AMERIKA QO’SHMA SHTATLARI

AMERIKA QO’SHMA SHTATLARI (United States of America), (AQSh) — Shimoliy Amerikadagi davlat. Sharqdan Atlantika, g’arbdan tinch okean, Janubiy- sharqdan Meksika qo’ltig’i bilan o’ralgan. Ma’muriy jihatdan 50 shtat va Kolumbiya federal okrugiga bo’linadi. Alyaska va Gavayi Shtatlari mamlakat asosiy hududidan tashqarida joylashgan. Puerto-Riko Hamdo’stligi, Shimoliy Mariana orollari Hamdo’stligi, Guam, Virginiya orollari, Sharqiy Samoa ham AQShga qarashli. Maydoni 9373000 kilometr kvadrat, aholisi 271,6 million kishi (1999). Poytaxti — Vashington shahri. Davlat tuzumi. AQSh — Federativ respublika. Amaldagi Konstitutsiyasi 1787 yilda qabul qilingan. Davlat va hukumat boshlig’i, qurolli kuchlar bosh qo’mondoni — prezident, uning vakolatlari juda katta. Vitse-prezident biln birga bevosita, ikki bosqichli saylov yo’li bilan (saylovchilar hay’ati orqali) 4 yil muddatga saylanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni Senat va vakillar palatasidan iborat ikki palatali Kongress amalga oshiradi. Senatda 100 senator bor (ular 6 yil muddatga, har shtatdan 2 tadan saylanadi va 1/3 qismi har 2 yilda yangilab turiladi). Vakillar palatasiga 435 deputat 2 yilga saylanadi. Ijrochi hokimiyat organi — AQSh hukumati prezident tomonidan Senatning roziligi bilan tayinlanadi; 13 vazirdan iborat bo’ladi. Hukumat Kongress oldida mas’ul emas. Har bir shtatning o’z Konstitusiyasi bor. Shtatdagi qonun chiqaruvchi hokimiyatni qonun chiqaruvchi Majlis, ijrochi hokimiyatni esa gubernator amalga oshiradi. AQSh davlatining konstitutsiyaviy tizimiga uch siyosiy-huquqiy qoida asos qilib olingan, bu qoidalar — hokimiyatning bo’linishi, federalizm va sudning konstitusiyaviy nazoratidan iborat. Hokimiyatning bo’linish qoidasi davlat hokimiyatining uch tarmog’i — qonun chiqaruvchilik, ijroiya va sud hokimiyatlarining mustaqilligini va ular o’rtasida vazifalarning chegaralab qo’yilishini nazarda tutadi. Federal darajadagi uch tarmoq — Kongress, Prezident va Oliy suddir. Tabiati. Atlantika okeanining AQSh qirg’og’ida Ko’rfaz va qo’ltiqlar juda ko’p, sohillari asosan pasttekislikdan iborat; eng katta yarim oroli — Florida. Mamlakat relyefi uch turga bo’linadi. G’arbdagi Kordilera tog’tizmasi AQSh hududining uchdan bir qismini egallaydi. Tinch okean sohili baland tog’lar (Alyaska tizmasida AQSh va butun — 6194 metr balandlikdagi Mak-Kinli cho’qqisi joylashgan; bundan tashqari qirg’oqbo’yi tizmalari va kaskadli tog’lar, Serranevada tog’lari bor). Sharqiy mintaqani Qoyali tog’ tizmalari egallagan. Mazkur ikkala tog’li mintaqa oralig’ida Kolumbiya va Kolorado platolari bor. Katta havza cho’l yassi tog’liklarini chuqur daralar bir-biridan ajratib turadi. Sharqda uncha baland bo’lmagan Appalachi tog’lari (balandligi 2037 metrgacha, Mitchell tog’i) bo’lib, uni torgina Atlantika bo’yi pasttekisligi okeandan ajratib turadi. Kordilera bilan Appalachi o’rtasida Markaziy tekisliklar, Buyuk tekisliklar (yoki Preriy platosi) va Meksikabo’yi tekisliklarini o’z ichiga olgan ichki tekisliklar joylashgan. Shimolda suv-muz shaklidagi relyefli Lavrentiy tepaligining bir qismi joylashgan. AQSh — foydali qazilma zaxiralari va xilma-xilligi jihatidan dunyoning eng boy mamlakatlaridan biri. Ko’mir, neft, gaz, mis, qo’rg’oshin, pyx, uran, temir, titan rudalari, simob, oltin, molibden, volfram, fosforit konlari mavjud. Tosh va kaliy tuzlari, oltingugurt va boshqa minerallar ham bor. AQSh hududining deyarli hammasi mo’tadil va subtropik mintakalarda, Alyaska — subarktika, Floridaning Jan. qismi tropik mintaqalarda joylashgan. Mamlakatning shimoli Sharqiy va Sharqiy qismlari iqdimiga iliq Golfstrim oqimi, tinch okean sohili iqlimiga sovuq Kaliforniya oqimi anchagina ta’sir o’tkazadi. Hudud yuzasining tuzilish xususiyatlariga ko’ra shimoliy va Janubiy mintaqalar o’rtasida havoning faol almashinuvi munosabati bilan ob-havo tez-tez o’zgarib turadi. AQSh ichki mintaqalarining iqlimi — kontinental, Kordilera ichki hududlarida keskin kontinental. Bismark shahrida (shimoliy Dakota shtati) yanvarning o’rtacha temperaturasi -19′, iyulda 21°, Chikago shahrida yanvarda -3,7° va iyulda 32 gradus. Meksikabo’yi pasttekisligi va Atlantika bo’yi pasttekisligining Janubiy qismida subtropik iqlim. Yangi Orlean shahrida yanvarning o’rtacha temperaturasi 12°, iyulda 27,4°. Atlantika bo’yi sohilining shimoliy-Sharqiy qismi va tinch okean bo’yi sohilining shim. qismida — dengiz iqlimi. NyuYorkda yanvarning o’rtacha temperaturasi -0,8°, iyulda 23″. Tinch okean sohilining Janubida O’rta dengizga o’xshash iqlim, Kordilera Janubiy qismining ichki rayonlarida juda issiq va qurg’oqchil. Havoning eng past temperaturasi (-64° gacha) Yukon yassi tog’ligi (Alyaska) da, eng yuqori temperaturasi esa (50°) ajal vodiysi (Kaliforniya)da kuzatilgan. O’rtacha yillik yog’in Alyaskaning Janubiy-sharqida va Vashington shtatining g’arbida — 3000-4000 millimetr, mamlakatning Janubiy-sharqida — 1500-2000 millimetr, ichki tekisliklarda — Sharqda 1500 millimetrdan g’arbda 3000 millimetrgacha. AQShning ko’p daryolari Atlantika okeani havzasiga qo’yiladi. Mamlakat hududidan dunyoning eng yirik daryo tizimlaridan biri — Missuri bilan Missisipi daryosi oqib o’tadi. Appalachidan oqib kelib Atlantika okeaniga qo’yiladigan daryolar (Gudzon, Potomak va boshqalar) — qisqa, tez va sersuv. Kordileraning daryo tarmog’i siyrakroq. Bu erdagi Kolumbiya, Kolorado kabi soylar chuqur daralardan oqib o’tadi. Mamlakat shimolida, Kanada chegarasida Buyuk ko’llar (yuqori ko’l, Guron, Michigan, Yeri, Ontario) bor. Katta