ALOQA YO’LDOSHI
ALOQA YO’LDOSHI – qit’alararo ko’p kanalli radiotelefon, fototelegraf, telegraf va televizion aloqalari o’rnatish maqsadida uchirilgan kosmik aloqa yo’ldoshi. Aloq yo’l faol (aktiv) va sust (passiv) retranslyator bo’lishi mumkin. Aloqa uzoqligi yo’ldoshning yer sathidan balandligiga, retranslyator ko’rsatkichlariga va aloqa o’rnatishda tanlangan elektromagnit to’lqinlar chastotasiga bog’liq. Yer sathidan balandligiga qarab Aloqa yo’ldoshi past (500 kilometrgacha), o’rta (500-1500 kilometrgacha) va yuqori (1500 kilometrdan ortiq) orbitali bo’ladi. Past va o’rta orbitali Aloqa yo’ldoshi bir-biridan uzoqda joylashgan punktlarda bir vaqtda qisqa muddatgina ko’ringanligi tufayli ko’pincha yuqori orbitali Aloqa yo’ldoshi tanlanadi. Global (boshqariladigan) aloqa tizimini kamida uch yo’ldosh yordamida o’rnatish mumkin. Buning uchun yo’ldosh orbitasi Yer sathidan 3600 kilometr balandlikda (uni muqim orbita deyiladi) va ekvatorga parallel bo’lishi kerak. Muqim orbitadagi yo’ldoshning yer atrofida aylanish davri bir sutkaga teng bo’lganligidan u hamma vaqt biror joy tepasida muallaq turadi. Yo’ldosh ufqqa nisbatan 10° dan ortiq balandlikka ko’tarilganda u orqali joylar orasida aloqa o’rnatish mumkin. Shuning uchun aloqa davomiyligi orbitaga va joylarning geografik koordinatlariga bog’liq. Geografik uzunliklari bir-biriga yaqin, geografik kengliklari turlicha bo’lgan punktlar orasidagi aloqa ekvatorial orbitadagi yo’ldosh yordamida amalga oshiriladi. Aloqa tizimi bir yoki bir nechta yo’ldoshdan, ularga o’rnatilgan retranslyasiya apparaturasidan va yerdagi uzatuvchi qabul qiluvchi apparatlardan iborat. Aloqa yo’ldoshiga “Molniya-1, 2, 3” (Rossiya), “Intelsat-3,4” (AQSh), “Intersputnik” misol bo’lishi mumkin.