ALBANIYA
ALBANIYA, Albaniya Respublikasi (Republika e Shgiperise) — Bolqon yarim orolining Janubi-g’arbidagi davlat. Adriatika va ioni dengizlari sohilida joylashgan. Ma’muriy jihatdan 36 retaga bo’lingan. Poytaxti alohida ma’muriy birlik qilib ajratilgan. Maydoni 28,7 ming kilometr kvadrat. Aholisi 3,5 million kishiga yaqin (1999). Poytaxti Tirana shahri davlat tuzumi. Albaniya — parlamentli respublika. Amaldagi Konstitusiyasi 1998 yil qabul qilingan. Davlat hokimiyatining oliy organi — bir palatali Xalq Majlisi (155 deputat), uni barcha fuqarolar 4 yil muddatga saylaydi. Davlat boshlig’i — prezident. Albaniya Oliy ijroiya organi — hukumat boshlig’i boshchiligidagi Vazirlar Kengashi (hukumat). Davlat hokimiyatining mahalliy organlari — tegishli xalq kengashlari. Tabiati. Adriatika dengizining sohili asosan pasttekislik, Janubiy tog’lardan iborat. Albaniya hududining salkam 70% ni balandligi 2692 metrgacha bo’lgan shimoliy Alban Alplari (Prokletie) va Janubiy Alplar egallaydi. Ular o’rtasidagi Markaziy voha daryo vodiylariga bo’linadi. Sohili past-baland dengiz bo’yi tekisligidan iborat. Xromit, neft, bitum, temir-nikel va mis ruda konlari bor. Iqlimi — O’rta dengizga xos subtropik; iyulning o’rtacha temperaturasi 24″, 25°, yanvarniki 8°, 9°. Yiliga 1000 millimetr yog’in yog’adi. Soy va daryolari tog’li, ularda kema qatnamaydi. Eng katta daryolari — Drin, Semani, Shkumbini. Skadar, Oxrid, Prespa ko’llarining bir qismi Albaniya hududida joylashgan. Tekislikda jigarrang, tog’larda qo’ng’ir tog’-o’rmon tuproqlari. Yer maydonining 38% dan ko’prog’i o’rmon bilan qoplangan (Dub, Buk, Kashtan va bir xil daraxtlar). Sohilda O’rta dengizga xos o’simliklar doimo ko’karib turadi. Albaniyada 4 milliy bog’ bor. Aholisi. Asosiy aholi — albanlar (salkam 98%). Greklar, valaxlar va boshqalar ham yashaydi. Rasmiy tili — alban tili. Aholining o’rtacha zichligi — 1 kilometr kvadratga 87 kishi. Aholining 35% shaharlarda istiqomat qiladi. Eng yirik shaharlari — Tirana, Durres, Shkoder, Vlyora, Elbasan. Tarixi. Albaniyaning eng qadimgi aholisi pelasglar (yangi tosh davri), illiriylar (miloddan avvalgi 2-ming yillikdan boshlab) bo’lgan. Miloddan avvalgi 2-asrda hozirgi Albaniya hududini Rim bosib olgan. 395 yildan 1347 yilgacha u Vizantiya tarkibiga kirgan, keyinchalik uning ayrim qismlari bolgar va serb zamindorlari qo’l ostida bo’lgan. 1389 yildan Albaniyani Usmonlilar imperiyasi zabt eta boshladi. 15-asr o’rtalarida Skanderbeg boshchiligida boshlangan umumxalq qo’zg’oloni natijasida deyarli butun Albaniya ozod qilindi, biroq 1479 yilda uni yana turklar bosib oldi. 1912 yil bahorida Usmonlilar hukmronligini bartaraf etish uchun xalq qo’zg’oloni boshlandi. O’sha yili 28 noyabr kuni Vlyorada aholi turli tabaqa vakillarining qurultoyi Albaniyani mustaqil davlat deb e’lon qildi. Muvaqqat hukumatga I. Kamolbey boshchilik qildi. Aslida esa Albaniya boshqa davlatlarga qaram bo’lib qoldi. 1924 yil iyunidagi xalq qo’zg’oloni Ahmad Zogu to’dasini ag’darib tashladi. Ammo 1924 yil dekabrda u ajnabiy imperialistlar yordamida yana hokimiyatni egallab, o’zini avvaliga respublika prezidenti, 1928 yil esa qirol deb e’lon qildi. Uning davrida Albaniya amalda Italiya mustamlakasiga aylandi. 