Havza tog’ida katta sho’r ko’l, Floridada ko’pdan-ko’p sayoz ko’l va qo’ltiqlar, Alyaskada muzliklardan hosil bo’lgan tektonik ko’llar, jumladan, Iliamna ko’li bor. Ichki suvlardan sanoat va kommunal suv ta’minoti, kema qatnovi, sug’orish va gidroenergiya manbai sifatida barakali foydalaniladi. Tuproq qoplami xilma-xil. Shimoliy-Sharqda serajriq podzol (kulrang) va qo’ng’ir o’rmon tuproq, Janubiy-Sharqda qizg’ish va sarg’ish tuproq, Ichki tekisliklarda qoramtir preriy, qoratuproq va to’q sur, Kordileraning tog’oralig’i platosida quruq dashtlarning kulrang va och sur tuproqlari. Mamlakat shimoli-sharqida aralash va qarag’ay o’rmonlari, Janubda keng bargli, tinch okean sohili va Kordilera yon bag’irlarida igna bargli o’rmonlar ustun. Markaziy tekisliklarning g’arbidagi ayrim joylarda o’tsimon preriy o’simlikzorlari, Buyuk tekisliklar, Kordilera platosi va vodiylarida quruq dashtlarning o’simliklari saqlanib qolgan. Kordilera yassi tog’ligining qurg’oqchil qismini yarim cho’l va cho’llar egallaydi. Muhofazaga olingan yirik tabiat ob’yektlari orasida Iellouston milliy bog’i, Yosemit milliy bog’i, sekvoyya, Grand-Kanon milliy bog’lari, mamont va Karlsbad g’orlari bor. Aholisi. AQShning hozirgi aholisi uch asosiy etnik tarkibiy qismdan: AQSh amerikaliklari, muhojirlar va tub joy aholisidan iborat. AQSh aholisining 82,8% ni asli kelib chiqishi yevropaliklar, 12,6% ni afrikaliklar, 3,6% ni osiyoliklar, 1% ni indeyslar, eskimoslar, aleutlar tashkil etadi. Aholining 80% shaharlarda yashaydi. AQSh amerikaliklari millat sifatida asosan 18-asrning 2-yarmida Yevropaning turli mamlakatlaridan kelgan muhojirlarning aralashib ketishi natijasida tarkib topgan. Afroamerikaliklar (“qoralar” deb ataluvchi negrlar) AQSh amerikaliklarining irqiy-etnografik guruhi bo’lib, ular 17-19-asrlarda mamlakatga keltirilgan afrikalik qullarning avlodlaridir. Afroamerikaliklar ko’p asrlar davomida ayirmachilik va kamsituvga duchor qilinishiga qaramay, afrikaliklarning oq tanlilar bilan jismoniy aralashuvi sodir bo’ldi. Duragaylar afroamerikaliklar umumiy sonining anchagina qismini tashkil etadi. AQShda meksikanlar, italyanlar, nemislar, frantsuzlar, shvedlar, norveglar, gollandlar, yaponlar, polyaklar, xitoylar va boshqa xalqlar ham yashaydi. AQShda 5 mingga yaqin o’zbek istiqomat qiladi. Ular asosan Nyu-York, Vashington, Nyu-Jersi Shtatlarida, Filadelfiya shahrida hamda mamlakatning boshqa shtat va shaharlarida yashaydi. Ular turli kasb hamda tijorat ishlari bilan shug’ullanadilar. Hozirgi amerikalik o’zbeklarning ota-bobolari 1917 yilgi oktyabr to’ntarishidan keyin bolsheviklar tazyiqidan qochib, avval Afg’oniston va Xitoyga o’tib ketganlar. 1950-yillarda esa, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Turkiya orqali AQShga borib qolishgan. 2-jahon urushi davrida turli yo’llar bilan u yerga borib qolgan o’zbeklar ham uchraydi. AQSh aholisining zichligi — 1 kilometr kvadratga 27,2 kishi. Rasmiy tili — ingliz tili. Dindorlar asosan protestantlar va katoliklardir. Yirik shaharlari: Nyu-York, Chikago, Losanjeles, Filadelfiya, Xyuston, Detroyt, San-Frantsisko, Vashington, Boston, Dallas, Klivlend, Baltimor. Tarixi. Qadim zamonlarda hozirgi AQSh hududida indeys va eskimoslar yashagan. Amerika 1492 yilda X. Kolumb tomonidan kashf etilgandan keyin 16-asrda Ispaniya, Frantsiya, Angliya, Gollandiya, Shvesiya Shimoliy Amerikadagi bo’sh yerlarni egallashga kirishdi. Angliya 18-asr o’rtalarida asosiy raqiblarini surib chiqarib, qit’aning Sharqiy qismida o’zining mustamlakachilik hukmronligini o’rnatdi. Yerlarni egallash va o’rnashib olish bilan ayni bir vaqtda mahalliy aholi qirg’in qilindi va Afrikadan qul negrlar ommaviy ravishda olib kelindi. 1775-83 yillardagi shimoliy Amerikada mustaqillik uchun urush davomida 1776 yil 4 iyulda federal davlat — AQShga asos solindi va u respublika deb e’lon qilindi. J. Vashington AQShning birinchi Prezidenta etib saylandi. Mamlakat shimolida sanoat va fermerlik, Janubda quldorlikka asoslangan dehqonchilik rivojlandi. G’arbdagi indeys qabilalarini haydab yuborish va yangi yerlarni o’zlashtirish hisobiga AQSh hududi tez kengaya bordi. 1803 yilda Frantsiyadan G’arbiy Luiziana “sotib olindi”, 1819 yilda Ispaniya Floridaning bahridan o’tdi, 1836 yilda Meksikadan Texas tortib olindi. 19-asr mobaynida hozirgi Kaliforniya, Arizona, Nyu-Meksiko, Nevada Shtatlarining hududlari, Kolorado va Vayoming Shtatlarining bir qismi qo’shib olindi. 19- asr o’rtalarida AQShda “ikki partiyali tizim” tarkib topdi. Endi hokimiyatni Demokratik partiya bilan Respublikachilar partiyasi galmagal boshqaradigan bo’ldi. Shimoliy burjuaziyasi bilan janub plantatorlari o’rtasidagi ziddiyat AQShda 1861— 65 yillar fuqarolar urushiga olib keldi, unda prezident A. Linkoln boshchiligidagi shimoliy shtatlar g’alaba qozondi. Urush davomida yer ulushlari haqida (1862), quldorlikni bekor qilish to’g’risida (1865) qonunlar qabul qilindi. Fuqarolar urushidan so’ng mamlakat iqtisodiyoti jadal rivojlana boshladi. 