AKTYORLIK SAN’ATI
AKTYORLIK SAN’ATI – aktyor ijrochiligi, teatr, kino, televideniye va radioda badiiy obraz yaratish san’ati. Aktyor ma’lum rolda o’ynar ekan, o’z qahramoni qiyofasiga kirib, uning fe’l-atvorini, ichki dunyosi va intilishlarini ifodalaydi. Bunda u pyesa, libretto yoki stsenariydagi mazmunni o’z ijodi, hayotiy tajribasi bilan boyitadi, jonlantiradi. Obraz yaratishda aktyorning nutqi, gavdasi, yuz va ko’z imo-ishoralari, tuyg’ulari, idroki asosiy vositalardir. Aktyor grim, libos, ba’zan niqobdan foydalanadi, gavdalantiradigan kishisi yoki boshqa mavjudotga yarasha xatti-harakat, ohang, imo ishora topadi, ichki va tashqi tomonni birbiriga uyg’unlashtiradi. Aktyorlik san’ati ijrochilarning dunyoqarashi, shaxsiyati, ijodiy o’ziga xosligiga tayangan holda hayotiy voqelikni aks ettiradi. San’at turlari (drama, opera, balet, kino, telefilm, telespektakl, radioteatr) va turli-tuman janrlarga qarab Aktyorlik san’ati bir qator uslublar va yo’nalishlarga bo’linadi. Sahnada ijod qiluvchi aktyorni yuzlab tomoshabin bevosita kuzatib turadi. Shuning uchun u har bir so’zni baland tovush bilan aytishga, har bir harakatni bo’rttirib ko’rsatishga majbur. Kinoda boshqacha: ovozsiz kinoda faqat harakat, imo-ishora bilan inson fe’l-atvori ochib berilgan, kino ovozli bo’lgach, aktyor kino kamerasi ro’pa-rasida kuproq qahramonning ruhiy holatini ochishga o’tdi. Televideniye ham aktyordan tabiiylikni talab qiladi. Radioteatrda esa aktyorlarning o’zlari ko’rinmaydi, ovozlari eshitiladi, xolos. Shu boisdan ovoz imkoniyatlari keng ishlatiladi. Balet spektakllarida obrazlar raqqos va raqqosalarning muayyan musiqa mazmunini ifodalovchi tana, qul harakatlari, aylanishlari, yuz va ko’z imo-ishoralari vositasida yaratiladi. Operada ijrochining musiqiy ohanglari, obraz sur’ati kompozitor tomonidan belgilangan, dirijyor rahbarligida orkestr tomonidan o’zlashtirilgan bo’ladi. Aktyor kompozitor belgilagan, orkestr uzlashtirgan ohang va usullarni o’z jozibasi, ovozi, his-tuyg’ulari bilan boyitadi. Musiqali teatr turi (opera, balet, operetta, musiqali drama) ga qarab artistning aytish va sahnaviy harakatlari har xil bo’ladi. Ammo umumiy jihat shuki, musiqali teatr artisti xonandalik, aktyorlik, raqqoslik sohalarini puxta o’zlashtirgan, sintetik qobiliyatga ega bo’lishi kerak. O’zbek Aktyorlik san’ati qadim tarixga ega. Uning sarchashmalari ibtidoiy jamiyatdan boshlangan: tabiat hodisalariga topinish, ibtidoiy odamlarning e’tiqodlariga doir marosimlardan, ovchilik bilan bog’liq ko’pchilik bo’lib ijro etiladigan o’yinlar, pantomimalardan kelib chiqqan. Aktyorlik san’ati badiiy ijodning aloxida turi sifatida miloddan avvalgi 5-asrda Hindiston, Yunonistonda shakllanadi. Keyinchalik Qadimgi Rimda rivojlandi. Ilk davlatlar va shaharlarning paydo bo’lishi natijasida Turkistonda ham Aktyorlik san’atining o’ziga xos ilk ko’rinishlari shakllandi. Ellinizm davrida (miloddan avvalgi 3-1-asrlar) vujudga kelgan Aktyorlik san’ati an’analari 20-asr boshlarigacha yetib kelgan. U ijtimoiy timsol — obrazlar yaratishda o’ziga xos uslub va ifoda vositalariga ega bo’lgan. Obraz yaratishda psixologik tahlildan ko’ra nutqning serbo’yoqligi, mubolag’a, badiha, kulgi vositalaridan keng foydalanish, harakat, imo-ishora, ohanglarni bo’rttirishga intilishgan. Antik davrda hozirgi O’zbekiston hududida ham tragik aktyorlar ish ko’rgan. O’rta asrlarda Movarounnahr, Farg’ona vodiysi, Xorazm vohasida hajv va hazil vositalaridan foydalangan masxaralar, muqallidlar, jiddiy yo’sinda hikoya qiluvchi maddohlar, qissaxonlar, voizlar, go’yandalar faoliyat ko’rsatganlar. 