BYUROKRATIYA
BYUROKRATIYA (fr. bureau, byuro – idora; yun. kratos – kuch, hokimiyat, xukmronlik) — dastlab hukumat idoralarining rahbarlari va amaldorlari hokimiyati; keyinchalik jamiyatning turli sohalarida paydo bo’lgan yirik tashkilotlardagi xizmatchilar qatlamini ifodalagan. Boshqaruv va ma’muriyatning zarur qismi sifatida Byurokratiya alohida ijtimoiy qatlamga aylanib boradi. Byurokratiyaga xos xususiyatlar: quyi mansabdorlarning yuqori mansabdorlarga bosqichmabosqich bo‗ysunishi, qattiq ish tartiboti, maxsus ma’lumotni taqozo etuvchi rasmiylashgan vazifalarni amalga oshirishda mehnat va mas’uliyat taqsimoti. Tashkilot ko’pchilik a‘zolarining mustaqil ravishda imtiyozli qatlamga aylanishga intilishi oqibatida rasmiyatchilik, o’zboshimchalik, avtoritarizm va sharoitga moslashish kuchaya boradi, tashkilotning tartib-qoida hamda maqsad-vazifalariga bo’ysundirilishi asosan Byurokratiyani mustahkamlash va saqlab qolish uchun xizmat qiladi. Bu hol ayniqsa avtoritar tizimlarda yaqqol namoyon bo’ladi. Mansabdor shaxs tomonidan o’z vazifasiga vijdonsizlik va sovuqqonlik bilan karab, fuqarolarning taklif, ariza va shikoyatlarini ko’rib chiqish tartibini buzish, ularga to’ralarcha munosabatda bo’lish hollari davlat va jamiyat manfaatlariga, fuqarolarning qonun bilan qo’riqlanadigan huquq va manfaatlariga jiddiy zarar yetkazadi. Demokratik jamiyat Byurokratiyaning mazkur salbiy xususiyatlarini bartaraf etish va cheklashga qaratilgan nazorat hamda boshqaruv shakllarini ishlab chiqishga harakat qiladi.