1867 yilda AQSh chor Rossiyasidan Alyaska va Aleut orollarini sotib oldi; 19-asr oxirida Filippin, Gavayi, Puerto-Riko va boshqalarni, 1903 yilda Panama kanali zonasini qo’lga kiritdi. Ikki asr bo’sag’asida AQShga ko’chib kelishning yangi to’lqini boshlandi. Muhojirlarning aksariyati Janubiy-Sharqiy Yevropadan edi. Birinchi jahon urushi davri (1914— 18) da AQSh avvaliga betaraflik mavqeida turdi, 1917 yil aprelda Antanta tomonida turib harakat qildi. Urushdan keyin AQSh iqtisodiy yuksalish davriga kirdi. Ammo tez orada iqtisodiy inqiroz (1929-33) boshlanib, ishsizlik kuchaydi (1933 yil 17 million ishsiz bor edi), korxonalar sindi, ishlab chiqarish keskin pasaydi. Inqiroz sharoitida F. Ruzvelt (1933— 45 yillarda AQSh Prezidenti) boshchiligidagi demokratik partiya ma’muriyati hokimiyat tepasiga keldi. Uning tashabbusi bilan bir qancha ijtimoiy-iqtisodiy tadbirlar amalga oshirildi, “yangi yo’l” deb atalgan bu yo’l AQShni inqirozdan olib chiqish maqsadini ko’zlar edi. 1941 yilda Yaponiya Amerikaning Pyorl Xarbor harbiy-dengiz bazasiga hujum qilganidan keyin AQSh 2-jahon urushiga qo’shildi va Gitlerga qarshi koalitsiya tomoniga o’tdi. Amerika qurolli kuchlari asosan tinch okeanda Yaponiyaga qarshi jangovar harakatlarda qatnashdi. 1943 yilda Italiyaga qo’shin tushirdi. AQSh ittifoqchilarning xalqaro anjumanlarida (1943 yil Texron, 1945 yil Qrim, 1945 yil Potsdam konferentsiyalarida) qatnashdi. Nihoyat, 1944 yil 6 iyunda AQSh bilan Buyuk Britaniya ikkinchi frontni ochdi. 1945 yil avgustda G. Trumen (1945-53 yillarda AQSh Prezidenti) buyrug’i bilan Yaponiyaning Xirosima va Nagasaki shlariga atom bombalari tashlandi; o’n minglab tinch aholining qirilishiga sabab bo’ldi. 1950-53 yillarda AQSh Koreya urushida qatnashdi, 1956-75 yillarda Vetnamda urush olib bordi. 1945 yildan AQSh — BMT, shuningdek Amerika davlatlari tashkiloti, NATO a’zosi. O’zbekiston Respublikasi bilan diplomatiya munosabatlarini 1992 yil 12 Fevralda o’rnatgan. Milliy bayrami — Mustaqillik kuni — 4 iyul (1776). Siyosiy partnyalari, kasaba uyushmalari. Respublikachilar partiyasi, 1854 yilda tuzilgan; demokratik partiya, 1828 yilda tuzilgan; Kommunistik partiya, 1919 yil tuzilgan; Amerika mehnat Federatsiyasi — ishlab chiqarish kasaba uyushmalari Kongressi, 1955 y. tashkil etilgan. AQShda salkam 40 mustaqil kasaba uyushmalari ham bor, ularga 4,5 million ishchi va xizmatchi a’zo bo’lib kirgan. Xo’jaligi. AQSh — dunyoda iqtisodiy jihatdan eng yuksak darajada rivojlangan mamlakat. Yalpi milliy mahsulot, sanoat va qishloq xo’jaligi ishlab chiqarish hajmi, tovar va kapital eksport qilish, ishlab chiqarishning to’planish va markazlashuvi, ilmiy tadqiqotlarga sarf-xarajat va shu kabilar bo’yicha 1-o’rinda turadi. Butun dunyodagi sanoat ishlab chiqarishning uchdan bir qismi AQSh ulushiga to’g’ri keladi. Xalqaro boshqaruv taraqqiyoti instituti o’tkazgan tadqiqot ma’lumotlariga ko’ra, 1994-96 yillarda iqtisodiy rivojlanish nuqtai nazaridan yetakchi davlatlar o’rtasida ham AQSh birinchi o’rinda turibdi. Sanoati. AQSh milliy daromadining 66,3% sanoatda hosil qilinadi. Sanoat ishlab chiqarishning yarmiga yaqini sanoat korporatsiyalari qo’lida. Ular orasida: “Ekson”, “Mobil”, “Teksako”, “Shevron”, “Standard oyl of Kaliforniya”, “Standard oyl of Indiana”, “Galf oyl” neft, “Jeneral Motore”, “Ford motor”, “Kraysler” avtomobil, “IBM”, “Jeneral elektrik”, “ITT” elektr mashinasozligi, “Yu. S. Stil” po’lat quyish, “Dyupon de Nemur” kimyo va boshqa korporatsiyalar bor. Harbiy sanoat korporasiyalari orasida “Jeneral daynemiks”, “Lokxid”, “Makdonnel Duglas”, “Grumman”, “Xyuz eyrkraft” yetakchi o’rinni egallaydi. Avia raketa-kosmik, energomashinasozlik, elektron, shuningdek neft kimyosi, atom va energetika sanoati g’oyat tez suratlar bilan taraqqiy etmoqda. Elektr energiyaning 74% issiqlik elektr stantsiyalarida, 12,1% GESlarda, 14,1% AESlarda hosil qilinadi. Neft (Meksika qo’ltig’i sohilidagi Galf, Kaliforniya, Alyaska), tabiiy gaz va oltingugurt (Galf), ko’mir (Appalachi va Markaziy havzalar), temir ruda (yuqori ko’l atrofi), fosforit (Florida), uran, rangli metallar, kaliy tuzlari va shu kabilar qazib olinadi. Qora metallurgiyaning asosiy markazlari — Chikago, Pittsburg, Detroyt, Klivlend, Buffalo, Baltimor, Filadelfiya. Alyuminiy sanoati Galf atrofida hamda Kolumbiya va Tennessi daryolari havzalarida joylashgan. Sanoatning yetakchi tarmog’i — mashinasozlik va metallsozlik. Sanoat va energetika asbob-uskunalari, qurilish va qishloq xo’jligi mashinalari ishlab chiqarish asosan shimoliy-Sharqiy Shtatlarda, elektrotexnika va aloqa vositalari ishlab chiqarish shimoliy-Sharq va Kaliforniyada yo’lga qo’yilgan. Avtomobilsozlikning bosh markazi Detroyt shahri. Samolyotlar, raketa va kosmik texnika ishlab chiqaruvchi zavodlar asosan Los-Anjeles, San-Diego, Boston, Nyu-York, Filadelfiya, Baltimor, Buffalo, Dallas, Atlanta va boshqa shaharlarda joylashgan. Kemasozlik (asosan harbiy kemasozlik) AQSh shimoliy – Sharqiy sohili portlarida rivojlangan. Atom sanoatining asosiy markazlari — OK-Rij, Padyuka, Portsmut, Eyken, Xanford. Kimyo sanoati ximikatlar, plastmassalar, kimyoviy tola, sintetik kauchuk, loklar, kir yuvish vositalari, bo’yoqlar, ma’danli o’g’itlar va shu kabilarni ishlab chiqaradi. Mazkur tarmoq korxonalari asosan shimoliy -Sharqiy Shtatlarda, Meksika qo’ltig’i sohilidagi shaharlarda joylashgan. Harbiy sanoat asosan Kaliforniya, Nyu-York, Texas, Konnektikut, Missuri, Massachusets, Virginiya Shtatlarida. Yengil sanoat tarmoqlaridan eng salmoqlisi to’qimachilik (ko’proq shimoliy Karolina, Janubiy Karolina va Jorjiya Shtatlarida) va tikuvchilik (Nyu-York va Janubiy Shtatlar). Charm poyabzal sanoati yaxshi rivojlangan. Oziq-ovqat sanoati o’z xom ashyosi bilan yaxshi ta’minlangan. Uning yetakchi tarmoqlari — go’sht, sut, un, yog’, qand-shakar, konserva, alkogolli, alkogolsiz ichimliklar, tamaki. Qishloq xo’jaligi. AQSh milliy daromadining 8% dan ko’prog’i qishloq xo’jaligida hosil qilinadi. Yirik fermalar yetakchi rol o’ynaydi. Umuman qishloq xo’jaligi sermahsul va sertovar bo’lib, muayyan hududlar ayrim mahsulot turlariga ixtisoslashgan