“ALANGA”
“ALANGA” — oylik adabiy va badiiy jurnal, 1928-30 yillarda Samarqandda nashr etilgan. Jami 32 soni chiqqan. 1-sonining adadi 5000. “Alanga” lotin alifbosida bosilgan birinchi jurnaldir. Bir oz muddat Botu muharrirlik qilgan. Asosan, tahrir hay’ati chiqargan. Unda Mannon Romiz, Botu, Nabi Qodirov, Orif Olimjonov va boshqalar bo’lgan. “Alanga”da til-imlo masalalari yoritilgan. 1929 yildan “qizil qalam” adabiy uyushmasining afkori (organi) vazifasini ham bajarib, adabiy-badiiy materiallar, adabiyotshunoslik va tanqidchilikka oid maqolalar ham muntazam berib borilgan. “Alanga”da Botu, Shokir Sulaymon, Oybek, Hamid Olimjon, Mirtemir, Rahim Ali, Jig’oy, G’ayratiy, Botur, Qosimjon, Hoshim, Suboy, Toshpo’lat Sa’diy va boshqalarning she’rlari, Fitrat, G’ozi Olim, E. E. Bertels, Hodi Zarif va boshqalarning ilmiy, ilmiy-ommabop maqolalari bosilgan.