1939 yilda fashistlar Italiyasi, 1943-44 yillarda esa nemis fashistlari Albaniyani bosib oldi. Albaniya 1944 yil 28 noyabrda fashist bosqinchilaridan ozod etildi. 1946 yil 11 yanvarda xalq Respublikasi deb e’lon qilindi. 1976 yil 28 dekabrdan 1991 yil maygacha — Albaniya Xalq sotsialistik Respublikasi deb atalib keldi. 1991 yil maydan Albaniya Respublikasi. Albaniya 1955 yildan — BMT a’zosi. Albaniya va O’zbekiston Resbpublikasi o’rtasida diplomatiya munosabatlari 1993 yilda o’rnatilgan. Milliy bayrami — 28 noyabr — Bayroq kuni (1912). Siyosiy partiya va birlashmalari, kasaba uyushmalari. Albaniya sotsialistik partiyasi, 1941 yilda tuzilgan, 1948 yilgacha Albaniya Kompartiyasi, 1991 yilgacha Albaniya mehnat partiyasi deb atalgan. Hozirgi nomi 1991 yil 12 iyunda qabul qilingan; Albaniya demokratik partiyasi, 1990 yil tuzilgan; Albaniya agrar partiyasi, 1991 yilda tuzilgan; Albaniya respublikachilar partiyasi, 1991 yilda tuzilgan; Albaniya sotsial-demokratik partiyasi, 1991 yilda tuzilgan; inson huquqlari uchun ittifoq, 1992 yil tuzilgan; Albaniya kasaba uyushmalari konfederatsiyasi, 1990 yilda tuzilgan; Albaniya mustaqil kasaba uyushmalari birlashmasi, 1991 yilda tuzilgan. Xo’jaligi. Albaniya mustaqil bo’lgach, xo’jalik sohasida muayyan muvaffaqiyatlarga erishdi. U agrar-industrial mamlakatga aylandi. Albaniya milliy daromadining 46% sanoatda, 33% qishloq xo’jaligida hosil qilinadi. Sanoati. Oziq-ovqat, yengil sanoat, konchilik va yog’ochsozlik tarmoqlarining salmog’i katta. Energetika neft va gidroenergiya negiziga qurilgan. Yiliga 4 milliard kVt-sekunddan ortiq elektr energiya ishlab chiqariladi. Neft, xrom (1 yilda 1 million tonna — G’arbiy Yevropada l-o’rin), temir-nikel va mis rudalari, bitum qazib olinadi. Oziq-ovqat sanoatida qandshakar, yog’-moy, baliq va meva-konserva, vinochilik, tamaki tarmoqlari, yengil sanoatda — asosan to’qimachilik tarmog’i mavjud. Kema, metallsozlik, mashinasozlik, yog’ochsozlik sanoatining ayrim korxonalari ishlab turibdi. Asosiy sanoat markazlari: Tirana, Elbasan, Fieri, Korcha, Shkoder. Qishloq xo’jaligi. Asosiy tarmog’i — dehqonchilik. Ekinzorlari 560 ming gektardan ortiq (mamlakat hududining deyarli 20%). 230 ming gektarga yaqini sug’oriladi. Makkajo’xori va bug’doy oziq-ovqat sohasida katta ahamiyatga ega. Kartoshka, sabzavot ham yetishtiriladi. Paxta, tamaki, qand lavlagi asosiy texnika ekinlaridir. Tokchilik, zaytun va tsitrus o’simliklari o’stirish rivojlangan. Chorvachiliqda qo’ychilik va echkichilik ustun. Transporti. Transportning asosiy turi — avtomobil transporti (yuk aylanmasi hajmining salkam 65% ni tashkil etadi). Durres — Tirana, Durres — Elbasan va boshqa yo’nalishdagi temir yo’llar mavjud. Dengiz portlari: Durres, Vlyora. Xalqaro aeroporti — Tirana (rinas). Tashqi savdosi. Chetga asosan, xromitlar, temir-nikel, mis rudalari, neft, bitum, yog’och-taxta, charm, zaytun yog’i, tamaki, tsitrus, sabzavot va mevalar chiqariladi. Albaniya chetdan mashina, asbob-uskuna, prokat, transport vositalari, dori-darmon, kimyo sanoati mahsulotlari, keng iste’mol mollari keltiradi. Asosiy tashqi savdo mijozlari: Italiya, Gresiya, Turkiya, Germaniya. Pul birligi — lek. Tibbiy xizmati. Albaniyada 10 mingdan ortiq o’rinli kasalxonalar mavjud. 