ALBINIZM
ALBINIZM (lotincha albus — oq) — odam va hayvonlar terisi va ko’zining rangdor pardasida pigmentning (yuksak o’simliklar tanasi yoki organlarining bir qismida yashil rangning) bo’lmasligi. Albinizm — irsiy belgi bo’lib, pigment (melanin, xlorofill) sinteziga to’sqinlik qiluvchi resessiv genning gomozigot holatga o’tishi yoki xloroplastlarda sodir bo’ladigan irsiy o’zgarishlar bilan bog’liq bo’lishi mumkin. Rangini yo’qotgan organizmlar albinoslar deyiladi. Albinoslar 20000-40000 odamdan bittasida uchraydi. Laboratoriya hayvonlari — kalamush, sichqon, quyonlarning toza albinos liniyalari tadqiqot ishlarida foydalanish maqsadida boqiladi.