AKTIVLIK QATORI
AKTIVLIK QATORI, kuchlanishlar qatori —metallarning elektrolit eritmalaridagi normal potentsiallarining ortib boradigan tartibda joylanishi: Li, K, sa, Na, Mg, Al, Mn, Zn, Cr, Fe, Cd, Ni, Sn, Pb, H2, Cu, Hg, Ag, Pt, Au Aktivlik qatoriga taqqoslash maqsadida, metallardan tashqari, vodorod (potentsiali nolga teng deb qabul qilingan) ham kiritiladi. Aktivlik qatorida muayyan o’rinda turgan metall o’zidan o’ngda turgan (potentsiali musbatroq) metallarni ularning birikmalaridan siqib chiqaradi. Masalan, to’tiyo (mis kuporosi) eritmasiga rux tashlansa, rux misni uning birikmasidan ajratib chiqaradi. Vodoroddan chapda turgan (potentsiali manfiyroq) metallar vodorodni uning birikmasidan (masalan, kislotadan) siqib chiqaradi. Tarkibida bir qancha metall tuzlari bo’lgan eritma elektroliz qilinsa, katodda avvalo Aktivlik qatorida o’ngda turgan metall ajralib chiqadi. Metallarning qotishmasida avval Aktivlik qatorida chapda turgan element korroziyalanadi. Metallmaslarning ham o’ziga xos kuchlanishlar qatori mavjud.