735 bemorga 1 shifokor to’g’ri keladi. Shifokorlarni Tirana universitetining tibbiyot fakulteti yetishtiradi. Lidjada kurortlar bor. Xalq ta’limi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. Xalq ta’limi tizimi 1969 yilda joriy etilgan bo’lib, u maktabgacha muassasalar, 8 yillik umumiy majburiy, 4 yillik o’rta (hunar yoki umumiy) va 3-4 yillik oliy o’quv yurtlaridan iborat. Albaniyada 3 universitet bor. Fanlar akademiyasi 1973 yil tashkil etilgan. Milliy kutubxona va universitet kutubxonasi, arxeologiya, etnografik muzeyi va boshqalar bor. Matbuoti, radioeshittirishi, teleko’rsatuvi. Albaniyada “Zeri i popullit” (“Xalq ovozi”, 1942 yildan) “Mesuesi” (“Muallim”, 1961 yildan), “Bashkimi kombetar” (“Milliy birlik”, 1943 yildan), “Kombi” (“Millat”, 1991 yildan), “Drita” (“Nur”, 1960 yildan), “Koxa Ione” (“Vaqtimiz”, 1991 yildan) va boshqa gazetalar nashr etiladi. Albaniya telegraf agentligi 1944 yil tashkil etilgan. “Albaniya radioeshittirishi va teleko’rsatuvi” davlat tashkiloti mavjud. Radio-eshittirish — 1944 yildan, teleko’rsatuv — 1961 yildan ishlaydi. Adabiyoti. Albaniyada boy xalq ijodiyoti — qahramonlik dostonlari, tarixiy qo’shiqlar mavjud. Alban tilida hozirgacha saqlanib qolgan dastlabki yozma manba — episkop pal Engelaning “Cho’qintirish taomili” (1462) dir. 16— 17-asrlarda adiblar P. Budi, F. Barde, P. Bogdani, M. Barxeti ijod qildilar. 18-asrda T. Kavaloti va Danel alban tili lug’atini tuzdilar. 19-asrda bir necha atoqli vatanparvar yozuvchilar, milliy uyg’onish arboblari maydonga chiqdi. Adabiyotda romantizm oqimi hukmron bo’lib qoldi. Shu davrning eng taniqli namoyandalari — shoirlardan I. De Rada (“Milosao qo’shig’i”, “Sho’rpeshona Skanderbeg” dostonlari), Kenja G. Dara (“Balaning so’nggi qo’shig’i” dostoni). Z. Serembe (“Taqdir” dostoni), V. Shkodrani (“O, mening albaniyam” dostoni), adib va tarjimon K. Kristoforidi. Adabiyotda novella, tarixiy roman, drama paydo bo’la boshladi. Yangi adabiyotning asoschilaridan biri N. Frasherining “Poda va dala” (1886), “Skanderbeg tarixi” (1898) va boshqa dostonlari yuzaga keldi. 20-asr boshlaridagi shoirlar — A. Chayupi (“Tomori ota” to’plami, 1902; “O’n to’rt yoshli kuyov” komediyasi, 1902), N. Meda (“Quvg’in”, “Bulbul nolasi” dostonlari), F. Shiroka, R. Silichi xalqni birlikka chaqiradi. Vatanparvarlik ruhidagi qo’shiq va novellalar muallifi M. Grameno alban badiiy prozasining asoschilaridan biri bo’ldi. Albaniya adabiyotining taniqli vakili Fannoli o’z she’rlarida fuqaroga hurmat va muhabbat tuyg’ularini ulug’ladi (“Salip Sulton qo’shig’i”, “Quvg’in qurboni”, “Dragobiy g’ori”, “Yugur marafonchi” va boshqalar). 20 asrning 30-yillarida ijtimoiy mavzu qalamga olina boshladi. 