va markazlashgan. Mamlakatda 2 millionga yaqin fermer xo’jaligi bor, bir fermer xo’jaligi o’rta hisobda 190 ga yerda dehqonchilik qiladi. Mehnatga yaroqdi aholining 2,5% qishloq xo’jaligida band. AQShda asosan makkajo’xori, soya, paxta, tamaki, sholi, kartoshka, kungaboqar, qand lavlagi, shakarqamish va boshqa ekiladi. Bug’doyzorlar (“bug’doy mintaqasi”) Buyuk tekisliklar va Kolumbiya platosida (asosan Kanzas va shimoliy Dakota Shtatlari), makkajo’xori (“Makkajo’xori mintaqasi”) Buyuk ko’llarning Janubi va g’arbida (Ayova, Illinoys Shtatlari) ustunlik qiladi, paxtazorlar faqat Missisipi daryosi vodiysi hamda Texas, Arizona va Kaliforniya Shtatlarida uchraydi. Qand lavlagi, shakarqamish Missisipi daryosi yetaklarida va Gavayi orollarida, tamaki shimoliy Karolina, Virginiya va Kentukki Shtatlarida yetishtiriladi. Bog’dorchilik va polizchilik Kaliforniya, Floridada, Atlantika okeani va Buyuk ko’llar sohillarida ko’proq. Keng cho’llar va “makkajo’xori mintaqasi” Shtatlarida go’shtbop chorvachilik, shimoliy- Sharqda va Kaliforniyada sut chorvachiligi rivojlangan. Minnesota va Viskonsin Shtatlarida sutning ko’p qismi qayta ishlanib, pishloq va sariyog’ishlab chiqariladi. Qo’ychilik asosan qurg’oqchil tog’li Shtatlarda rivojlangan. Go’shtbop jo’ja (broyler), tovuq, kurka yetishtirishga katta ahamiyat beriladi. Tuxum ko’proq Janubiy Sharqiy Shtatlardagi yirik parrandachilik fabrikalarida yetishtiriladi. AQShda 102 million bosh qoramol, 51 million bosh cho’chqa, 10 million bosh qo’y bor. Baliq ovlash rivojlangan. Hamma turdagi yog’och tayyorlanadi. Transporti. Ichki yuk tashishda temir yo’l, avtomobil transporti, ichki suv transporti, dengiz transporti, havo transporti, gaz va neft quvurlari muhim ahamiyatga ega. Asosiy dengiz portlari: Nyu-York, Filadelfiya, Baltimor, Yangi Orlean, Xyuston, San-Frantsisko, Buyuk ko’llarda — Chikago, Dulut. Aviatsiya qatnovi asosiy uzellari — NyuYork, Chikago, Atlanta, Los Anjeles, Mayami, Dallas. Tashqi savdosi. Dunyoning turli mamlakatlariga bevosita mablag’ sarflash ko’payib bormoqda. Eksportda ham, importda ham tayyor mahsulot ustun. AQShdan sanoat va energetika mashina-uskunalari, transport vositalari, kimyo tovarlari, to’qimachilik va qog’oz mahsulotlari, ko’mir, oziq-ovqat va embop don, soya, paxta, tamaki va boshqa mahsulotlar chiqariladi; neft va neft mahsulotlari, ruda va metall, sanoat mashina-uskunalari, uzoq muddat foydalaniladigan ro’zg’or anjomlari, kiyim-kechak, poyabzal, yog’och, qog’oz, baliq, go’sht, qand-shakar, kofe va boshqalar keltiriladi. Savdo-sotiqdagi asosiy mijozlari — Kanada, Yaponiya, Meksika, G’arbiy Yevropa mamlakatlari. Pul birligi — Amerika dollari. Tibbiy xizmati. Mamlakat kasalxona muassasalarining 70% — xususiy. Shifokorlarni tibbiyot maktablari tayyorlaydi. Saratoga-Springs, Kliften, Trenchlik, xot-Springsda balneologiya, Atlantiksitida dengiz bo’yi, Santa-Klaus, Monterey, Santa Barbarada dengiz kurortlari bor. Atlantika va tinch okeanlari sohillari va orollarida, shuningdek tog’ va cho’l joylarda iqlimiy stansiyalar joylashgan. Maorifi va madaniy-ma’rifiy muassasalari. Milliy maorif tizimi mustaqillik uchun urush (1775-83) dan keyin qaror topa boshladi. 1852 yilda Massachusets shtati AQShda birinchi bo’lib majburiy boshlang’ich ta’lim to’g’risida qonun qabul qildi. AQShdagi ko’pchilik Shtatlarda 7-16 yoshdagi bolalar uchun o’qish majburiy. O’rta maktabning turlari ko’p: 3 y.lik kichik o’rta maktab, 6 yillik Birlashgan kichik va o’rta, 4 yillik o’rta maktab. Barcha variantdagi o’rta maktablarda o’qish muddati — 12 yil. Oliy ta’lim tizimi universitetlarni, 4 yillik kollejlarni bundan tashqari to’liq oliy ma’lumot bermaydigan 2 yillik kichik kollejlarni, hunar va texnika institutlarini o’z ichiga oladi. Barcha oliy o’quv yurtlarida ta’lim pulli. Eng yirik oliy o’quv yurtlari: Garvard, Kaliforniya (Berkli shahrida), Viskonsin, Michigan, Illinoys, Kornell (Itaka shahrida), Kolumbiya, Prinston, Chikago, Pensilvaniya universitetlari, Kaliforniya, Stenford va Massachusets texnologiya institutlari. Yirik kutubxonalari: Kongress kutubxonasi (1800 yil tashkil etilgan), nodir kitoblar va qo’lyozmalar kutubxonasi, Milliy arxiv kutubxonasi, Milliy tibbiyot kutubxonasi, universitetlarning kutubxonalari, Los-Anjeles (1872 yil tashkil etilgan), Chikago (1872 yil tashkil etilgan), Boston (1852 yil tashkil etilgan), Nyu-York (1895 yil tashkil etilgan) xalq kutubxonalari va boshqalar. Mashhur muzeylari: AQSh Milliy muzeyi, havoda uchish va kosmonavtika milliy muzeyi, Nafis san’at asarlari milliy kollektsiyasi, Milliy san’at galereyasi, Tarix va texnika milliy muzeyi, Milliy portret galereyasi (hammasi Vashingtonda), Hozirgi zamon san’at muzeyi, Metropoliten muzey, Amerika tabiatshunoslik tarixi muzeyi (Nyu-Yorkda), Boston nafis san’at muzeyi va boshqalaar. Ilmiy muassasalari. AQShda ilmiy muassasalarga rahbarlik qiladigan yagona markaz yo’q.Vashingtondagi AQSh milliy Fanlar Akademiyasi (1863 yilda tashkil bo’lgan) fan va texnika masalalari bo’yicha federal hukumatning maslahatchisi hisoblanadi. 1964 yilda alohida Milliy texnika akademiyasi tuzilgan; Kaliforniya Fanlar Akademiyasi (1853), Chikago Fanlar Akademiyasi (1857) mavjud. Barcha ilmiy tadqiqotlarning anchagina qismi universitetlarda olib boriladi. 1965 yilda tashkil etilgan Milliy ta’lim akademiyasi maorif va pedagogika masalalari bilan shug’ullanadi. Mamlakatda birtalay ixtisoslashgan ilmiy tashkilot va jamiyatlar bor. 10 mingdan ortiq, asosan, xususiy sanoat firmalari, 700 ga yaqin federal hukumat muassasasi ilmiy tadqiqot va tadqiqot-konstruktorlik ishlarini amalga oshiradi. Kongressning ijozati bilan federal hukumat barcha ilmiy tadqiqot va konstruktorlik ishlarining yarmini pul bilan ta’minlaydi. 