AKUSTIKA

AKUSTIKA (Yunoncha akustikos — eshitaman) — fizikaning tovush hodisalarini, ya’ni jismda mexanik to’lqinlarning paydo bo’lishi, tarqalishi va ularni qabul qilish jarayonlarini, tovush hodisasi bilan boshqa fizik hodisalar orasidagi bog’lanishni o’rganadigan bo’limi. Tovushning tarqalish va qaytish qonunlari Evklid zamonida aniqlangan edi. 17 – asrga kelib, tonning yuksakligi va tebranishlar soni orasida bog’lanish borligi aniqlandi. Galiley va frantsuz fizigi Mersenn (1588-1648) tovush to’lqinining havoda tarqalishini ilmiy tushuntirdilar va tovush tezligini o’lchadilar. Torrichelli vakuumda (havoslz joyda) tovush tarqalmasligini isbot qildi. Reley Akustikaning nazariy asoschisi bo’ldi; uning “Tovush nazariyasi” (1877) kitobi bosilib chiqdi. Akustika quyidagi sohalarga bo’linadi: umumiy Akustika, fiziologik Akustika, elektr Akustika, me’moriy Akustika va qurilish Akustikasi, musiqa Akustikasi, gidroakustika, atmosfera Akustikasi va harbiy Akustika. Umumiy Akustika tovushning paydo bo’lishi va tarqalishini hamda akustik o’lchash usullarini o’rganadi. Tovush qisqa vaqt davom etadigan hodisa, uni energiya bilan ta’minlab turibgina uzoq davom ettirish mumkin. Tovush hosil bo’lishi uchun tebranish davom etishi kerak (avtotebranish). Tebranish tebranish amplitudasi, soni, davri, tebranish shakli bilan, tovush to’lqini to’lqin uzunligi, to’lqinlar tarqalish tezligi, to’lqin energiyasi bilan ifodalanadi. Fiziologik Akustika tovushning eshitilishi, organizmga ta’siri va hokazo bilan shug’ullanadi. Bunday Akustikaning asosiy tushunchalarini Om va Gelmgols yaratgan. Elektr Akustika tovush energiyasining elektr energiyasiga, elektr energiyasining tovush energiyasiga aylanishi, tovush yozib olish, bino Akustikasi va ultratovush texnikasi bilan shug’ullanadi. Nemis ixtirochisi F. Reys telefon (1861) va ingliz ixtirochisi A. G. Bell (1876) mikrofon ixtiro qilganlaridan so’ng telegraf aloqasi amalga oshirildi. 1900 yil tovushli kino vujudga keldi. 1925 yildan tovush yozib olishning elektr Akustika usuli joriy qilindi. Elektron lampalar ixtiro qilingandan so’ng elektr Akustika tez taraqqiy etdi. Me’moriy Akustika va qurilish Akustikasi binoning hamma joyida tovush va musiqaning yaxshi eshitilishini ta’minlash, tashqi shovqinni kamaytirish masalalari bilan shug’ullanadi. Qurilish Akustikasida reverberasiyani amerikalik olim U. Sebin (Sabine) tadqiq qilgan va qurilish materiallarining tovush o’tkazish parametrlarini aniqlagan. Musiqa Akustikasi musiqa hodisalari (tovush, tovushqator, hamohanglik, musiqa tizimlari va boshqalar) ning ob’yektiv fizik qonuniyatlarini o’rganib, ularga musiqani idrok etish jarayoni nuqtai nazaridan yondashadi. Atmosfera Akustikasi va gidroakustika tovushning bir jinsli bo’lmagan va qatlamli muhitlarda tarqalishini o’rganadi. Dengiz bir jinsli bo’lmagan muhit, unda tovush to’lqinlari buriladi, yutiladi va sochiladi, bu uzoq, masofadagi kemaning turgan joyini aniqlashni qiyinlashtiradi. Bu hodisalar atmosferaga ham tegishlidir. Harbiy Akustika tovush tezligini bilgan holda dushman turgan joyni aniqlash, tovush qaytishi yordamida samolyotlarning uchish yo’nalishini, kuzatish punktidan uzoqligini va hokazolarni aniqlash bilan shug’ullanadi. Tovush tutish — radiolokasiya, tovush eshitish — pelengasiya harbiy ishda keng tatbiq qilinadi. Suv osti kemalari, samolyotlar, akustik minalar ultratovush bilan boshqariladi. Ad.: Isakovich M. A., Obhaya akustika, M., 1973; Xayasaka Tesuo, elektroakustika, Per.s yapon. I. I. Ivanchika, M., 1982; Pavlovskaya V. I. i dr., Akustika i elektroakusticheskaya apparatura, M., 1986.