2-jahon urushi davrida va Albaniya ozodlikka chiqqanidan so’ng adabiyotda italyan-nemis fashistlariga qarshi kurash mavzuidagi asarlar yaratildi (F. Gyataning “Partizan Banko haqida qo’shiq” dostoni, D. Shuterichining “Haloskorlar” romani, 1952— 55). Turmushni ijtimoiy jihatdan o’zgartirishga bag’ishlangan romanlar (S. Spassening “Ular yolg’iz emas edi”, 1952; F. Gyataning “Botqoq”, 1959 va boshqalar) paydo bo’ldi. 50-60-yillarda avtobiografik va tarixiy qissa hamda romanlar (D. Shuterichi, V. Kokona, Ya. Dzodza asarlari) yaratildi. Me’morligi. Antik davr (miloddan avvalgi 7-asr) dan Albaniya hududida mudofaa inshootlari, jamoat va uy-joy binolari, me’moriy bezaklarning qoldiqlari, o’rta asrlardan Vizantiya inshootlari (13— 14 asrlarga mansub bo’lgan Lyavdari, Mborya qishloqlaridagi cherkovlar) va romantik uslubdagi imoratlar (Shasi qishlog’idagi sobor, Vau-i-Deyes, Oboti qishloqlaridagi cherkovlar, 13-asr), shuningdek, istehkom va qasrlar saqlanib qolgan. Saroylar, timlar, machitlar ham mavjud. Albaniya Xalq me’morligiga xos xususiyatlar —tog’lardagi mustahkam minorasimon uylar, ikki-uch qavatli, oldi peshayvonli, yassi cherepitsa tomli uylar. Albaniya shaharlarida o’rta asrlar va 20-asr boshlaridagi inshootlar bilan yonma-yon zamonaviy imoratlar ko’zga tashlanadi. Tasviriy san’ati. O’rta asrlarda rassomlik va haykaltaroshlik birmuncha rivoj topgan (Lyavdaridagi troisa cherkovi devorlariga ishlangan suratlar). 16-asrning 50-yillarida Sheltsan va Balsh cherkovlarida neokastrlik usta Onufriy suratlar chizgan. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida dunyoviy rang-tasvir (rassomlardan N. Martini, K. Xidromeno) paydo bo’ldi. Keyingi yillarda musavvirlik, grafika, haykaltaroshlikning turli janrlari rivojlandi. Albaniyada xalq amaliy san’ati (gilamdo’zlik, tikuvchilik, to’quvchilik, o’ymakorlik, zargarlik) qadim zamonlardan ma’lum. Musiqasi. Alban xalq musiqasida xilma-xil mahalliy uslublar, tabiiy besh pardali (pentatonik) kuylar, Ozarbayjon musiqasida uchraydigan ohanglar bor. O’zbek musiqasidagi kabi vazni o’zgarib turadigan qo’shiq va raqs kuylari taraqqiy topgan. Aksari 3 ovozli qo’shiqlar kamonli cholg’ular jo’rligida aytiladi. 20-asr 50-yillaridan professional musiqa san’ati: opera (P. Yakovaning “Mrika”, 1954, “Skanderbeg”, 1968), balet (T. Dayyaning “Xalil va xayriya”, 1963), operetta, simfoniya, kamer, cholg’u, xor musiqasi rivojlandi. Tiranada davlat opera va balet teatri bor. Teatri. 1874 yilda Testorati boshchiligidagi teatr to’garagi dastlabki sahna asarini qo’ydi. 19-asr 2-yarmida S. Frasheri, M. Grameno, F. Noli, A. Chayupi pyesalarini havaskor teatr truppalari sahnalashtirdi. 1944 yil Tiranada professional xalq teatri, keyinroq Korcha va Durresda teatrlar barpo etildi. A. Moisei nomidagi oliy aktyorlik bilim yurti ochilgan (1959). Kinosi. Albaniya kinematografiyasi 2-jahon urushidan so’ng rivojlana boshladi. 1952 yilda tashkil etilgan “Yangi Albaniya” kinostudiyasi hujjatli filmlar va kinojurnallar chiqaradi. Birinchi rangli badiiy film — “Albaniyaning buyuk farzandi Skanderbeg” (1954). Keyinchalik “Tana”, “Yer alanga ichra” va boshqa badiiy filmlar yaratildi.