Vegetatsiya davri
Vegetatsiya davri – 1) yilning o`simlik o`sishi va rivojlanishi uchun qulay davri. Mo’tadil iqlimli hududlarda vegetatsiya davri bahorning oxirgi sovuq kunidan kuzda tushadigan birinchi qora sovuq o`rtasidagi vaqtga to`g`ri keladi, tropik va subtropik iqlimga ega bo`lgan yerlarda esa bu davr yilning deyarli hamma faslini o`z ichiga oladi; 2) biologiyada bir va ikki yillik o`simliklarda urug`ning o`nishidan o`simlik umrining tugashigacha yoki ko`p yillik o`simliklarda erta bahorda o`ygonishdan, qishda «uyqu»ga kirishgacha bo`lgan davr. Sovuqqa chidamliligi turlicha bo`lgan o`simliklarda vegetatsiya davri bir joyning o`zida har xil: issiqsevar o`simliklarda qisqa, sovuqda chidamli o`simliklarda uzun bo`lishi mumkin. Vegetatsiya davri ketma-ket o`tuvchi bir qator fazalarga bo`linadi: g`o`zada – shonalash, gullash, ko`sak tugish va ochilish, g`alla o`simliklarida to`planish (chaylash), boshoq tortish, gullash, sut (dumbul) pishish va to`liq pishish fazalari. O`simliklarda vegetatsiya davrining uzun-qisqaligini hisobga olib, sovuq erta tushadigan shimoliy hududlarda ertapishar navlar, sovuq kech tushadigan janubiy hududlarda kechpishar navlar ekiladi. Vegetatsiya davri tashqi sharoitga va navning irsiy xususiyatlariga ham bog`liq. Bir sharoitda ertapishar deb hisoblangan nav ikkinchi bir sharoitda kechpishar bo`lishi mumkin. Masalan, o`rtacha uzun tolali g`o`zalarning vegetatsiya davri shimoliy hududlarda qisqa (110-130 kun), janubiy hududlarda uzun (120-150 kun) bo`ladi.