AMAL
AMAL (Arabcha — ish, faoliyat, harakat) — 1) mansab, lavozim, hunar; 2) me’morlikda ko’pincha eski imoratlarda me’mor yoki ustaning dastxati shu so’z b-n boshlanadi. “Amali Usto…” kabi; 3) hisoblashdagi to’rt Amal — qo’shish, olish, ko’paytirish, bo’lish; 4) tibbiyotda ta’sir qilish. Masalan, chechakka qarshi emlangan joy bo’rtib, qora qo’tir bo’lib ko’chib tushsa yoki biror kasallikka qarshi dori berilganda bemor sog’ayib ketsa, dori Amal qilgan bo’ladi; 5) Islom ilohiyotida din aqidalariga ishonishdan tashkari dindor o’z faoliyati va harakati bilan bajarishi lozim bo’lgan barcha vazifalar va savob ishlarni ifoda etuvchi tushuncha. Amal umumiy mazmunda diniy marosimlar, urf-odatlar bilan bog’liq vazifalarni o’z ichiga oladi. Qur’onda “Amal” so’zi juda ko’p suralarda keladi, bunda musulmonlar tomonidan bajariladigan yaxshi, foydali ishlar ham, shayton tomonidan odamlarga qarshi qilinadigan yomon, zararli ishlar ham tushuniladi; 6) musiqada — o’tmishda kuy yoki ashulaning ma’lum uslubda yaratilgan shakli. Navoiy va Bobur asarlarida, Kavkabiy va Darvishali Changiyning “Risolai musiqiy” asarlarida Amallar va ularni yaratgan bastakorlar haqida ma’lumotlar berilgan. Kavkabiyning yozishicha, agar bir necha kuy tuzilmalarida sarxona, miyonxona va bozgo’y kabi unsurlar bo’lib, unga ma’lum o’lchovdagi she’r asos qilib olingan bo’lsa, Amal hisoblanadi. Darvishalining aytishicha, Amal cholg’u muqaddima (mustahal) bilan boshlanadigan ashuladir. Unda o’rta registrda ijro etiladigan miyonxona va qaytarma qism — bozgo’y bo’lishi shart. Amal hozirgi Shashmaqomda ham uchraydigan taronalarning yirikroq shaklidir. Yozma manbalarda Amali tarona ham uchraydi. Bu tarona shaklidagi Amaldir.