qo’riqxona va muzey barpo etilgan.