ALANCHUQ
ALANCHUQ — Janubiy Ozarbayjon (Eronning shimoliy-g’arbi) dagi tog’yon bag’rida joylashgan mustahkam qal’a. Alanchuq uch pog’ona (yarus)dan iborat, har bir pog’onaning qalin va baland devorlari bo’lgan. Alanchuq sosoniylar davrida Vizantiyaga qarshi istehkom sifatida bunyod etilgan. Keyinchalik uning yuqori pog’onalari barpo qilingan. Tarixiy manbalarda Alanchuq haqida ilk bor Amir Temurning “Uch yillik yurishi” (1386-88) munosabati bilan qayd qilingan. 1387 yil kuzida Sohibqiron Sulton Ahmad Jaloyirni ta’qib etib, Alanchuqqa duch kelib, uni qamal qilgan. Qal’aning birinchi pog’onasi olingach, To’xtamishning Movarounnahrga qilgan chopquni xabari olinishi munosabati bilan qamal to’xtatilgan. Amir Temur Alanchuqni ikkinchi marta “Besh yillik yurish” (1392— 96) paytida, 1394 yil mayida qamal qilgan. Qamal ishlarini Muhammad Darvesh Barlos boshchiligida qo’shin olib borgan, qamal cho’zilib ketganligi bois bu vazifa Mironshoh Mirzoga topshirilgan. Biroq 1395 yil To’xtamishga qarshi qilingan yurish tufayli Alanchuq qamali yana to’xtatilgan. Amir Temur Oltin O’rdani tor-mor etib qaytgach, 1396 yil o’rtasida Alanchuqni musaxxar (tobe) qilgan. “Yetti yillik yurish” (1399-1404) paytida Alanchuq Amir Temurning harbiy istehkomi vazifasini o’tagan.