JANUBI-SHARQIY OSIYO DAVLATLARI UYUSHMASI
JANUBI-SHARQIY OSIYO DAVLATLARI UYUSHMASI (ASEAN) — mintaqaviy siyosiy-iqtisodiy tashkilot. Indoneziya, Malayziya, Singapur, Tailand va Filippin davlatlari tarkibida tuzilgan (1967). Keyinchalik unga Bruney va Vetnam qabul qilingan. Maqsadi – mazkur davlatlarning iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va siyosiy hamkorligini rivojlantirish, Janubi-Sharqiy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni o’rnatishga ko’maklashish. Tashkilot so’nggi yillarda mintaqada tinchlik va betaraflik zonasi, shuningdek, yadrosiz zona vujudga keltirish yo’lida harakat qilmoqda. Qarorgohi Indoneziyadagi Jakarta shahrida joylashgan.