ALANLAR
ALANLAR – milodiy 2-9-asrlarda Quyi Volga bo’yi, Janubiy Uraloldi, Don bo’yi, shimoliy Kaspiy bo’yi (Dneprgacha) mintaqalarda yashagan kabilalar; sarmatlarnipt avlodi. O’zlarini ironlar deb ataydilar, Vizantiya manbalarida alanlar, gruzin manbalarida oslar, rus yodnomalarida Yaslar deb ataladilar. Milodiy avvalgi 2-asrdan roksolanlar nomi bilan ma’lum. Hind-Yevropa til oilasining Eron tarmog’iga mansub tilda so’zlashgan. Alanlarning asosiy xo’jaligi chorvachilik va qisman dehqonchilik bo’lib, keyinchalik hunarmandchilik, kulolchilik, zargarlik va metallurgiya taraqqiy etadi. Alanlar ijtimoiy hayotida qabila boshliqlari muhim o’rin tutgan. Alanlar 4-asrda (372) gunnlar va 6-asrda avarlar tomonidan qattiq zarbaga uchraydilar. Ularning bir qismi xalqlarning buyuk ko’chishida ishtirok etib G’arbiy Yevropa va shimoliy Afrikaga borib o’rnashadi. U yerda Alanlar vandallar bilan birgalikda 6-asr o’rtasigacha mavjud bo’lgan davlat barpo etganlar. Dog’istondan Kuban bo’yigacha Alanlar yashagan hudud 7-10-asrlarda Xazar xoqoni tasarrufida bo’lgan. Bu davrda Alanlar Xazar xoqonligi, Vizantiya va Arab xalifaligiga qarshi kurashdilar. 10-12-asrlarda Alanlarning ilk davlati tuziladi. Shu davrda Alanlarda yunon alifbosi asosida yozuv vujudga keladi. 1238-39 yillarda mo’g’ullar Alanlarga qaqshatqich zarba berib Kavkazoldi tekisliklarini egallaydilar. Omon qolgan Alanlar Markaziy Kavkaz tog’lari va Kavkazorti (Janubiy Osetiya) ga ketadilar va u yerdagi mahalliy Kavkaz aholisi bilan qo’shilib ketganlar. Alanlar qabilalari o’rtasida 7-asrda xristian dini, 14-asrda Islom dini tarqaladi. Alanlar osetin xalqining bevosita ajdodi bo’lib, ular Shimoliy Kavkazning mahalliy aholisi etnogenezida hamda madaniyatining vujudga kelishida muhim rol o’ynagan.