20-asrda maydonga kelgan Yevropa tipidagi yangi o’zbek teatrida Aktyorlik san’ati yanada taraqqiy etdi. U jahon teatri va Aktyorlik san’ati tajribalarini ijodiy o’zlashtirish, qadimgi milliy teatr ijrochilik an’analarini rivojlantirish yo’lida kamol topdi. Aktyorlar dramaturg tasvirlagan voqelikni, pyesa qahramonlarining ichki dunyosini ochishga, obrazning g’oyaviy ma’nosini chuqur talqin qilishga o’rgandilar. 20-30-yillar o’tkir satirik yo’nalish, maishiy tafsilot, yorqinlik, bo’rttirma o’zbek Aktyorlik san’atiga xos bo’lgan. A. Hidoyatov, G’. Islomov, M. Miroqilov, R. Pirmuhamedov va boshqa aktyorlarning ijodlari bunga misoldir. 40-yillarning oxiri — 50-yillarda o’zbek aktyorlari ijodida yirik falsafiy umumlashma, zamonaviy jo’shqinlikka intilish kuchaydi. O. Xo’jaev, Sh. Burhonov, S. Eshonto’rayeva, Z. Sadriyevalar yaratgan tarixiy va mumtoz obrazlar g’oyaviy teranligi, badiiy yetukligi bilan o’zbek Aktyorlik san’atini yuqori pog’onaga ko’tardi. Shu yillarda qahramonona-romantik, falsafiy-badiiy, ijtimoiy-maishiy ijrochilik yo’nalishlari va milliy ijrochilik maktabi shakllandi. Teatr aktyorlari kino, teleradio sohalariga dadil kirib borib, mazkur san’atlar ijrochiligining shakllanishiga hissa qo’shdilar. Ushbu san’atlarni mukammal egallagan R. Pirmuhamedov, R. Hamroyev, N. Rahimov, Sh. Burhonov, Ya. Sarimsoqova, O. Jalilov, H. Umarov, Yo. Axmedov, P. Saidqosimov, O’. Alixo’jaev, D. Qambarova, I. Ergashev, Yo. Sa’diyev, T. Shokirova kabi aktyorlar avlodi yetishdi. 60-90-yillarda o’zbek Aktyorlik san’atida ijodiy yo’nalishlar ko’paydi, teatrda, teleradioda, tsirkda ijod qiluvchi ijrochilarning bir-birlariga ta’sirlari kuchaydi. O. Norboyeva, E. Komilov, G. Jamilova, H. Nurmatov, R. Ahmedova, M. Abduqunduzov, T. Mo’minov, M. Rajabov kabi aktyorlar mavjud an’analarni o’zlashtirish yo’lidan bordilar. O’zbek operasi, musiqali drama teatrlarida T. Jalilov, M. Ashrafiy, T. Sodiqov, S. Yudakov, M. Leviyev, I. Akbarov kabi kompozitorlarning musiqa asarlari asosida ijrochilik maktabi shakllandi. M. Qoriyoqubov, H. Nosirova, L. Sarimsoqova, K. Zokirov, S. Qobulova, S. Yarashev, Sh. Rahimova, G. Izmaylova, B. Horiyeva va boshqa shu maktab vakillaridir. O’zbekiston mustaqilligi davrida sahnaviy janrlarning o’zaro ta’siri, yangi birikmali uyg’un janrlarning paydo bo’lishi Aktyorlik san’atida ham ijro va ifoda vositalarining yanada boyishiga olib keldi. Drama teatrida ashula va raqs vositalarini keng qullash, musiqa teatrida dramatizm, ichki kechinmalarning kuchayishi, bolalar teatrida barcha ijrochilik yo’nalishlaridan bahramand bo’lish shundan dalolatdir. Bu davrda qo’lga kiritilgan chinakam ijodiy erkinlik Aktyorlik san’atida ham o’z aksini topdi: milliy an’analarga e’tibor, ijodiy izlanish, yangi shakl va vositalar izlab topish, badihago’ylik kuchaydi. Aktyorlar o’z iste’dodlari, imkoniyatlarini turli janrlarda sinab ko’rish va to’liq ro’yobga chiqarish imkoniga ega bo’ldilar. Muhsin Qodirov.