AL-AZHAR
AL-AZHAR (al-jomi al-Azharning qisqa nomi) — Qohiradagi jome masjid, universitet, o’rta va o’rta maxsus bilim yurtlarini o’z ichiga olgan yirik rasmiy diniy muassasa. Masjid 970-972 yillari Fotimiy xalifa al-Muizz amriga binoan Qohira shahri bilan barobar qurilgan. Uning tarkibidagi madrasa (996) 11-asrdan boshlab Qur’on, hadis, fiqh, til hamda balog’at fanlari o’qitiladigan universitetga aylandi. 14 15-asrlarda unga yana bir necha yangi qurilgan madrasalar qo’shildi. 18-asrda Al-Azhar eng mo”tabar umummusulmon fan va ta’lim maskani sifatida shuhrat qozondi. 19-asr boshida Al-Azhar ulamolari Napoleon Bonapart istilosiga qarshi xalq harakatiga boshchilik qildilar. 19-asr oxiri — 20-asr boshida Al-Azhar Abdu Muhammad boshliq islohot tarafdorlari bilan konservatorlar o’rtasidagi kurash maydoniga aylandi. 1961 yil “Al-azharni rivojlantirish haqida” qonun qabul qilingach, vazirlik maqomi berilgan. Al-Azhar diniy muassasasiga rahbar — Shayxul Azharni Misr Prezidenti tayinlaydigan bo’ldi. Ushbu konunga ko’ra Al-Azhar universitetida qator dunyoviy fakultetlar, jumladan, idora ishlari va savdo, politexnika, qishloq xo’jalik, tibbiyot, pedagogika va xotin-qizlar fakultetlari ochildi. Al-Azhar huzurida 50 yirik ulamodan tashkil topgan (shulardan 30 nafari misrlik va 20 nafari xorijiy ulamolar) Islom tadqiqotlari Akademiyasi faoliyat ko’rsatmoqda. Al-Azhar kutubxonasida 20 mingdan ziyod qo’lyozmalar jamg’armasi mavjud. “Majallat Al-Azhar” jurnalini nashr etadi. Al-Azhar universitetining fakultetlariga shu muassasa tarkibiga kiruvchi boshlang’ich, o’rta va o’rta maxsus bilim yurtlarini muvaffaqiyatli tugatgan tolibi ilmlar qabul qilinadi. O’rta ta’lim yurti (maohid i’dodiya) da o’qish muddati — 4 yil, maxsus ta’lim (maohid sonaviya) da esa — 5 yil. Al-Azhar universitetining turli bosqichlarida 108,5 mingdan ortiqtalaba tahsil oladi. Taniqli ulamolar Ziyovuddinxon va Shamsuddinxon Boboxonovlar, Abdug’ani Abdullayev, Yusufxon Shokirov, qoraqalpog’istonlik diniy arbob Rahmatulla Idrisov, arabshunos olim Shoikromqori Shoislomov va boshqalar Al-Azharda tahsil ko’rganlar. Ahadjon Hasanov.