ALI IBN ABU TOLIB

ALI IBN ABU TOLIB (taxminan 600-661, Ko’fa) — Islomda “Xulafo ar-roshidin” (“to’g’ri yo’ldan borgan xalifalar”), dindorlar o’rtasida “choryorlar” deb atalgan dastlabki 4 xalifadan to’rtinchisi. Quraysh qabilasining Hoshimiylar xonadonidan. Muhammad (sav)ning amakivachchasi va kuyovi (Fotimaning eri). Islomda vujudga kelgan shialik harakati bevosita Ali ismi bilan bog’liqdir. 7 – asr o’rtalarida xalifa Usmon siyosatidan norozilik ommaviy tus oldi. Muhammad (sav)ning barcha yurishlarida ishtirok etgan, qo’rqmas va sodiq jangchi, o’ta taqvodor inson, mohir notiq Ali xalifalikka munosib nomzod sifatida ko’pchilikka ma’qul edi. 656 yil iyunida Usmon o’ldirildi va Ali xalifa deb e’lon qilindi. Ammo sahobalardan Talha va az-Zubayr hamda Aliga nisbatan adovatda bo’lgan payg’ambarning bevasi Oysha tarafdorlari unga qarshi bosh ko’tardilar. Qatl etilgan Usmonning qarindoshi Suriya hokimi Muoviya ham Aliga qarshi urush e’lon qildi. 657 yil Furot daryosi o’ng qirg’og’idagi Siffin degan joyda yuz bergan jangda Ali qo’li baland kelgan bo’lsada, u raqiblari bilan kelishishga ko’ndi. Bundan norozi bo’lgan Ali askarlaridan 12 ming kishi jang maydonini tark etdilar va xorijiylar deb atalgan diniy-siyosiy oqimni tashkil qildilar. Xorijiylar raqiblariga nisbatan yakka terror usulini qo’llay boshladilar. 661 yil 19 yanvarda Ali Ibn Muljam degan shaxs tomonidan masjiddan chiqish paytida jarohatlandi va ikki kundan so’ng vafot etdi. Islomda Ali shaxsiga munosabat turlichadir. Xorijiylar unga o’ta salbiy munosabat bildirgan bo’lsalar, shialar aksincha uni ilohiylashtirib yuborganlar. Ahli sunna Ali shaxsiga mo’tadil va to’g’ri baho beradi. Shubhasiz, Ali Umar ibn al-Xattob singari Islom g’alabasi yo’lida katta xizmat ko’rsatgan arbob, Islom ahkomlari, Qur’on va uning tafsirlari hamda hadis rivoyatlari bilan bog’liq ko’p masalalarning chuqur bilimdoni bo’lgan. Ali tarafdorlari keyinchalik islomdagi shialik (Arabcha — “shia” — guruh, bu o’rinda “Ali tarafdorlari” mazmunida) oqimini tashkil etganlar. Ali shialarning 1-imomi va shia imomlari shajarasini boshlab beruvchi hisoblanadi. Shialar o’rtasida Alining qahramonliklari va sarguzashtlarini tasvirlovchi juda ko’p rivoyatlar to’qilgan va bu sunniylar o’rtasida ham keng yoyilgan. Shia yo’nalishining ba’zi ashaddiy firqalari Ali shaxsini ilohiylashtirib, uni Muhammad payg’ambardan ham yuqori qo’yadilar. O’rta Osiyo, xususan, O’zbekistonda bir necha qadamjo va mozorlar Ali nomi bilan bog’lanib, muqaddaslashtirilgan. Haqiqatda esa Ali O’rta Osiyo va Eronda hech qachon bo’lmagan. Ahadjon Hasanov.