1950 yilda milliy ilmiy fond tashkil etildi. Bu muassasa zimmasiga ilmiy tadqiqotlarning yo’nalishini belgilash, ularni muvofiqlashtirish va pul bilan ta’minlash, ilmiy kadrlar tayyorlash vazifasi yuklatilgan. Fan va texnika masalalari bo’yicha federal kengash prezidentning maxsus yordamchisi boshchiligida hukumat muassasalari bajaradigan tadqiqot ishlarini nazorat qiladi. Davlat muassasalari orasidagi eng yirik fondlar Mudofaa vazirligiga qarashlidir. Bu vazirlik ixtiyorida 100 dan ortiq ilmiy tadqiqot va tajriba ilmiy markazlari bor. Matbuoti, radioeshittirish va teleko’rsatuvi. AQShdagi yirik kundalik gazetalar: “Nyu-York Tayms” (“Nyu-York vaqti”, 1851 yildan), “NyuYork Deyli Nyus” (“Nyu-York kundalik yangiliklari”, 1919 yildan), “Nyu-York post” (“Nyu-York pochtasi”, 1801 yildan), “Vashington post” (“Vashington pochtasi”, 1877 yildan), “Vashington Tayms” (“Vashington vaqti”, 1982 yildan), “Uollstrit Djornel” (“Uollstrit gazetasi”, 1889 yildan), “Chikago Tribyun” (“Chikago minbari”, 1847 yildan), “Los-Anjeles Tayms” (“Los-Anjeles vaqti”, 1881 yildan), jurnallar: “Taym” (“Vaqt”, 1923 yildan), “Nyusuik” (“Hafta yangiliklari”, 1933 yildan), “Yunayted Steyts Nyus end Uorld riport” (“Qo’shma Shtatlar yangiliklari va jahonga nazar”, 1933 yildan), “Biznes uik” (“Biznes hafta mobaynida”, 1929 yildan), “Neyshn” (“Xalq”, 1865 yildan), “Demokrat” (1961 yildan), “Layf” (“Hayot”). Yetakchi axborot agentliklari: Assoshieyted Press (AP; 1848 yilda tashkil etilgan) va Yupi (1958 yilda tashkil etilgan). Birinchi tijorat radiostansiyasi 1920 yilda tashkil etilgan. AQShda 9 mingdan ko’proq radio va izo telestansiya mavjud. Tajriba teleko’rsatuvi — 1928 yildan, muntazam teleko’rsatuv 1941 yildan ishlaydi. Adabiyoti 17-asrdan rivojlana boshladi. 1775-83 yillar mustaqillik uchun urush davridagi ma’rifatparvarlar, xususan, “Uchinchi tabaqa” oliy maqsadlarining targ’ibotchisi B. Franklin va atoqli publisist, “Somom aql” (1776) va “Inson huquqlari” (1791— 92) manifestining muallifi T. Peyn faoliyati milliy adabiyotni rivojlantirishda muhim rol o’ynadi. T. Jeffersonning “Mustaqillik deklarasiyasi” (1776)da ilg’or ma’rifatparvarlik g’oyalari aks etdi. Yevropa romantizmi ta’sirida 19-asrning 1-yarmida Amerika romantizmi yuzaga keldi va milliy o’ziga xoslik xususiyatlarini ifodalab berdi. Romantizmning dastlabki davri 1810— 30-yillarga to’g’ri keladi. Uning eng salmoqli vakillaridan V. Irving, U. K. Brayant, J. F. Kuper asarlarida Amerika xalqining farovon turmush haqidagi orzu-umidlari aks etgan. 19-asrning 40-60-yillarida adabiyotda negrlarni qullikdan ozod qilish uchun boshlangan harakat bilan bog’liq yo’nalish yuzaga keldi. J. G. Uiter, X. U. Longfello, J. R. Louell, G. Bicher-Stou (“Tom toganing kulbasi”), R. Xildret kabi shoir va yozuvchilar asarlari, U. L. Xarrison, U. Filips, A. Linkoln, mutafakkir negr F. Duglaslarning publisistikasi quldorlikka qarshi qaratildi. Shoir U. Uitmen ijodi ham milliy adabiyotni rivojlantirishda muh-im rol o’ynadi. Fuqarolar urushidan keyin AQSh adabiyotida Mark Tven (“Tom Soyerning sarguzashtlari”, “Geklberri Finning sarguzashtlari”) AQSh adabiyoti tarixida o’chmas iz krldirdi. T. Drayzer (“Moliyachi”, “Amerika fojiasi”), F. Norris, J. London (“Martin Idei”) 19- asr AQSh adabiyoti an’analarini davom ettirib, AQSh adabiyoti tarixida yangi saxifa ochdilar. J. Londonning asarlarida insonning alohida toifasi, mard, kuchli, halol, ayni vaqtda o’z hayotiy kurashida yolg’iz inson gavdalantirilgan. T. Drayzerning romanlarida ijtimoiy hodisalar chuqur tahlil etilgan, zamon qaxramonlarining taqdiri keng miqyosda tasvirlangan, tarixga donishmandlarcha nazar tashlangan. 20-asrning 20-yillarida “Yo’qotilgan avlod” deb atalgan adabiy guruh (E. Xeminguey, U. Folkner, J. Dos-Passos, F. S. Fisjerald) tashkil topdi. Uning vakillari mavjud tartibqoidalarni tanqid qildilar, ishonchsizlikni, bosqinchilik urushlariga qarshi harakatni, yosh avlod fojiasini tasvirladilar. 2-jahon urushi arafasida T. Drayzer fashizm mohiyatini fosh etdi va unga qarshi kurashchi obrazini yaratdi. Urushdan keyin J. D. Selinjer, J. Chiver, J. Apdayk, U. Stayron, J. Outs prozasining bosh qahramoni — ma’naviyatsiz jamiyatda o’z qobiliyatini ro’yobga chiqara olmaydigan shaxs. Bu yozuvchilarning ko’pgina asarlari o’rta sinf deb atalgan toifadagi odamlarga, yoshlarga bag’ishlangan. 20-asr Amerika she’riyatida xilma-xil g’oyaviy-badiiy yechimlarni ko’ramiz. AQShning ilmiy-sarguzasht va hajv adabiyoti (A. Azimov, A. Klark va boshqalar) o’ziga xos mavzularning boyligi bilan ajralib turadi. Badiiy-hujjatli roman janri ayniqsa rivoj topdi. Amerika adabiyotining eng yaxshi namunalari “Tom tog’aning kulbasi” (g. Bicherstou), “Tom Soyerning sarguzashtlari”, “Geklberri Fin sarguzashtlari” (M. Tven), “Ko’mir qiroli” (E. Sinkler) romanlari, J. London, O. Genri, T. Drayzer, O. Karlson, P. Bak, R. Konnel, E. Xeminguey hikoyalari, L. Xyuz she’rlari va boshqa asarlar o’zbek tiliga tarjima qilib nashr etilgan. Me’morligi. Yevropaliklar Shimoliy Amerikaga kelmaslaridan oldin indeyslarning o’ziga xos me’morligi bo’lgan. Irokezlar “Uzun uylar” deb atalgan turar joylar yaratgan bo’lsalar, Pueblo indeyslari “Pueblo” qishloq uylarini qurganlar. Ingliz, golland va frantsuz mustamlakachilari AQShga Yevropa an’analarini keltirdilar. Dastlabki binolar barokko uslubida qurilgan. Ular sodda bo’lib, naqshlar kam ishlatilgan. 