Tabiiy geografiya
Tabiiy geografiya – 1) geografik qobiq va landshaftlar haqidagi fan, tabiiatshunoslikning asosiy tarmoqlaridan biri, Yer haqidagi fanlar qatoriga kiradi. Geografik qobiqning moddiy tarkibi, strukturasi, rivojlanishi va hududiy bo`linishini o`rganadi. Tabiiy geografik komplekslar, ya’ni geografik qobiq va turli katta-kichik landshaftlar, ya’ni tabiiy huduiy komplekslarning zamon va makonda mavjudligini tan olish tabiiy geografiyaning oliy yutugi va asosiy metodologik prinsipidir. Tabiiy geografiyaning bu ta’rifi nisbatan yangi bo`lib, uni A.A.Grigorev, L.S.Berg, A.G.Isachenko, S.V.Kalesnik va V.B.Sochavalar asoslab bergan; 2) tabiiy geografik fanlar sistemasi. Bu sistema umumiy tabiiy geografiya yoki umumiy yer bilimi, regional tabiiy geografiya yoki landshaftshunoslik, geomorfologiya, iqlimshunoslik, quruqlik gidrologiyasi, okeanografiya, glyatsiologiya, geokriologiya yoki muzloqshunoslik tuproqlar geografiyasi, biogeografiya (geobotanika bilan zoogeografiya), fenologiya, paleogeografiya va boshqalardan iborat.
Har ikkala ma’noda ham hozirgi zamon tabiiy geografiyaning predmetini – geografik qobiq (landshaft qobig`i), tabiiy hududiy kompleks (tabiiy kompleks, landshaft, geokompleks, geosistema) va komponent tushunchalari aks ettiradi. Shunga ko`ra tabiiy geografiya uch asosiy tarmoqqa: umumiy tabiiy geografiya, regional tabiiy geografiya va komponentlar geografiyasiga bo`linadi.
Umumiy tabiiy geografiya geografik qobiqni bir butun ilmiy tadqiqot ob’ekti sifatida qarab, uning tarkibi, strukturasi va rivojlanishining umumiy qonuniyatlarini o`rganadi. Umumiy tabiiy geografiyaning nazariy asoslari negizida quyidagi geografik qonuniyatlar yotadi:
1) geografik qobiqning butunligi qonuniyati;
2) aylanma harakatlar qonuniyati, ya’ni geografik qobiqda moddalar va energiyaning turli aylanma harakatlari mavjudligi (chunonchi, suvning aylanma harakati, atmosfera sirkulyatsiyasi, biologik aylanma harakatlar, tog` jinslarining aylanma harakati va h.k.); 3) geografik qobiqning ritmika qonuniyati, ya’ni barcha tabiiy geografik jarayon va hodisalarning ma’lum vaqt davomida qonuniy takrorlanishi;
4) hududiy tabaqalanish (bo`linish) qonuniyati, ya’ni geografik qobiqning katta-kichik tabiiy hududiy komplekslar – tabiiy o`lka, zona, provinsiya, oblast, rayon va h. k. larga bo`linish qonuniyati;
5) geografik zonallik yoki dunyo zonalligi qonuniyati;
6) geografik zonallikning davriy qonuniyati;
7) azonallik qonuniyati;
8) zonallik va azonallikning bir butunligi (birgalikda uchrashi) qonuniyati;
9) qutbiy asimmetriya qonuniyati;
10)geografik qobiqning rivojlanishi qonuniyatlari va h. k.
Regional tabiiy geografiyaning mazmuni landshaftshunoslikdagi yangi tasavvurlar, chunonchi, antropogen landshaftlar, landshaftlar rekultivatsiyasi, ekologiyasi, dinamikasi haqidagi g`oyalar tufayli ancha kengaydi va chuqurlashdi. Landshaftlarning o`z-o`zini boshqaruvchi informatsion sistema sifatida talqin qilinishi uni o`rganishda kibernetika prinsiplarini va sistema uslubini qo`llashga, landshaftlarning tobora mukammal modellarini tuzishga imkon bermoqda. Landshaftlar morfologiyasi (topologiyasi), geokimyosi, geofizikasi va botanikasiga doir katta ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Tabiiy komponentlarni o`rganish bilan maxsus geografik fanlar-geomorfologiya, iqlimshunoslik, quruqlik gidrologiyasi, okeanografiya, tuproqlar geografiyasi (geografik tuproqshunoslik) va biogeografiya shug`ullanadi.