MENTALITET
MENTALITET (lot. mentalis – aqliy) — ayrim kishi yoki ijtimoiy guruhga xos aqliy qobiliyat darajasi, ma’naviy salohiyat. Jamiyat, millat yoki shaxsning Mentaliteti ularning o’ziga xos tarixiy an’analari, urf-odatlari, diniy e’tiqodini ham qamrab oladi. Har bir millatning Mentaliteti uning tarixi, yashab turgan shart-sharoiti, ijtimoiy faolligi va boshqa bir qancha omillar bilan bog’langan bo’ladi. Masalan, o’zbek millati Mentalitetining shakllanish jarayoni deyarli uch yarim ming-yillik tarixga ega. O’zbek xalqi insoniyat moddiy va ma’naviy madaniyatini bebaho durdonalar bilan boyitgan. Uning Mentaliteti, aqliy qobiliyati o’tkirlashib borgan. Ammo XVI-XX asrlar oralig’ida turli istibdod va mustamlakachilik zulmini boshidan kechirganligi tufayli milliy Mentalitetiga jiddiy putur yetdi. Mustaqillik mafkurasi oldida o’zbek xalqining haqiqiy Mentalitetini tiklash vazifasi turibdi.