18-19-asrlarda AQSh me’morligida klassisizm uslubi hukm surdi. Bu uslubda davlat va jamoat binolari (Vashingtondagi oq uy, Nyu-Yorkdagi eski ratusha — shahar idorasi), ibodatxona va boshqalar qurildi. Keyinroq quramalik va dabdabalilik kuchaydi [Vashingtondagi Kapitoliy (Kongress) binosi]. Fuqarolar urushidan so’ng AQSh me’morligi yuksalish yo’liga o’tdi. AQShning bir qancha iste’dodli me’morlari T. Richardson, J. O. Ryoblin, U. O. Reblinglar qurilish texnikasi rivojiga katta hissa qo’shdilar (Bruklin ko’prigi). 20-asr AQSh me’morligi, asosan, texnika va iqtisod sur’atiga bog’liq holda rivojlandi. 20-asrning 20-30-yillarida Amerikaning bir qancha shaharlarida (Nyu-York, Losanjeles, Chikago va boshqalar) nihoyatda baland binolar qurildi. Amerikaning eng iste’dodli me’morlari L. Salli-Ven va F. L. Rayt yangi texnika imkoniyatlarini estetik tushunishga intildilar: L. Salliven ko’p odam sig’adigan katta binolar uchun po’lat to’sinli konstruktsiyani ishlab chiqtsi, F. L. Rayt esa kichik bino loyihalari ustida ishladi, ayni vaqtda bir necha baland hamda ba’zi ma’muriy binolar loyihasi ham 30-yillar o’rtalarida chizildi. AQShga Yevropadan mashhur me’morlar: V. Gropius, M. Breyner, L. Mis van der Roe, E. Mendelson, R. Neytra, E. Saarienen va boshqalar keldilar. Ular hozirgi zamon AQSh me’morligiga asos soldilar. 2-jahon urushi yillari AQShda yig’ma qurilish rivojlandi. Urushdan so’ng “Po’lat va alyuminiy” me’morligi rag’batlantirildi, me’moriy shakllarning “Universal uslubi” taraqqiy etdi (L. Mis van der Roe asarlari). 50-yillarning oxirida yangi klassisizmning yangicha nusxasi paydo bo’ldi (E. D. Stoun, M. Yamasaki kabi me’morlar). 60-80-yillar inshootlari hajmining kattaligi, geometrik miqyoslarining salmoqliligi, me’moriy yunalishlarning betartibligi bilan ajralib turadi (Nyu-Yorkdagi xalqaro savdo markazining 412 metr balandlikdagi 110 kavatli minorasi, 1971-73, me’morlar M. Yamasaki, E. Rot; Chikagodagi “Sire va Robak” savdo kontsernining 442 metr balandlikdagi minorasi, 1972-75, “Som” firmasi me’morlari; minne-apolisdagi bank binosi, 1969-73, me’mor G. Birkerts va boshqalar; San-Frantsiskodagi “Xayat Rijensi” mehmonxonasi, 1973, “Jon Portmen va boshqalar “firmasi hamda Los-Anjelesdagi “Bonavantyur”, 1978, me’mor J. Portmen). Tasviriy san’ati. AQShning yerli xalqi — indeyslarning AQShga boshqa mamlakatlardan kelgan xalqlar san’atidan farklanuvchi o’ziga xos qadimiy san’ati bor. Indeyslar san’ati diniy xarakterdagi yog’och haykallar, naqshli sopol idishlar, guldor matolar, bizon terisiga tushirilgan naqsh va rasmlar, zebziynatlardan iborat. AQSh yerlari yevropaliklar tomonidan mustamlakaga aylantirilgan davrdan 18-asr o’rtalarigacha mahalliy tasviriy san’atda (yevropaliklar san’ati) barokko uslubining soddalashtirilgan shakllari bilan yaratilgan taqlidiy asarlar tarqalgan. 18-asr oxiri va 19-asr boshlarida AQShda rassomlar — G. Styuart, J. Trammbal, T. Salli ijod qildilar. AQSh tasviriy san’ati rivojida Filadelfiyada tashkil topgan badiiy akademiyaning (1805) ahamiyati katta bo’ldi. 18-asr oxiri va 19-asr boshlarida rivojlangan AQSh tasviriy san’ati 19-asrning 20-50-yillarida tushkunlik davrini boshdan kechirib, 19-asr 2-yarmidan yana yuksaldi. Biron Uoldo, U. Maunt kabi realist rassomlar ijodida xalq turmushini jonli va haqqoniy ifodalashga intilish seziladi. 19-asrning 2-yarmida ijod qilgan va Amerika san’atini yuksak darajaga kutargan rassomlar orasida u. Gomer, T. Itkins, J. Uistlerlar alohida o’rin tutadi. Rassomlik san’atining tarkib topishiga T. Nast, haykaltaroshlikka esa O. Sent-Godens hissa qo’shgan. 19-asr oxiri va 20-asr boshlarida AQSh tasviriy san’atida impressionizm, simvolizm, modernizm (Ch. Xessem, M. Preidergast) oqimlari paydo bo’ldi. 20-asr boshlarida haykaltarosh J. Bernard, rassomlardan J. Pentsell, J. Sloan va J. Bellouz kabilar ijod qildilar. AQSh tasviriy san’atida rassom R. Kent alohida o’rin tutadi. R. Kent shimoliy manzaralari va kitob suratkashligining mohir ustasi sifatida jahonga tanilgan. Portretchi I. Olinskiy, Amerika xalqi turmushini haqqoniy tasvirlovchi aka-uka R. va M. Soyerlar, haykaltarosh M. Filde kabilar ham mashhur. Musiqasi. AQSh musiqiy madaniyati Evropa va Afrikadan olingan musiqiy shakllar, janrlar va uslublar hamda Amerika qit’asida qadimdan mavjud bo’lgan musiqiy an’analar omuxtasi tarzida tarkib topdi. Indeyslarning musiqa madaniyati bir ovozli va pasayib boruvchi ohangli qo’shiq hamda raqslardan iborat bo’lgan. Amerikaning dastlabki yarim professional musiqachilari — U. Billings, E. Lou, J. Morgan (18-asr oxiri); ular ijodida dastlabki kelgindilarning diniy qo’shiqlari amerikacha musiqaga xos yangi shaklga kirdi. 19-asrning 2-yarmidan boshlab AQShga Yevropa mamlakatlaridan musiqachilar, kompozitorlar kelib, Amerika musiqa madaniyati rivojiga hissa qo’shdilar. Ular simfonik orkestrlar, musiqa o’quv yurtlari va jamiyatlari, teatrlar tashkil etishdi. 1883 yil Nyu-Yorkda mashhur “Metropoliten opera” teatri ochildi. Shotlandiyalik Edvard Mak Douell AQSh professional kompozitorlik maktabiga asos soldi. L. Armstrong, B. Gudmen, Dyuk Ellington kabi musiqachilar jaz san’atini rivojlantirdilar. Kompozitor va pianinochi Jorj Gershvinning 1935 yilda sahnalashtirilgan “Porgi va Bess” operasi Amerikaning haqiqiy milliy operasi sifatida musiqa tarixiga kirdi. 