XOLDING
XOLDING – (ingl. “holding” – ega) o‘zga firma, korxonaning nazorat paketini o’zida ushlab turuvchi bosh kompaniya. Xolding qo‘l ostidagi kompaniyalarni rivojlantirib, daromadni ko‘paytirib, o‘zi ham tadbirkorlik faoliyati bilan shug’ullanadi. Huquqiy nuqtai nazardan aksionerlik jamiyati, mas’uliyati cheklangan jamiyat yoki xususiy korxona sifatida harakat qiladi. Xolding kompaniyasi sof xolding va aralash xolding ko’rinishida bo’ladi. Sof xolding umumiy boshqaruvni ta’minlash uchun moliyaviy nazorat vazifalarini bajaradi. Aralash xolding moliyaviy nazorat vazifalaridan tashqari tadbirkorlik faoliyatlari bilan ham shug’ullanadi. U boshqa firmalarning nazorat paketini qo’lga olib, ularni ishlab chiqarish faoliyatini o’ziga bo’ysundiradi. Xolding kompaniyasi faoliyati aksiya paketlarini boshqarish bilan chegaralanmay, birja va boshqa operatsiyalardan dividendlar yig’ish, boshqaruvga, direktorlar kengashiga va boshqa qaramog’idagi kompaniyalarga vakillar tayinlash bilan ham shug’ullanadi.