MILLIY MANFAAT

MILLIY MANFAAT — xalqaro munosabatlarda ikki ma‘noda ishlatiladi: 1) tashqi siyosatning maqsad va vazifalarini aniqlab beruvchi tadqiqot quroli sifatida; 2) ma‘lum bir siyosatni oqlash uchun ishlatiladigan keng ma‘nodagi siyosiy tafakkur to’g’risidagi tushuncha sifatida. Har ikkala ma‘noda ham milliy manfaat davlat siyosatining tashqi muhit bilan o’zaro munosabatga kirishga chorlovchi muhim omil deb qaraladi. U faqat suveren davlatga xos va asosan tashqi siyosatga taalluqli: ichki rangbaranglik asosan davlat manfaati (jamiyat manfaati) deb hisoblanadi. Milliy manfaatlar borasida birinchi bo’lib muntazam va chuqur ilmiy izlanishlar olib borgan olim Charlz Berd fikriga ko’ra, bu atama siyosiy tilga XVI asrda Yevropada kirib kelgan. Davlat hamda millatchilikning rivojlanishi bilan bir qatorda eskiroq atama «raison d‘Etat» ning o‗rnini egallay boshladi. U sulola yoki davlatga xos manfaatlarni emas, balki suverenitet va davlatning qonuniyligi bilan bog’liq jamiyat manfaatlarini ifodalagan. Shundan so’ng, u xalqaro munosabatlarda davlat kuchi ishlatilishini asoslab bergan bir butunlikni ifodalay boshladi. Siyosiy tadqiqot quroli sifatida milliy manfaat siyosiy realizm maktabi bilan bog’liq va uning ko’zga ko’ringan tarafdori Gans Morgentau hisoblanadi. Ushbu qarash uning uchun xalqaro siyosiy jarayonlarni tushunishda muhim ahamiyatga ega bo’lgan Mongentauning «kuchga ega bo’lish va zarur bo’lganda uni ishga solish davlatning birlamchi milliy manfaatidir» degan tezisi 1950 va 1960-yillar olimlar avlodiga va umuman ilmiy izlanishlar taraqqiyotiga chuqur ta‘sir o’tkazdi. «Kuch – davlat xulq-atvorida markaziy harakatlanuvchi vosita» sifatida talqin qilingan milliy manfaat Morgentau uchun boshqa omillar (asosan tamoyillar va ma‘naviy qadriyatlar siyosatni ishlab chiqish jarayonida asosiy o’rinni egallashi mumkin degan tushuncha)ni hisoblamagan holda obyektiv va iqtisodiy o’lchamga ega edi, ya‘ni bu prinsiplar yoki ma‘naviy qadriyatlar siyosatni belgilashda ustivor rol o’ynashi va bunday rol qonuniy ravishda kuch ishlatishga tengdir. Mohiyatan milliy manfaat g’oyasining ildizida milliy xavfsizlik yotadi. Bunda davlat himoyasi va hududiy yaxlitlikni saqlash muhim omillardan hisoblanadi. Boshqa barcha siyosiy afzalliklar shularga bo’ysunishni anglatadi. Hayotiy muhim bo’lgan manfaatlar tushunchasi davlat barqarorligi uchun asosiy ahamiyat kasb etuvchi muhim masalalarni bildiradi. O’ta muhim manfaatlarni himoya qilish va qo’llab-quvvatlash uchun xatto harbiy kuch ishlatilishi ham mumkin. Shunga qaramay, hayotiy ahamiyatga ega bo‗lgan manfaatlar faqat milliy saqlanish masalalari bilan bog’liq bo’lmasligi mumkin. Masalan, Vetnam urushi AQSHning hududiy milliy yaxlitligiga hech qanday tahdid qilmagan holda ba‘zi bir ma‘muriyatchilar tomonidan hayotiy muhim manfaat deb topilgan. Boshqa qarashlar esa, undan yuqori ahamiyatga ega – qulay dunyo tartibi va muvozanatini o’rnatish, iqtisodiy barqarorlik, g’oyaviy tamoyillar, qo’llab-quvvatlash kabi tushunchalarni o’z ichiga oladi. Mana shu barcha oddiy va murakkab tushunchalar bir vaqtning o’zida qaror qabul qilishda boshqa barcha omillar orasida muhim o’rin egallashi mumkin. Manfaat tomonidan keltirib chiqarishi mumkin bo’lgan turli darajadagi taranglik holatining modellari va matritsalarini ishlab chiqishga qaratilgan barcha harakatlarda (xoh u saqlanish, xoh u hayotiy muhim, xoh umumiy yoki ikkinchi darajali xususiyatlarga ega bo’lsin) subyektivizm ustunlik qiladi. Bir tomon uchun ikkinchi darajali bo’lgan manfaat ikkinchi tomon uchun hayot-mamot masalasi bo’lishi mumkin. Ushbu konsepsiya tashqi siyosat tadqiqotida asosiy faktor bo’lib, siyosiy tafakkurda ishlatilaveradi. Lekin ilmiy izlanish quroli sifatida uning imkoniyatlari cheklangan.