20-asr 30-yillarida “Kompozitorlar uyushmasi” va “Ishchi musiqachilar uyushmasi” atrofida to’plangan kompozitorlarning ijodiy faoliyati avj oldi. AQSh kompozitorlaridan — L. Bernstayn, S Barber, J. K. Menotti, U. Shumen, dirijyorlardan — Yu. Ormandi, L. Stokovskiy, pianinochi — V. Klaybern, skripkachilardan — I. Menuxin, Isaak Stern, mashhur negr qo’shiqchilari — Pol Robson va Marian Anderson, qo’shiqchi kompozitor Pit Siger, musiqashunoslar — O. Kinkeldi, P. Lang, N. Slominskiy va boshqalar AQSh musiqa tarixida salmoqli o’rin tutadi. Mamlakatda bir necha mashhur orkestrlar, opera teatrlari, yirik musiqa o’quv yurtlari, maktablari bor. Mashhur skripkachi Isaak Stern, qo’shiqchi kompozitor Pit Siger, Beni Gudmen rahbarligidagi orkestr va boshqa turli vaqtlarda O’zbekistonda gastrodda bo’lgan. Teatri. Shimoliy Amerika hududida teatr san’ati bo’lganligi haqidagi dastlabki ma’lumot 17-asrga oid. O’sha paytlarda ingliz missionerlari xristianlikni targ’ib qilish uchun diniy pesalarni sahnalashtirar edilar. 18-asrda asosan Angliyadan kelgan teatr guruhlari spektakllar qo’yishardi. 1716 yilda Uilyamsburgda (Virginiya shtati) birinchi teatr binosi qurildi. Angliyadan kelgan L. Xallem teatri shu binoda faoliyatini boshladi. U Shekspirning “Venesiyalik savdogar” pyesasini sahnaga qo’ydi. AQSh professional teatri shu tariqa boshlandi. Uning repertuar asosini ingliz dramaturgiyasi tashkil qilgan edi. 18-asr oxiridan boshlab Amerika dramaturglarining (ko’pincha U. Danlep) asarlari qo’yiladigan bo’ldi. 18-asr oxiri — 19-asr boshlarida yirik shaharlarda teatrlar tashkil qilindi: “Park”, “Chetem”, “Baueri” (Nyu-York), “Chestnat Strit” (Filadelfiya), “Tremont” (Boston) va boshqalar. 19-asr ikkinchi yarmida ko’chma guruhlar hisobiga teatrlar soni ortdi. Bu teatrlarda ma’lum bir pesani qo’yish uchun guruh yig’ish, spektaklni foyda bermay qolguncha ko’rsatib, so’ng guruhni tarkatib yuborish va boshqa pyesa hamda guruh izlash, ularda yetakchi o’rinni egallagan “yulduzlar”dan foydalanish odat tusiga kirgan edi. Bu hol Nyu-Yorkning Brodvey kuchasida joylashgan teatrlarda ham ro’y berdi. 30-yillarda ishchi teatrlari maydonga keldi. 1927 yilda J. Louson va M. Gold “Yangi dramaturglar teatri” tashkil qilib, “Xoboken blyuz” (M. Gold) va “Internasional” (J. Louson) kabi asarlarni sahnalashtirdi. Shu yillarda “Repertuarli fuqaro teatri” va 158 federal teatr ochildi. Ammo iqtisodiy tanazzul natijasida ilg’or teatrlar birin-ketin yopilib, yana Brodvey teatrlari hukmron bo’lib qoldi. 2-jahon urushidan keyin “Brodveydan tashqari” teatrlar maydonga keldi: “Kriket”, “Grinuich-Myuz”, “Living”, “Sheridan Skver pleyxaus” va boshqalar. 1957 yilda NyuYorkda “Brodveydan tashqari” teatrlar uyushmasi tashkil etildi. 1964 yilda NyuYorkda “Linkoln san’at markazi doimiy teatri” ochildi. 70-yillarda Texas, Kaliforniya, Florida, Rod-Aylend va boshqa shtatlarda mintaqa teatrlari tashkil topdi. Tennessi, Viskonsin, Oklaxoma, Minnesota Shtatlarida bolalar teatrlari ishlaydi. 50— 80-yillardagi AQShning yetakchi dramaturglari — A. Miller, T. Uilyame, E. Olbi, J. Gelber, L. Xensberi, J. Boldun, D. Reyb va boshqalar; taniqli rejissyorlar — J. Papp, E. Kazan, J. Bek, J. Chaykin, P. Shuman, D. Makbet, E. Sherin, D. O’Nil, J. Uord; aktyorlar — R. Stayger, L. Kobb, J. Fonda, J. Xarris, M. Stepplton, S. Puate, D. Din, D. Jons va boshqalar. Turli millatlarning ishchi tashkilotlari huzurida havaskorlik to’garaklari mavjud. Teatr kadrlari untlarning maxsus fakultetlarida, xususiy drama studiyalarida tayyorlanadi. Kinosi. AQShda kino san’ati rivojlana boshlashi arafasida, 1893 yilda T. A. Edison “Kinetoskop”ni ixtiro qildi. Mamlakatda uch yildan keyin kino ishlab chiqarish boshlandi. 1908 yildan Gollivud (Losanjeles yaqinida) AQSh kinematografiyasi markazi bo’lib qoldi. Iste’dodli rejissyor D. U. Griffit yaratgan “Millatning tug’ilishi” (1915), “Chidab bo’lmaslik” (1916), “Sindirilgan novdalar” (1919) kabi tarixiy filmlar mustaqil san’at sifatida kinoga asos soldi. L. Gish, R. Bartelmes, M. Pikford, K. Marsh, T. Ins, S.de Mill va boshqa kino san’ati namoyandalari kinematografiya tarixida o’chmas iz qoldirdi. 20-yillarda “Shimoldan kelgan Nanuk” (rejissyor R. Flaerti, 1922), “Janubiy dengizlarning Moanasi” (rejissyor R. Flaerti, 1926), “Ochko’zlik” (rejissyor E. Shtrogeym, 1924), “Ulug’ namoyish” (rejissyor K. Vidor, 1925) kabi filmlar yaratildi. Ovozsiz kino san’atida Ch. Chaplin, G. Lloyd, B. Kiton, R. Arbekl, Ch. Konklin kabi kino qiziqchilari yetishib chiqdi. 20-yillarda kino ishlab chiqarish “Metro-Goldvin-Mayer”, “Kolumbiya”, “Paramaunt”, “Uorner Brazers” degan asosiy kinokompaniyalar ixtiyorida bo’ldi. “Rizqi-ro’zimiz” (rejissyor K. Vidor, 1934), “Men surgundan qochganman” (rejissyor Le Roy, 1932), “G’azab” (rejissyor F. Lang, 1935), “Jin ko’cha” (1937) 30-yillarning eng yaxshi filmlaridandir. 2-jahon urushi yillarida “Yettinchi xoch” (rejissyor F. Tsinneman, 1943), “Shimol yulduzi” (rejissyor L. Maylstoun, 1943), “Moskvaga safar” (rejissyor J. Uorner, 1943) kabi filmlar paydo bo’ldi. 50-yillarda Gollivud ko’p serialli filmlar chiqara boshladi: “Ben-Gur”, “Spartak”, “Kleopatra” va boshqalar. “Nyu-York maktabi” deb atalgan ilg’or maktab kinematografchilari “Bauerida” (1956), “Qayt, Afrika” (1959), “O’qraygan ko’z”, “Soyalar”, “Aloqdchi” kabi filmlarni yaratdilar. 60-yillardagi AQSh kinofilmlarining eng yaxshilari qatoriga “Bonni va Klayd” (A. Peni, 1966), “Favqulodda hodisa” (S. Lyumet, 1967), “Janubning diqqinafas tunida” (M. Nikole, 1967), “Bitiruvchi” (1968) kabilar kiradi. 70-80-yillarda ko’ngilochar va sarguzasht filmlar, “Dahshat” va “Falokat” filmlari chiqarishga kirishib ketildi. AQSh kinoaktyorlari — B. Lankaster, S. Tresi, M. Brando, G. va D. Fondalar, D. Xofman. AQShda kino san’ati o’quv va ilmiy tadqiqot muassasalari, jumladan, kino san’ati akademiyasi (1927 yilda asos solingan) bor, u har yili mamlakat va chet ellarda yaratilgan eng yaxshi filmlarga “Oskar” mukofotini beradi. O’zbekiston—Amerika munosabatlari. O’zbekiston Respublikasi bilan AQSh o’rtasidagi ikki tomonlama siyosiy va iqtisodiy munosabatlar bir nechta hukumatlararo shartnoma va bitim asosida tartibga solib turiladi. Hamjihatlik haqidagi memorandum, investitsiyalarni rag’batlantirish va o’zaro himoya qilish haqidagi shartnoma, savdo bitami, maslahatlashuvlar o’tkazish to’g’risidagi qo’shma bayonot, konsullik munosabatlariga oid qo’shma axborot asosiy hujjatlardir. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I. A. Karimovning 1996 yil iyunida AQShga qilgan tashrifi ikki mamlakat o’rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirishga ko’maklashgan muhim voqea bo’ldi. Tashrif chog’ida ikki tomonlama huj-jatlar majmui imzolandi. Buxoro viloyatidagi gaz konlarini o’zlashtirish loyihasini mablag’ bilan ta’minlash, surkov materiallari ishlab chiqaruvchi qo’shma korxona barpo etish, qishloq xo’jaligi korxonalariga lizing xizmati ko’rsatuvchi qo’shma korxona tashkil qilish to’g’risidagi bayonnomalar, O’zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat (TIF) Milliy banki bilan AQSh savdo va taraqqiyot agentligi o’rtasida Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasida birgalikda aviatexnika ishlab chiqarish loyihasining texnik-iqtisodiy asoslamasini tayyorlash uchun Amerika tomonidan grant ajratish to’g’risidagi bitim, O’zbekiston TIF Milliy banki bilan “bank of Amerika” o’rtasida hamkorlik to’g’risidagi memorandum, O’zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurelar qo’mitasi bilan “Nyumont-mayning” kompaniyasi o’rtasida hamjihatlik to’g’risidagi memorandum, O’zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurelar qo’mitasi bilan “Nyumont-mayning” va “Misui” korporasiyalari o’rtasida “Qizilolmasoy” va “Ko’chbuloq” ruda konlarini birgalikda o’zlashtirish to’g’risidagi bitim shular jumlasidandir. 1999 yilda O’zbekiston bilan AQSh o’rtasidagi tovar aylanmasi 282 million AQSh dollarini tashkil etdi. O’zbekiston AQShdan bug’doy, xalq iste’mol mollari, asbob-uskunalar sotib oladi. Eksport asosan paxta tolasidan iborat. AQShdagi turli firma va kompaniyalarning O’zbekiston bilan muvaffaqiyatli hamkorligi, delegatsiyalar almashuvi ikki davlat o’rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga imkon beradi. O’zbekistonda bir qancha O’zbekiston-Amerika qo’shma loyihalarini amalga oshirishga kirishildi. Ular orasida eng yiriklari “Nyumont-mayning” kompaniyasi tomonidan Zarafshon shimolida oltin ruda konidan foydalanish, “Interneshnl Telset, Ink.”kompaniyasi tomonidan Toshkent shahrida kabel televideniyesi tarmog’ini yaratish va boshqarish loyihalaridir. Amerikaning firma va kompaniyalaridan “Barents Grupp” kimyo sanoati sohasida, “Kellog” Ko’qdumaloq koni uchun kompressor stansiyasi qurish, “AIG”, “Emsiay” turli sohalarda o’zbekistonlik sheriklari bilan muvaffaqiyatli hamkorlik qilmoqda. “Zarafshon-Nyumont” O’zbekiston-Amerika qo’shma korxonasi Qizilqum cho’lida qisqa muddatda zamonaviy korxona barpo etdi. MDH mamlakatlaridagi kata loyihalarni ro’yobga chiqaruvchi Amerika firmalarining tadqiqotlarini mablag’ bilan ta’minlovchi AQShning yirik nohukumat tashkiloti — savdo va taraqqiyot agentligi oltin qazib chiqaruvchi modulli yangi zavod loyihasining texnik-iqtisodiy asoslamasini mablag’ bilan ta’minlash uchun Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga grant ajratishga qaror qildi. O’zbekiston — Amerika hamkorligiga xususiy biznes namoyandalari ham salmoqli hissa qo’shdi. Jumladan 1997 yilda Amerikaning “Keys Interneyshnl” kompaniyasi yordamida Toshkent traktor zavodi qayta qurilib, shu firmaning zamonaviy traktorlarini ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi. “Boing” kompaniyasi esa o’zaro manfaatli shartlar (lizing) asosida yo’lovchi tashiydigan samolyotlar yetkazib berdi. “Boing” qulayligi jihatidan ham, uchish xavfsizligi jihatidan ham Rossiyaning shu toifadagi samolyotlaridan katta farq qiladi. Dunyodagi eng kuchli kompyuter kompaniyasi IBM esa O’zbekiston bank tizimini kompyuterlash sohasida katta amaliy yordam berdi. Amerikaning IREX, ACCELS, Soros jamg’armasi kabi muassasalari esa AQSh va Yevropaning ilmiy markazlarida O’zbekiston uchun mutaxassislar tayyorlashga oid dasturlarni amalga oshirmoqda. O’tish davrining qiyinchiliklarini bartaraf etishda AQSh hukumati va xayriya jamg’armalari insonparvarlik yordami berib, O’zbekistonga bolalar va davolash muassasalari uchun doridarmon, tibbiyot asbob-uskunalari, kiyimkechak, oziq-ovqat mahsulotlari yuborib turibdi. 1997 yil noyabrda AQSh prezidenti rafiqasi Xillari Klintonning O’zbekistonga tashrifi ikki mamlakat o’rtasidagi samarali aloqalarni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega bo’ldi. 1997 yil 9-11 iyunda O’zbekiston-Amerika qo’shma komissiyasining tuzilishi AQSh bilan O’zbekiston o’rtasidagi munosabatlarning yanada mustahkamlanib va rivojlanib borayotganligini ko’rsatdi. Qo’shma komissiya mintaqaviy siyosiy muammolarni o’z ichiga olgan o’zaro manfaatli masalalar, O’zbekistonning siyosiy va iqtisodiy islohotlardagi siljishi, harbiy sohada hamkorlik qilish hamda O’zbekistonda xo-rijiy investitsiyalar uchun sharoitlarni muhokama etadi. 1998 yil 26-27 fevral Vashington shahrida qo’shma komissiyaning birinchi, 1999 yil 24-25 may Toshkent shahrida ikkinchi majlisi bo’lib o’tdi.